Xitoyning Uxan shahridagi olimlar amerikalik hamkasblari bilan birgalikda 2018 yilda Xitoy ko’rshapalaklari populyatsiyasiga koronavirusning tarkibi o’zgartirilgan zarralarini yuqtirmoqchi bo’lgan. Bu haqda COVID-19 kelib chiqishini aniqlash uchun butun dunyo olimlari tomonidan tuzilgan tadqiqot guruhi — Drastic’ga kelib tushgan hujjatlarga asoslanib, Daily Telegraph xabar berdi. Hujjatlarning haqiqiyligini AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining sobiq amaldori tasdiqlagan.
Hujjatlar olimlar tomonidan grant olish uchun topshirilgan ariza bilan bog’liq. Tadqiqotchilar g’or ko’rshapalaklariga koronavirusning «yangi kimerik uchli oqsillari»dan iborat nanozarralar va aerozollarni ularning terisi orqali yuqtirishni rejalashtirgan. Olimlar shu yo’l bilan odamlarga yuqadigan kasalliklarga nisbatan ko’rshapalaklarda immunitet hosil bo’lishiga umid qilgan.
Nashrning yozishicha, mutaxassislar koronavirusni shunday o’zgartirmoqchi bo’lganki, natijada u nazariy jihatdan olib qaraganda, inson organizmiga osonroq moslashgan bo’lardi. Tadqiqotda koronavirusning xavflilik darajasi yuqori bo’lgan tabiiy shtammlarini yanada yuqumliroq, ammo xavflilik darajasi kamroq navlar bilan aralashtirish rejalari bo’lgan.
Olimlar o’z maqsadlarini amalga oshirish uchun AQSh Mudofaa vazirligining ilg’or tadqiqot loyihalari boshqarmasidan (DARPA) 14 million dollar so’ragan. Arizani Amerikaning EcoHealth Alliance tashkiloti vakili, britaniyalik zoolog Piter Daszak topshirgan. Ushbu tashkilot Uxan virusologiya instituti (WIV) bilan yaqindan hamkorlik qilib, ko’rshapalaklar koronavirusini tadqiq qiladi. Daszakning guruhiga WIV tadqiqotchisi Shi Chjenli, shuningdek, Shimoliy Karolina universiteti va AQSh Geologiya xizmati milliy yovvoyi tabiat salomatligi markazidan amerikalik olimlar kirgan.
AQSh Mudofaa vazirligi loyihani moliyalashtirishdan bosh tortgan. «Piter Daszak boshchiligidagi loyiha mahalliy aholiga xavf tug’dirishi mumkin», — deyiladi vazirlik xabarida.
May oyida The Wall Street Journal Uxandagi Xitoy virusologiya institutining kamida uch nafar olimi 2019 yil noyabrida, koronavirus haqida ilk ma’lumot paydo bo’lishidan avvalroq og’ir kasallangani haqida yozgandi. Gazeta ta’kidlashicha, bu ma’lumot virusning sun’iy kelib chiqishi haqidagi gipoteza foydasiga guvohlik berishi mumkin.
Xitoylik olimlar koronaviruslar va boshqa patogenlarni o’rganadigan laboratoriyada ishlagan. Noyabrda ular bir vaqtning o’zida ham COVID-19, ham oddiy mavsumiy O’RVI (o’tkir respirator virusli infeksiya) belgilariga o’xshagan simptomlar bilan shifokorlarga murojaat qilgan.