TILPON BOVA…

Men chayirman
 

Dunyoga kelganimda simdor, qari tilpon buvalar hayratdan yoqa ushlashgan. Egalari ko’z tegmasin deyishganmi, yo azbaroyi hayron qolishganidanmi, tilpon buvalarning ichiga tuflab ham qo’yishgan…

Ha-a, bir paytlar ja ko’rkam, baquvvat, chayir yigit edim. Uncha-munchasiminan gaplashmasdim. Faqat kattakon-kattakon okaxonlarning qo’yin cho’ntagida yurardim. Hech qachon och qolmasdim. Okaxonlar havasga qornimni to’ydirishar, to’yganimni ko’rgach, xuddi yosh boladek qarsak chalib yuborishardi. Simdor otaxonlar eslarigayam kelmasdi.

Afsus, yillar, oylar o’taverdi. Meni Tilpon bova deb chaqiradigan bo’lishdi. Ustimdan ohorim ketdi, bosh kallaklangan tutday kallandi. Asta-sekin nazardan qola boshlaganimni sezdim. Qadring pasaygani sayin hech kim mensimay qo’yarkan. Dumdor qari tilpon buvalarning qarg’ishiga qoldimmi, bilmadim, xo’jayinlarning erkatoylari qancha meni devorga qarab irg’itishdi, tepishdi, bir-birlarining alamlarini mendan olishdi. Ammo qilt etmadim. Chayirligim pand bermadi. Nari borsa, qorinbog’im otilib ketdi…

E, hozir ham uncha-munchasiga so’z bermayman. Xohlagan tilponingizni chaqiring, mushtlashmasam, bir yerim darz ketsa, erkak emasman!

Eh, bolam-a!..

Nolimayman, xudo menday g’aribni farzanddan qismagan. Lekin zamon ekan, bolalarim har yoqqa tarqalib ketishgan. «Mayli, — deyman o’zimcha. — Hozir tirikchilik qiladigan, yo’lini topib kun ko’radigan davr. Qayda bo’lishsayam eson bo’lishsin!..»

Faqat anavi Samsonboy o’g’lim juda qaysar, quloqsiz chiqib qoldi. Necha marta tayinlayman. «Ho’v bola, sal og’irroq bo’l, tag’in birov-yarim belingni sindirib qo’ymasin», deyman. Quloq solmaydi. Nimaymish, baribir zo’rlarning zo’ri bo’larmish. Hali o’zini u tusga soladi, bu tusga soladi, qaysarlanadi, xo’jayinlarning yo’liga yurmaydi.

— Bolam, — dedim bir kun ichim kuyib. — O’zing nozikroq, mo’rtroq tug’ilgan bo’lsang, xo’jayinning jig’iga tegsang, devorga bir uradi, abjag’ing chiqib ketadi. Sal o’zingni bosvol! Hech bo’lmasa, Aypongul opangdan o’rgansang-chi! Qara, o’ziga qarashniyam, ishlashniyam, birovlarning ko’ngliga yo’l topishniyam qotiradi. Yegani oldida, yemagani orqasida. Kamlik ham ko’rmaydi. Senga o’xshab qaysarlik qilmaydi, nima ish buyurishsa, qoyillatib bajaradi. Otaniyam unutvormaydi. Nima qilsin? Ishi mo’l, uzoq shaharlarda ko’p yuradi. Shundayam sim qoqib turishni kanda qilmaydi. Ana, farzand degan shunaqa bo’ladi, bolam!..

— E, men… — deb baqirdi Samsonboy tushmagur. — O’zim hammasini yomon qilvoraman…

Eh, nodon bola-ya, o’zini ne tusga solganminan, sakrab, irg’ishlaganminan, tilpon bir narsaga erishib qolarmidi!?. Qaysarlikni tashlasaykan!..

 
Yolg’izlik qursin!
 

Qaridayam qalb bor, otang aylansin! Qachonlardir «inastranka»ga uylanganman. Oti nimaydi-ya?.. «Pamit»im qursin, qarib miyam ham suyulib ketganmi deyman? Ha-a, Simins xonim deyishardi. Ikkovlashib, shuncha bolani dunyoga keltirdik. Tinmadik, ishladik, ter to’kdik, bir-birimizni qattiq yaxshi ko’rarkanmizmi, hech qachon ayrilmadik, bir-birimizga qattiq gapirmadik. Umri qisqaykan, erta o’lib ketdi rahmatli. Shundan beri esimga tushsa, alamim kelganidan allakimlarga baqirib tashlagim keladi, qimirlab-qimirlavorsam deyman. Kechalari adashib ko’zimni ochvorsam, Simins xonim ro’paramda turganday bo’laveradi. Iloyim, o’sha yoqlardayam omon yurgin, onasi!..

 
Beqadr
 

Ustimdan kulsangizam mayli, lokigin bolalarim beqadr chiqib qoldi. Mana, xastalanib yotib qolganimgayam ancha bo’ldi. Baraka topsin, xo’jayin shundayam meni tashlab qo’ymadi. Derazaning tokchasidan o’rin to’shab bergan. Gohi-gohida men tarafga achinib qarab qo’yadi. Shunda ko’nglim bo’shab ketadi, o’pkam to’ladi. Bolalari belimga chertib o’ynasayam indamayman. Shunisigayam shukr qilaman. Ularga qarab turib, Samsonboyim esimga tushadi. Bolasi tushmagur «Nima qilyapsan? Holing qanday? Bormisan-yo’qmisan?» demaydi-ya! Nuqul o’zi bilan o’zi ovora. Pulni pulga urishtirish, boylarni chuv tushirish, qo’pol bo’lsayam, aytaman, qiz-juvonlarga o’zini ko’z-ko’z qilishdan bo’shamaydi. O’ziga o’xshagan bir nechtasini jo’ra qilvolibdi. Yordamchiymish ular. Biri to’tiday sayrab, gapirib xo’jayinning ko’nglini ovlasa, boshqa birovi adashganlarga yo’l topib berarmish.

«Vey, jo’rangning o’zi yo’ldan adashib bo’ldi-ku, — degim kelib ketadi ba’zida. — Kimni aldayapsanlar? Tilpon degan shunchayam betayin bo’ladimi? Qay zamonda ko’rgansan yo’l topib bergan tilponni? Xo’jayiningning xudo bergan ikkita ko’zi bo’lsa! He qurib ketmagurlar! Qoch-e, bolamning miyasini zaharlama!»..

Qancha tavallo qildim, g’amigayam keltirmadi. Ahyon-ahyonda Samsonboyimni deraza yonidan kimningdir qo’lida o’tib ketayotganini ko’raman. Jigar ekan-da, bor ovozda baqirib chaqirgim keladi. Qani endi bu qizitaloq tovush chiqsa! Hatto chiyillashgayam qurbim yetmay bo’zraygancha qolaveraman.

Ko’z tegmasin, Aypongulimda insof bor. Qur-qur uzoqdan bo’lsayam hol so’rashni kanda qilmaydi. So’ragandayam, astagina, baqir-chaqir qilmasdan, muloyimlik bilan hol so’raydi qizalog’im. Dunyo kezgan-da!..

Ie, tag’in Samsonboyimni kimdir ko’tarvolibdimi? O’, ustiga allambalo choponlar kiydirib qo’yibdi. Uylanyaptimi nima balo? Mensiz-a? Tilponboy otaning duolarisiz-a?..

Esiz umr! Buni oyoqqa turg’azish uchun o’zimdan kechgandim-a! Otaman, axir, ota!..

Hay bachchag’ar, shu choponni kiyvolib ko’ngling hayitdagiday bo’ldimi? Otangsiz to’y qanday ichingga tushadi? Undan ko’ra, sho’rlik otangdan xabar olib tursang, shu choponni otangga kiydirsang, kal boshi osmon bo’lmasmidi?..

Ha mayli, bola-da, orzu-havaslari ko’p! Hali-veri bosar-tusarini bilmay o’tadigan ko’rinadi. Nom qozonish, qiz-juvonlarning ko’zini o’ynatishga mukkasidan ketibdi. Ishqilib, bo’lg’usi xotiniga to’zim bersin!..

Men g’aribni, baribir xo’jayindan qo’ymasin! Ajabmas, bir kun rahmi kelib meni yana qo’liga olsa, chang bosgan, kallaklangan tutday kal boshimni silay-silay, Samsonboynikidanam chiroyliroq, ohorliroq chopon kiydirib qo’ysa!

Duo qilardim, duo!

Olimjon HAYIT