XASTAXONA HANGOMALARI…

 

Ko’pchilik kasalxona jonlantirish bo’limida faqat dahshat, qo’rquv, azob hukmron deb o’ylaydi. Balki bu to’g’ridir. Ammo men shu bo’limlarda yotib, boshqa narsaga guvoh bo’ldim. Jonlantirish bo’limlarida ham qiziq fe’l-atvorli, hazil-mutoyibaga o’ch bemorlar uchrab turarkan.

Eshitib ko’ring-a!..

 

«Hasadgo’y»

 

Kasalxona jonlantirish bo’limiga yotganimning ertasi kuni yonimdagi karavotga yoshi yetmishdan oshgan qariyani yotqizishdi. Qariya dastlab quruq salom-alik bilan cheklandi. Suhbat qurishga holi yo’qmi, sukut saqlayverdi. Oradan bir kun o’tibgina jonlandi. O’shanda hamshira mening qo’limga uch-to’rtta dori tutqazgan, bilagimga ikkita ukol qilib, shubhasiz, qariyaga ham dorilar berib, endigina tashqariga yo’nalgandi, qariya dast qaddini ko’tardi.

— Hay qiz, — dedi u labi uchib. — Nimaga bunga shuncha dori-ukol qilasan-u, menga atigi manavilarni berasan?

— Voy, doda, sizgayam berdim-ku! — kuldi hamshira. — Qancha kerak bo’lsa, hammasini oldingiz-ku! U kishining kasali boshqa, sizniki boshqa! Axir…

— E, yo’-o’q, — bo’sh kelmadi qariya. — Masalan, unga ikkita sariq dori berding, menga esa bitta. Ukol qilmading menga. Unga bo’lsa, ikkita ukol qilding!..

Hamshira qariyaning fe’lini yo tushunmadi, yo hazillashib, tinchlantirgisi keldi chog’i, kulimsirab so’z qotdi.

— Muncha hasadgo’ysiz, doda? — dedi kulishdan tiyila olmay. — Yomo-on hasadgo’y ekansiz-a!?.

— Ie, hali meni hasadgo’y dedingmi? — qariya to’satdan o’rnidan turdi. — Qani, katta do’xtiringni chaqir buyoqqa! Nega qaqqayib turibsan? Chaqir dedim!

Xullas, otaxon shu kuni rosa to’polon ko’tardi. Na iloj? Bemor-da! Uning talabi bilan sariq dorini ikkitalashtirishdi, bilagiga ham ikkita ukol qilib qutulishdi.

 

Qarib quyulmagan qariya

 

Shifoxonada yotgan kunlarimning birida yana bir qiziq voqea sodir bo’ldi. Oltmishni urib qo’ygan palatadoshim olis qishloqlik Sariboy og’a juda qaysar chiqib qoldi. Ertalab to’ladan kelgan hamshira qiz bilagiga osma ukol uladi. Uyoq-buyog’ini ko’zdan kechirib, endi ketmoqchi bo’lgandi, Sariboy aka to’xtatdi.

— Nimaga doring sekin oqyapti? — to’ng’illadi hamshiraga. — Nima, uzzukun shu osma ukolingga tikili-ib yotamanmi? Tezlat!

Hamshira yelka qisgancha dori tezligini oshirdi va tashqariga yo’naldi.

— I-i-i-i-i!!! — daf’atan hamshiraning bilagiga chang soldi Sariboy og’a. — Yuragimni yomon qip qo’yding-ku! Menda qasding bormi? Sekinla-at!

Xullas kalom, haqiqiy hangoma shundan keyin boshlandi. Sariboy og’a hamshirani sira chiqib ketishga qo’ymasdi.

— Nimaga ukolingning ichagi noto’g’ri osilib turibdi? Padar qusur ignang bilakka botib ketdi-ku, shayton qiz! Nimaga yelim qog’oz tukimni yulvolay deyapti?..

Hamshira nima qilishni bilmasdi. Qancha harakat qilmasin, keksa bemorni tinchlantirishga yo’l topolmasdi. Bir mahal Sariboy og’a kutilmaganda taklif kiritib qoldi.

— Hoy qiz, — dedi u. — Kaftingni kaftimga bos!

Hamshira shundoq ham yig’lab yuborgudek ahvolda qolgandi. Shu bilan qutulaman deb o’yladimi, kaftini Sariboy akaning qo’liga bosdi.

Bilmadim, balki voqea boshqacharoq tugashi, hamshira emin-erkin boshqa ishlarini davom ettirishi mumkin edi. Tag’in Sariboy og’a chirishni buzdi.

— Muncha qo’ling issi-iq? — beo’xshov kulib igna sanchilmagan qo’lini uzatib, qizning kaftiga qo’ydi. — Kampirimning qo’li muzga o’xshaydi, hi-hi-hi!!!

— He basharangiz qursin, qarib quyulmagan chol! — Hamshira Sariboy akaning bu munosabatidan so’ng qo’lini shartta tortib oldi-yu, zarda bilan tashqariga chiqib ketdi. Qariya esa hanuz xunuk kulib bosh silkitar, ochig’i, bu qilig’i menga yoqib tushmagan bo’lsa-da, o’zim sezmagan holda kulgisiga jo’r bo’lardim.

 

Askiya

 

Yana qaysidir kasalxonaning og’irxonasiga olib kelib, ukol-dorilar bilan «siylashgach», hiyla o’zimga kelib boshimni ko’tardim. Yurak og’rishdan to’xtamasdi. Vey, jon og’riyversa, odam akademik bo’lib ketarkan. Bunday paytda faqat bittagina ukol yordam berishi mumkin. Aksiga olgandek, shu kecha qaysarroq vrach yigit navbatchilikda ekan. Aylanib palataga kirib qolgandi, tavakkal uni chaqirdim.

— Ho’v, ukam, og’riq to’xtamayapti-ku! Og’riqni qoldirmaysanmi?

— Hozir o’tib ketadi, — dedi vrach yigit menga sovuq ko’z tashlab. — Dorilar ta’sir qilsin!

— Bilasan-ku menga nima ta’sir qilishini! O’shaningdan bir donasini opkeltirsang-chi!

— Yo’q, mumkinmas! Ahvolingiz ja unaqa og’irmas!

Qarasam, sira ko’nadigan emas. Shu tobda qachonlardir o’zim eshitgan askiya esimga tushib ketdi. Shaytonim tutib, qorong’ilikda vrachni yonimga chorladim.

— Hay ukam, buyoqqa kel, — shivirladim unga. — Kela qolsang-chi!

Vrach menga yaqin keldi.

— Quloqni yaqinroq opkel! Qulog’ingni tut dedim!

Vrach qulog’ini og’zimga yaqinlashtirdi.

— O’sha ukolingdan bittasini opkeltiraqol! — yana shivirladim men. — Oxiriyam bir kuningga yarab qolarman!

— Nima?

— Oxiriyam bir kuningga yarab qolarman!

Vrach bu gapimni eshitgach, ensasi qotgancha, qaddini tikladi.

— Namuncha qo’rqitasiz? Prokurormisiz?

— Quloqni opkel yana, — dedim kulgim qistab. — Kimligimni aytaman!

Vrach yigit uf tortgan ko’yi qaytadan qulog’ini og’zimga to’g’riladi.

— Men qabristonda go’rkov bo’lib ishlayman!..

Shunday dedim-u, boshimni nari oldim.

Ishoning, askiyanamo gapim shunday qaysar vrachga ham ta’sir qildi, ha! Avval jiddiy menga qarab turdi-yu, birdan kulib yubordi.

— Yomonsi-iz, oka, yomonsi-iz! — degancha ko’rsatkich barmog’ini silkita-silkita palatadan chiqib ketdi. Xayriyat, esimga tushgan o’sha askiya zoe ketmabdi. Birpasdan keyin o’sha o’zim so’ragan dorini hamshira olib kirib bilagimga ukol qildi.

Olimjon HAYIT