Yangi yil yaqinlashdi deguncha xomush tortaman. O’n yildirki, ahvol shu! O’n yil… aytishga oson! Tubsiz jardek oxiri ko’rinmayotgan ilmiy ishim shuncha vaqtdan buyon achchiq ichakdek cho’ziladi: yo men mardlarcha qo’l siltab undan voz kechaman, yo u nomard meni qo’yib yuboradi. Shunday bo’lgach, meni g’am bosmay, sizni g’am bossinmi? Cho’zilishiga sabab esa… E, o’sha kunning padariga mingdan-ming la’nat!
… Diplomni qo’ltiqlab, ilmiy tekshirish institutiga kelgan jo’jaxo’rozman: yurish — g’oz, turish — g’oz, salda «doktor nauk» bo’p qolsak, ana unda ko’rasiz — bizdan zo’ri bo’lmaydi, bu dunyoda!..
Lekin Yangi yil ziyofati jannatmakon orzularning beliga tepdi. Yo’qsa, yurardik do’ppini chakkaga qo’ndirib, tarallabedod qilib, ko’chani egallab, davralarda savlat to’kib, birovga gap bermay, betashvish, beg’alva, oylik but, ko’ngil to’q, olimlik gashtini surib… Biroq «E, dunyoi qo’tir — bir tomoni cho’tir», deganlaricha bor ekan. Nasib qilmadi u kunlar…
O’sha kuni ishdan chiqib, hamkasblarim Obid mechkay, Tansiq tars-turs bilan aytilgan restoranga uzun-qisqa bo’lib, cho’zilishib kirib bordik. Garderobda bitta ham bo’sh ilgak yo’q. Amallab paltomni bir ilgakdagi kiyim ustiga, telpakni boshqasiga qo’ndirdim. O’tirishimiz bilan kosagul kechikkanlarga «shtraf» deb bizni siylay ketdi. Bir vaqt kayfi oshgan Obid mechkay besh yilda, Tansiq tars-turs ko’zlarini suzib, uch yilda yoqlab tashlayman, deb gupira boshlashdi. Bu gaplardan ensam qotib o’tirgandim Tansiq biqinimga sekin turtdi. «Ketdikmi? Zalda bizu Mohir akamlar to’pi qopti, xolos. Mohir aka domlamiz, undan keyin qolsak, uyat!» Turdik. Ilgakdan amallab paltomni topib kiydim, lekin telpak qurmag’ur yo’q: shu izlayman, na ilgakda ko’rinadi, na yeru ko’kda… Yaxshi tanirdim — talabalikdan yodgor arzon-garov, quyonjun, asli qoramtir bo’lsa-da, sarg’ayib, chetlari yaltirab qolgan bechorahol telpak edi u. Kelib-kelib «Kambag’alni tuyaning ustida it qopib» shu kamtarin telpakka xaridor chiqqanini! Sheriklarimga aytsam, kulishadi, shunday ketvoray desam, tashqari sovuq — chaqadi, olimlikka da’vogar boshni asrash kerak. Tag’in Toshkentda musofirmiz, oylik ham haminqadar. Ammo menikini kiygan odam o’zinikini qoldirgandir. Axir shu qahratonda kim betelpak yuradi?! Ana, ilgakda uch-to’rttasi turibdi-ku! Ko’pi menikidaqa: quyonjun. Tavakkal… Shartta biriga qo’l cho’zdim. Kiysam, sal kattaroq, almashtiray desam, shubha tug’iladi.
Xullas, o’sha kuni sovuq zo’ridanmi yoki begona telpak yotsirab, bizning boshni himoyalagisi kelmadimi, shamollab qoldim. Hafta o’tib, ishga bordim. Xonaga kirgan zahotim Obid mechkay sog’lig’imni so’rash o’rniga pishillab oldimga kelib:
— Ish chatoq! — dedi.
— Nega?
— Yangi yil o’tirishidan buyon shefning kayfiyati yo’q. Tepakalini qashiyverib, bor sochini ham to’kvordi.
— Tinchlikmi?
— Telpagi yo’qolgan. Siznikidan boshqa hamma borganlarning telpagini ko’rib chiqdi.
— Qanaqaydi telpagi? — dedim bo’shashib.
— E, qiziqmisiz, shuniyam so’raysiz-a. Ilmiy xodimniki qanaqa bo’lardi, siznikidaqa oddiy, quyonjun. Ko’rgansiz-ku!
— Xayriyat-e, oddiy ekan, men ondatrami debman.
— Ondatra bo’lganda melisaga xabar qilardi. Biroq oddiysi ham qishda topilmaydi. Keyin shefni bilasiz-ku, pishiq: bir tiyinni qirq joyidan tugadi. Boshiga ortiqcha sarflarmidi? Boshini avaylaganda sochi to’kilmasdi. Shu sovuqda yozgi shlyapada yuribdi.
Echinib, paltoni va telpakni burchakdagi ilgakka ildim. Shu payt xonaga Tansiq tars-turs kirib keldi. U haytovur so’rashdi-yu, so’ng to’g’ri borib, men yechgan telpakka qo’l cho’zdi. Uzoq aylantirib ko’rgach:
— Xuddi o’zi, — dedi.
— Valdirama, — dedim asabim qo’zib. — Odam odamga o’xshaydi-yu, bu telpak-a…
— Mana, bir qulog’ining tangadek joyidan juni ko’chgan, ikkinchisining ipida tuguni bor, aniq shefniki, o’lasiz endi!
— Almashgandir-da, — dedim hamon sir boy bermay.
Shu vaqt ostonada shefning o’zi ko’rindi: yalangbosh, tepakali yomg’irdagi chimsiz stadiondek yaltiraydi.
— Suyunchi bering, Mohir aka! — dedi Tansiq tars-turs qo’lidagi telpakni unga uzatib.
Shef telpakni olib, unga muloyim tikildi, keyin menga sovuq qaradi.
— O’zingizniki qani?
— O’sha kuni almashib qolibdi…
— Ko’zingiz qayoqda edi? Ko’z bo’lmasa, kallani ishlatish kerak!
Shef telpakni olib chiqib ketdi.
— Tamom bo’ldingiz, — bidirladi Tansiq menga qarab. — Mohir akam kekchi, kechirmaydi endi. Agar shu yerda yoqlayman desangiz, uzr so’rang. Lekin bilasiz, quruq gap quloqqa yoqmas…
— Men atay qilibmanmi?
— Baribir, — Obid mechkay gapga qo’shildi. — Tansiq to’g’ri aytyapti. Shu yerda yoqlayman desangiz, domlaning ko’nglini toping.
Xullas, ertalabdan yurakka chigil tushdi. Tushlikka birga borgan bo’lsak-da, domlam menga bir og’iz gapirmadi. Bu ketishda rostdan ham ishlar chigallashadi, chamamda… Tushdan keyin sekin Tansiqqa yorildim.
— Oldiga kiring! Telpak va’da qiling, yaxshirog’idan, masalan, ondatra.
Uning maslahati shu bo’ldi.
Yuragim duk-duk urgancha shefning xonasiga kirib bordim.
— Kechiring, domla, — dedim u o’tirgan stolga yaqinlashib, — siznikiligini bilmabman, o’lay agar.
— Ko’z nimaga berilgan? Yoki po’stakning yirtig’imi u?
— Kechiring…
Shef indamadi. Badanimni muzdek ter bosdi. Tansiqning gapini esladim.
— Sizga Xudo xohlasa, bitta quling o’rgilsin ondatra telpak mendan sovg’a. Tuman hokimiyatida akam ishlaydi, — dedim o’z yolg’onimdan o’zim o’ng’aysizlanib.
— Sovg’amish… — shef qosh chimirdi. — Boshimdagini qayta olib qo’ymasangiz ham katta gap. Ko’ramiz hali…
Xonaga qaytdim. Tansiq bilan Obid mechkay shiraga yopishgan pashshadek yo’limni to’sishib, so’roqqa tutishdi. «Nima bo’ldi? Kechirdimi?»
— Bor gapni aytdim.
— Kechiradi. Endi bu yog’iga astoydil ondatrani qidiravering, — dedi Tansiq tars-turs.
— Ish ham tezlashadi, — fol ochdi Obid mechkay.
Lekin shu-shu shef bilan oramiz ilimadi. Yozgan maqolasiga Obidni qo’shadi, Tansiqni qo’shadi, biroq menga churq etmaydi. Men yozsam, uch-to’rt oysiz ko’rib bermaydi. Ko’rsayam u yog’ini o’poq deydi, bu yog’ini so’poq deydi. O’sha qahraton qishni boshyalang o’tkazib, ta’zirimni yeganim yetmaganidek, ishda ham mana shunaqa balolarga qolib o’tiribman.
Xullas, oradan o’n yil o’tdi. Obid yoqladi, Tansiq ham. Meniki esa hamon arosatda… Eslasam, yuragim siqiladigan bo’lib qoldim. Hammasiga boshdan-bosh o’sha yaramas telpak sababchi! Shuncha yil o’tibdi-ya! Har Yangi yil yaqinlashganda ondatrani o’ylayverib charchadim. Ammo u Zuhro yulduzidek olisda, sira yetishib bo’lmaydi. Axir kichik ilmiy xodimning oyligi o’zingizga ma’lum. Vafosiz pul esa va’dani puch qildi. Sira ortmaydi-ya! E, o’tgan yillar ichida qancha-qancha bitmagan ishlar bitdi — uylandim, kooperativ bo’lsa-da, shahardan uy oldim, yashash ham bir nav — maoshim yetmay, hozir ham uyatni uyaltirib uydan pul so’rayman. Peshonam sho’rroq ekan. Baribir, ming urinsam-da, mendan iqtisodchi chiqmadi — ondatraga orttirolmadim.
Mana, yana Yangi yil yaqinlashyapti, qani endi shu yilgi o’tirishda shefning rangi o’chib ketgan quyonjunini bilmasdan ondatraga almashtirib qo’ysam deyman. Shunda shef kechirardi va bu olam gulistonga aylanib, u yana bitta olim bilan boyirdi. E, xayol namuncha uchqursan-a! Shu uchqurligingga yarasha pishgan emas, xomxayol bo’lganingga o’laymi? Pul qani unga! Bevafo pul!
Ey, notanish do’stim, dardimni yolg’iz sizga aytdim. Mabodo shu ondatra pulini siz berib turolmaysizmi? Yoqlasam, albatta, qaytarardim, foydasini qo’shib… Agar ilmga ixlosingiz baland bo’lsa, shunday qiling! Manzilimni shu hangomani bosganlardan surishtirarsiz…
Adham DAMIN