1. Odamning dumi bo’lmaydi, maymunning shimi bo’lmaydi;
2. Ba’zi shofyorlarning o’pkasi bo’lmaydi, bo’lsayam qo’ltig’ida yuradi, yigitlarning yubkasi bo’lmaydi;
3. Oriq, yem tegmagan molning eti bo’lmaydi, bozorchining beti bo’lmaydi;
4. G’ishtli uyning xodasi bo’lmaydi, «lyuboy» ko’chada yurgan kuchukning dadasi bo’lmaydi;
5. Top-toza yerning sho’ri bo’lmaydi, shallaqi xotinning eri bo’lmaydi;
6. Makkapoyani shimib bo’lmaydi, yomon eshakni minib bo’lmaydi;
7. Yaxshi odamni aldasa bo’lmaydi, ba’zi do’konlarda kolbasa bo’lmaydi;
8. Xolvaytarning tuzi bo’lmaydi, tuhmatchining yuzi bo’lmaydi;
9. Xasis odam boy bo’lmaydi, Uychining avtobusida joy bo’lmaydi;
10. Bittalab yig’sang, tog’ bo’lmaydi, jinnixonada sog’ bo’lmaydi.
* * *
Jinnixonaga suratkash kepti. Jinnilar ur-to’polon baqir-chaqir qilib suratga tushayotganmish.
— Vey, meni olib qo’ying! Meni olmaysizmi?..
Suratkash hamma jinnilarni suratga olib bo’lgach, mundoq qarasa, bir jinni chekkada indamay turganmish. Suratkash so’rabdi:
— Oka, siz nega suratga tushmayapsiz?
— E, — debdi jinni. — Men bu yerda suratga tushmayman.
— Xo’p, qaerda tushasiz? Ko’rsating!
— Men hov anavi yong’oqning orqasida tushaman.
— Bo’pti, yuring, sizniyam suratga olsam olib qo’yay!
Jinni yugurib borib yong’oqning orqasiga turvolibdi. Suratkash hayron bo’lib baqiribdi:
— O’v, oka, chiqing! Nega yong’oqning orqasiga turvoldingiz? Ko’rinmayapsiz!
— Olaver!
— Ko’rinmayapsiz! Yong’oqdan boshqa hech narsa ko’rinmayapti!
— Ol degandan keyin olavermaysanmi?
Suratkash ham «Menga nima» debdi-yu, suratga olib jo’nab qolibdi. Uch kundan keyin suratlarni tarqatgani kelsa, yong’oqning orqasida suratga tushgan jinni hammadan ko’proq baqirayotganmish:
— Mening suratim qani? Suratimni ko’rsat!
Suratkash unga suratni ko’rsatibdi.
— Mana, yong’oqdan boshqa hech vaqo chiqmadi.
— Zo’r bo’pti-da, zo’r!
— Bu suratni nima qilasiz endi?
— Bunimi? «Paxan»imminan «Maman»imga yuboraman. Ular suratni oladi-da: «Ie, nega bu suratni yubordiykin? Yong’oqdan boshqa hech narsa ko’rinmayapti-ku! O’g’limizning o’zi qaniykin?», deb turganda, yong’oqning orqasidan chiqaman-u, «Vah» deb qo’rqitvoraman!
O. HAYIT tayyorladi