2018 yilning 31 yanvar kuni Oy tutilishi kuzatiladi. Gap «Super Oy» va uning to’liq tutilishi haqida ketmoqda. Bu ikki hodisaning bir paytga to’g’ri kelishi oxirgi marta 1866 yilning 31 mart sanasida — salkam 152 yil oldin kuzatilgandi. Bu haqda «Futurist» ma’lumotiga asoslanib xabar.uz yozmoqda.
Bu paytda Yer, Oy va Quyosh bir chiziqda saflanadi. Moskva planetariysi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, hodisa Moskva vaqti bilan soat 14:48da boshlanib 18:11gacha davom etadi. To’lin Oy «Super Oy»ga aylanib Yer soyasiga tushib qoladi va tabiiy yo’ldoshning tutilishi sodir bo’ladi. Oyning ko’rinuvchi diametri 8 foizga kattalashadi, uning gardishi esa qizil-qo’ng’ir tusga kiradi. Bu paytda Yer va Oy o’rtasidagi masofa 358 994 kilometrni tashkil etadi.
Mutaxassislar Oy tutilishini Rossiya, Sharqiy Yevropa, Sharqiy Afrika, Osiyo, Avstraliya, Shimoliy Amerika va Tinch okeanida kuzatish mumkin, deyishmoqda.
Shu o’rinda eslatma, o’z elliptik orbitasi bo’ylab harakatlanayotgan Oy perigeyga yetgan paytda, ya’ni Yerga eng yaqin masofada joylashganida to’lishsa «Super Oy» deyiladi. Bu paytda u odatdagidan 30 foiz yorqinroq, 14 foiz kattaroq ko’rinadi va to’q sariq rangda namoyon bo’ladi.