OQ QO'ChQOR MONOLOGI… (hajviya)

 

Enalik qilmagan enam-a!..

Enam qora qo’chqor bovaga ergashib ketib qolganda, men mittigina qo’zichoq edim. Qo’zichoq bo’lsam-da, o’shanda turgan yerimda depsinib-depsinib ma’ragandim. Ammo enam kerilgancha qora qo’chqor bovaning ortidan qolmadi. Odamlar esa negadir uni maqtashardi. «Qora qo’chqorni qaranglar, kelishgan, mo’ylovlari o’ziga yarashib tushibdi! Burama shoxlarini aytmaysizmi!?. Quyruqlarining selkillashini ko’ring!», deb charchashmagandi. Men bo’lsam, javdiray-javdiray, og’ilxona tarafga qaragandim. Ko’zlarimdan duv-duv yosh to’kib, kimdandir najot so’ragandim. Afsuski, hech kim menga mehr bermadi. Na og’ilxonadagi yelindor sigir xola, na hovlida nuqul arqonlab qo’yiladigan eshak amaki meni bag’riga oldi. Enam tashlab ketgani alam qila-qila ostonaga boshimni qo’ygancha uxlab qoldim…

 

Masxara
 

Yaylovdayam menga kun berishmasdi. Hamma qo’zichoqlar qop-qora, yunglari jingalak, dirkillab-dirkillab o’ynoqlashardi. Men yaqinlashsam, ular masxaralashni boshlashardi. «Ana, oq qo’zi keldi, qochinglar! Qaranglar, yungiyam jingalakmas, qo’chqorchamikan o’zi yo undaymasmikan?», deb ma’rashardi. Bu masxaralashlardan o’pkam to’lib, kunlarning birida yana hovlidagi eshak amakiga mo’ltiradim. Uyam oppoq eshak edi. Katta yoshli bo’lgani sabablimi, asta-asta yurardi.

— Sen, oq qo’chqorchaning baxting qaro ekan, — dedi eshak amaki. — Enang tutgan ishni ko’rib sal bo’lmasa hangrab yuborayozdim. Mayli, xafa bo’lma! Mana, meniyam yunglarim oppoq. Lekin sira nolimayman. Sen, qo’zim, shoxni o’stir! Zo’rman degan qo’chqorni shoxlayver! O’shanda hurmat topsang, ajabmas!..

Eshak amakining nasihatidan so’ng hushyor tortib qoldim. Axir… Amaki to’g’ri aytdi. Shoximni tezroq o’stirvolsam, qora qo’chqorman deganning hammasini shoxlayveraman! Mendan qo’rqib qochadigan bo’lishadi. Shunda masxaralamay qo’yishadi. Balki enam ham ta’rifimni eshitsa, yonimga yugurib kelar, meni o’zi bilan birga olib ketar…

Ertasi kundanoq boshimni duch kelgan devorga ishqalayverdim. Shunday qilsam, tez orada shoxlarim o’sib chiqishiga qattiq ishondim. Ming afsus, oradan bir yil o’tdi. Oppoq yunglarim qornimdan pastgacha osilib tushdi, bo’yim uzaydi. Ozmi-ko’pmi, quyruq soldim. Lekin shoxlarim o’smadi. Eshak amaki aytganiday shoxdor qo’chqor bo’la olmadim. Shoxing mo’rt bo’lgandan keyin zo’r qo’chqorlar bilan qanday suzishasan? Ularning burama shoxlari bir silkinsa, boshimni teshguday bo’lar, jon shirin ekan-da, qo’rqqanimdan ura solib qochadigan bo’ldim. Oq eshak amaki esa mening ahvolimni ko’rib, bosh silkitishdan, pishqirib ters o’girilishdan nari o’tmadi. Xullas, kap-katta qo’chqor bo’lib yetishsam ham mo’rt shoxlar pand berib qo’ydi, oka!..

Qasam

Oq qo’chqordayam qalb bor. Uyam o’ylaydi, tevarakda bo’layotgan gap-so’zlarni tinglaydi, mulohaza qiladi, o’zicha qaror ham chiqara oladi. Umrim yolg’izlikda, xo’rlikda, qo’rquv va hadikda o’tavergani sayin alam ustun kelaverdi. Ayniqsa, ayni qo’chqor bo’lib, vujudim ehtiros-u g’ayratga to’lganda qo’y xonimlarning men tarafga qayrilib qaramasligi g’ashimni keltirdi. Axir, mening boshqalardan qaerim kam? Manaman degan qo’y xonimni baxtli qilishga qurbim yetadi-ku! Mana, egalarim e’tiborsizligi bois yunglarim o’sgandan o’sib, yerga osilib tushayozdi. Ammo bu o’zimga juda yarashib tushgan. Ko’chada o’tlasam, ba’zi odamlar meni tog’-toshlar, qalin o’rmonlardagi kiyiklarga o’xshatganini o’z quloqlarim bilan eshitganman. Demak, chiroyli, kelishgan qo’chqor ekanman! Nega menga qo’y xonimlar qaramaydi? Nimaga suzilib ma’rashlarimga e’tibor qilmaydi? Nima uchun men yaqinlashganim hamono o’sha jingalakyung qora qo’chqorlar tomonga ura solib qochishadi?..

Mana shu narsalar menday oq qo’chqorni qasam ichishga undadi. Men umrimning oxirigacha hech qaysi xonimga qaramaslikka ahd qildim. E’tiboringiz uchun, men bir so’zliman. Mana, qancha vaqtdan beri ahdimda turibman. Kamayib qolganim yo’q!..

Janjal

Qo’chqorga hayotida bir marta baxt, omad kulib boqadi. Shunday kun keladi-yu, biz qo’chqorlarning bo’yniga zarbof arqon solib, egalarimiz qaysidir nevarasining sunnat to’yiga yo’l olishadi. Ba’zi mehri daryo egalar arqondan tashqari ustimizga ajabtovur matolar ham tashlab qo’yishlari mumkin. Mana, shu baxt men oq qo’chqorgayam nasib etdi. Egalarim meni ham katta to’yxonaga olib borishdi.

Eh, qo’chqor g’alati ahvolga tushib qolarkan. Boshimni baland ko’targancha to’yxonaga kirib boryapman-u, azbaroyi quvonganimdan quyruqlarim qimirlab-qimirlab ketardi. Lekin… Kutilmaganda, xo’ppa semiz ayol yo’limga ko’ndalang bo’ldi-yu, meni yetaklab kelgan xo’jayinga bobillab berdi.

— Rahma-at quda, rahma-at! — deya baqirdi xo’ppa semiz ayol. — Xudodan tilab-tilab olgan nevaramning to’yiga oq qo’chqor opkelibsiz-da! Bizning hurmatimiz shu oq qo’chqorcha bo’libdi-da! Rahma-at!..

— Q-quda, axir… — duduqlanardi xo’jayin mening boshimni silab. — Bu qo’chqorning nimasi yomon? Qo’ziligidan o’zim katta qilganman! Qarang, nimasi yomon?..

— Sharmanda bo’ldi-im, sharmanda! — tizzasiga shapatilay-shapatilay, yig’lashga tushdi xo’ppa semiz ayol. — Endi kim degan odam bo’ldim? Shunday nevaramning sunnat to’yiga uyalmay oq qo’chqor yetaklab kelishsa-ya! Opketi-ing matohingizni, opketing, jon quda!..

Shu lahzalarda yer yorilmadi, yerga kirib ketmadim. Qismatimga xayolan ming la’natlar o’qib, bosh egdim. Baxtga qarshi kech edi. Pichoq qayrab turgan qassob ham, egniga zarbof to’n kiygan to’ybola ham, hatto meni alqay-alqay shu yergacha yetaklab kelgan xo’jayin ham mendan yuz o’girdi. Xo’ppa semiz ayolning qarg’ishi hovlini tutdi. Karnaychilar, surnaychi-yu, oto’yinchilar taqqa to’xtab, quloqlarini ding qilishdi. Keyin esa meni yosh bolalar katta ko’chaga haydab soldi…

Oka, menam yigitman! Umrim bino bo’lib bir marta haqiqiy qo’chqorday boshimni qassobning kundasiga qo’yishga, olamga mardlarcha qarab, kimligimni ko’z-ko’z qilishga oshifta edim. Menga tag’in oq qo’chqorligim pand berdi-ku! Nima qilay? Shu to’mtoq shoxlarimni qay devorga uray?..

Iltimos, siz tushungan, dunyo ko’rgan odamga o’xshaysiz. Yaxshi inson ekaningizni yuzlaringiz aytib turibdi. Hozir texnika rivojlangan zamon bo’lsa! Hech bo’lmasa, siz menga yordam bering, oka! Bir ilojini toping! Menam qora qo’chqorga aylanib qolay-y-y!!!