O’zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Ozarbayjon davlat turizm agentligi hamkorligida tashkil etilgan info-tur munosabati bilan bir guruh o’zbekistonlik jurnalistlar Ozarbayjonning madaniyati, tarixiy va madaniy ob’yektlari, qolaversa, urf-odati, an’analari bilan yaqindan tanishish maqsadida mazkur davlatda bo’lishdi.
Bizning navbatdagi eng muhim manzilimiz shaharning tarixiy qismi — Icheri Sheher bo’ldi. Xalq orasida ko’pincha Gala (qal’a) deb ataladigan bu maskan Bokuning yuragi hisoblanadi.
Qal’a devorlari bilan o’ralgan hududda VIII—XI asrlarda savdo-sotiq, hunarmandchilik, madaniyat yaxshi rivojlangan. XV asrda Shirvonshoh o’z qarorgohini Shemaxidan Bokuga ko’chirib o’tgach, Icheri Sheher yanada markazlashdi. 1747 yildan 1806 yilgacha asosan Icheri Sheherda joylashgan Boku Boku xonligining poytaxti bo’lgan. Bokuni ruslar egallab olganidan so’ng 1806 yilda va ayniqsa neft qazish avjiga chiqqanidan keyin XIX asr o’rtalarida va XX asr boshlarida Boku shiddatli ravishda kengaya boshladi va Icheri Sheher qal’a devorlaridan tashqarisiga chiqdi. 221 ming kvadrat metrni tashkil qilgan, atrofi qal’a devorlari bilan qurshab olingan qadimiy bu maskanda ayni damda mingdan ortiq oila istiqomat qiladi.
Qal’a ichini aylanar ekansiz, ko’chalarining ba’zi joylari keng, o’rtacha, ba’zilari esa juda tor va past-baland ko’rinishda ekanini ko’rasiz. Ko’chalar bo’ylab joylashgan do’konlarda Ozarbayjonning xilma-xil milliy hunarmandchilik mahsulotlari sayyohlar va mahalliy aholi e’tiborini jalb qilib keladi. Agar siz ilk bor borayotgan bo’lsangiz, biror yo’lboshchi bilan aylanmasangiz adashib qolishingiz hech gap emas.
Maydoni 22 gektardan iborat Icheri Sheher hududida yuzlab tarixiy yodgorliklar mavjud. Ulardan 28 tasi davlat darajasidagi, 3 tasi dunyo miqyosidagi ahamiyatga ega.
AFSONAVIY QIZ MINORASI
Dunyoda minoralar ko’p va ular haqida turli afsonaalar ham mavjud. Parijda Eyfel minorasi, Londonda Big Ben, Hindistonda Toj Mahal, Afinada Akropol, Buxoroda Minorai Kolon bo’lsa, Bokuda esa Qiz minorasi bor. Qiz minorasi haqida tarixiy manbalarda juda ko’p afsonalar mavjud. Keltirilgan manbalarga ko’ra, minora shunday qurilganki, monarxlar va ularning mulozimlari minora darvozalarini qulflab, uni uzoq vaqt himoya qilishlari mumkin bo’lgan. Qiz minorasidan Shirvonshohlar saroyiga yashirin yerosti yo’lagi mudofaa nazariyasiga qo’shimcha ahamiyat beradi.
Ba’zi olimlarning fikriga ko’ra, bu nom qadimgi qabilalarning diniy e’tiqodlari bilan ham bog’liq. Deva (qiz) atamasi zardushtiylarning “Avesto” kitobida nomini olgan suv ma’budasi Anaxitaning belgisidir. Islom davrida bu ibodatxonalar diniy ahamiyatini yo’qotib, shunchaki mudofaa istehkomlariga aylandi. Biroq uning nima uchun nima maqsadda qurilgani haqida haligacha aniq to’xtamga kelingani yo’q. Qiz minorasiga havodan qarasangiz, uning buta shakliga ega ekanligini ko’rishingiz mumkin, bu minorani Bokuning milliy ramziga aylantirgan.
“ChYoRT POBERI”…
Mashhur «Brilliant qo’l» filmining ko’plab epizodlari Icheri sheher ko’chalarida olingan. Hozirda birgina shu sabab bilan sayyohlar bu joyni atay qidirib kelib, filmdagi kabi suratga tushib ketishadi. Ayni paytda film olingan joyda kinoning o’sha lavhalari aks etgan surat qo’yilgan, kinoda aks etgan xona esa sayyohlar uchun do’kon vazifasini bajarmoqda.
ENG MITTI KITOBLAR…
Icheri Sheherning har bir ko’chasi sayyohlar uchun qiziq. Qal’a ichining tor ko’chalaridan o’tib borar ekansiz Miniatyura kitob muzeyiga ko’zingiz tushadi. Muzeyning o’ziga xosligi shundaki, unda dunyoning eng kichik hajmdagi kitoblari yig’ilgan. Bu yerda hatto hajmi 1 mm. ham chiqmaydigan nanokitoblar bor ekan. Ma’lumotlarga ko’ra, ayni paytda muzeyda 83 davlatdan 6 mingga yaqin kitoblar jamlangan. 26-javonda esa aynan O’zbekistonga tegishli bo’lgan o’zbekcha kitoblarni uchratasiz. Alisher Navoiy, Zulfiya, Furqat va boshqalar ijodlari, O’zbekiston davlati va mustaqilligi haqida va Birinchi Prezident I.A.Karimov kitobi ham o’rin olgan. Muzey mitti kitoblarining ko’pligi xususiyatiga ko’ra Ginnes rekordlari kitobiga kiritilgan.
Xullas, Siz Icheri Sheherda vaqtingiz qanday o’tganini bilmay qolasiz, Qal’ani bir kun aylansangiz ham zerikmaysiz. Darhaqiqat, uning o’ziga xosligi xalqaro e’tiroflarga ham sazovor bo’lgan. 1977 yilda Icheri Sheher majmuasi tarixiy-me’moriy qo’riqxona maqomini oldi, 2000 yil dekabr oyida esa Qiz minorasi Shirvonshohlar saroyi bilan birgalikda YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro’yxatiga kiritilgan.
Farida Egamberdiyeva,
Toshkent-Boku-Toshkent