Abant ko'li tabiat parki – Bolu

Turkiyaning turistik joylarga boy ekanligi allaqachon o’z isbotini topgan. Siz bilgan Maryam ona ibodatxonasi, Kapadokya yoki Antaliya viloyatining ko’zga ko’ringan plyajlaridan tashqari 81 ta viloyatga bo’lingan Turkiyada boshqa siz bahramand bo’lishingiz mumkin bo’lgan ko’plab turistik maskanlar bor. Ulardan biri esa mo’jaz Bolu viloyatida joylashgan ko’l va o’rmonlarni o’zida mujassam qilgan “kamtargina” Abant ko’li tabiat bog’idir. Keling, ushbu ko’rkam turizm go’shasi bilan yaqindan tanishamiz.

Abant ko’li Bolu viloyatidan 34 kilometr janubi-g’arbda Abant tog’larida hosil bo’lgan krater va suv ombori ko’lidir. Park hududida balandligi 1400 metrdan 1700 metrgacha bo’lgan ko’plab tepaliklar mavjud. Abant ko’li yilning har oyida o’ziga xos maftunkor go’zalligini saqlab turadi. Abant juda mashhur dam olish markazi bo’lib, u har kuni diqqatga sazovor joylarni tomosha qilish va bu yerda kemping uchun kelgan turistlar uchun ochiqdir. Ko’lning maydoni 127 gektarni va dengizdan balandligi 1328 metrni tashkil qiladi. U yer osti suvlari bilan oziqlanadi. Uning chuqurligi esa 18 metr. Abant ko’li va uning atrofi o’simliklarga boyligi hamda ochiq havoda dam olish imkoniyatlari tufayli 1988 yilda 1196,5 gektar hudud “Tabiat bog’i” sifatida muhofazaga olingan. Abant ko’li turli xil o’simliklar va hayvonot dunyosiga juda boy. Qarag’ay, olxa, eman, terak, kul, qayin, tol, archa, tamarisk, findiq, medlar, romashka, do’lana, gulxan, atirgul, paporotnik, qoraqarag’ay, qulupnay, yalpiz, malina, pechak, qichitqi o’ti, ot dumi o’tloq o’tlari esa asosiy daraxt va butalarni tashkil qiladi. Abant ko’lining chetlari turli xil suv o’simliklari va suv zambaklari bilan to’la.

Kichik taroqli salamandra, Abant gulmoxi balig’i va Abant findiq sichqoni kabi noyob hayvonot dunyosi namoyondalari bu yerda uchraydi va endemik turlar hisoblanadi. Baliq ovlash ishqibozlari yilning ma’lum vaqtlarida belgilanadigan to’lov evaziga qarmoq bilan baliq ovlashlari mumkin. Ko’l bo’ylarida suv qunduzini ham uchratish mumkin. Ko’l atrofidagi o’rmonlarda tulki, shoqol, bo’ri, ayiq, to’ng’iz, bug’u, elik, quyon, olmaxon, yumronqoziq kabi yovvoyi hayvonlar: suv qushlaridan, yovvoyi g’ozlar, yovvoyi o’rdaklar, turna, yirtqichlardan esa – lochin, qora grif, qoya burguti, kalxat, boyqush, shuningdek boshqa qush turlaridan: lark, alabak, qora lochin, qoratovuq, bulbul va ispinoz kabi jonzotlarni ko’rishingiz mumkin.

Bu yerda qanday turistik mashg’ulotlar qilishingiz mumkin?

Maydoni 7 km bo’lgan va yilning har oyi turli xil go’zal manzaralarga ega Abant ko’lida amalga oshirilishi mumkin bo’lgan mashg’ulotlar orasida Abant tabiat bog’iga kiraverishda tashrif buyuruvchilar uchun bepul ma’lumot markazi xizmati mavjud bo’lib, tabiat muzeyiga tashrif buyurish, ko’l atrofida piknik, kemping, baliq ovlash, velosipedda sayr qilish, va otda sayr qilishingiz hamda Chepni platosida paraplanda uchish kabi hayajon ulashuvchi mashg’ulotlarni sanab o’tish mumkin.

Bu yerga tashrif buyurganda nima yeyish kerak? Esdalik xadyalar bormi?

Ushbu tabiat bog’idagi savdo yo’laklarida viloyatda ishlab chiqarilgan suvenirlar va mahalliy oshxonaga oid O’rman kabobi, Yayla sho’rvasi, Ekmek oshi, Ho’shmerim shirinligi va Karavul sharbati kabi mashhur taomlar sotilmoqda. 22 kilometrlik Abant yo’lida faqatgina bu ko’lda topiladigan gulmoxi balig’i pishiriladigan restoranlar, sujukli (kolbasa turi) non shoxobchalari bor.

Bu yerga qanday tashrif buyurishingiz va qaerda qolishingiz mumkin?

Avvalambor, bu shaharga samolyotda Istanbul shahridan Boluga doimiy safarlar mavjud bo’lib, shuningdek shaharlararo avtobus qatnovlari ham yo’lga qo’yilgan. Bolu va Abant ko’li atrofida 2 ta 5 yulduzli turar joy, «bungalov» tipidagi uylar, lager va sayr qilish joylari hamda restoranlar mavjud. Abant yo’lida motellar va pansionatlar ham bor. Bu yerdagi kemping uchun maxsus maydonchalarda mahalliy va xorijlik sayyohlar chodirlar qurib, ham pul tejashadi, hamda Abantning tabiiy manzarasidan bahramand bo’lishadi.