Xiva xonining Angliya bosh vaziriga yozgan maktubi hijriy 1263 yilga tegishli bo’lib, unda ikki davlat o’rtasida do’stlik aloqalarini yanada mustahkamlash, savdo-sotiqni rivojlantirish va boshqa sohalarda hamkorlik qilish ifoda etilgan. Xon ushbu maktubni o’zining mulozim navkarlaridan bo’lgan Mahmud Niyoz orqali jo’natib, navkar Angliyaga qaysi davlatlar orqali borishi ma’lum qilinib, shu davlatlar mulozimlaridan navkarning bexavotir o’tishligini xon iltimos qilgan. Forsiy tilda bitilgan bu maktubni o’rgangan amerikalik bir sayyoh, bu hujjat uchun 100 ming dollar taklif qilgan edi. Lekin bu bebaho hujjat bo’lgani uchun shu yerda saqlanmoqda.
Bu O’zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi sharqshunosi Dilshod Vahobovning “Xiva xonligi arxiv hujjatlari” nomli fondda saqlanayotgan malumotlar haqidagi fikrlari edi.
Ayni vaqtda mazkur fondda saqlanayotgan noyob hujjatlar 1 ming 268 yig’majilddan iborat bo’lib, ularda hammasi bo’lib, 83 ming 551ta hujjat mavjud. XVII asr oxiri – XIX asr boshlaridagi Xiva xonligida davlat boshqaruvi, xonning yorliqlari, xalqaro diplomatik aloqalar, xodimlarni mansabga tayinlash, oddiy fuqarolarning xonga to’g’ridan-to’g’ri murojaati, yer hosilining hisob-kitobi, soliqlar va zakot haqidagi ma’lumotlarni o’zida qamrab olgan.
manba: uza