Choponingga qo’ngan changni ko’rolsam ham,
Qolganlardan quyuqroq hol so’rolsam ham,
G’azabingni yomon tushga burolsam ham,
Senga he-ech do’st bo’lolmadim, jon jo’rajon.
Boysan dedim, boylar tomon chopaverding,
Naq enasi o’pmaganin o’paverding,
Ikkiyuzlamachidan do’st topaverding,
Senga he-ech do’st bo’lolmadim, jon jo’rajon.
U men emas, o’zgaga ham moslashadir,
O’zga ila o’zga tilda so’zlashadir,
Keyin sen-la mushtlab-mushtlab mushtlashadir,
Senga he-ech do’st bo’lolmadim, jon jo’rajon.
Zamon zayli. Yo’qlaganni yo’qlaydirsan,
Xushomadin qalb to’ringda saqlaydirsan,
Do’qlasang-da, faqat meni do’qlaydirsan,
Senga he-ch do’st bo’lolmadim, jon jo’rajon.
Chidayman-da, mengayam tong otib qolar,
Oymomajon bag’irchamga botib qolar,
Bozorchilar qo’shimcha yuz sotib qolar,
Senga he-ech do’st bo’lolmadim, jon jo’rajon.
Olimjon HAYIT
loading…