Joriy yilning 28 oktyabr kuni Afg‘onistonning shimolidagi Jauzjon viloyatida yashovchi ayol xususiy shifoxonada olti nafar egizakni dunyoga keltirdi. Bu haqda “Amu TV” xabar berdi.
Yangi tug‘ilgan olti nafar chaqaloqning to‘rt nafari qiz va ikki nafari o‘g‘il bo‘lib, viloyat markazi Shibirg‘on shahridagi Shukran xususiy shifoxonasida dunyoga kelgan.
Tibbiyot muassasasining direktori Kozim Siddiqiyning aytishicha, chaqaloqlar va onaning ahvoli barqaror. Shifokorlar esa go‘daklarning sog‘lig‘ini qoniqarli deb baholagan.
Eslatib o‘tamiz, 7 avgust kuni Toshkent viloyatining Toshkent tumanida 23 yoshli ayol 4 nafar egizakni dunyoga keltirgandi. Respublika perinatal markazida chaqaloqlarning sog‘lom tug‘ilishi uchun barcha zarur shart-sharoit hozirlanib, kesarcha usulida, asoratsiz tug‘ruq amaliyoti natijasida 1622 grammlik bir nafar o‘g‘il, 1330, 1510 va 1370 grammlik uch nafar qiz chaqaloq dunyoga kelgan.