Facebook orqali bo’lishish
Twitter orqali bo’lishish
Bir bola soqov ekan. Ota-onasi ko’rsatmagan tabibu shifokori qolmabdi. Hech ham gapirmabdi. Oxiri ota-onasi gapirishidan umidini uzishibdi. Bir kuni ovqatlanib o’tirishsa, soqov bola:
— Sho’r ekan, — debdi.
Shunda onasi quvonib ketibdi:
— Voy o’g’lim, gapirdingmi?! Yana bir qaytar…
— Sho’r ekan ovqatingiz!
Ota-ona o’zida yo’q xursand…
— Sen bola gapirarkansan-ku, nega bizni shuncha yil qiynading? Nimaga shu paytgacha indamading?
— Shu paytgacha ovqatingizning tuzi yaxshi edi-da.
* * *
Uch yashar Sardor buvisiga dedi:
— Buvijon! Siz doimo: «Shakarning ham ozi shirin», derdingiz. Bog’chaga shuncha bordim, bo’ldi-da endi!
* * *
Afandi bir joyda to’y bo’lyapti deb eshitibdi, garchi taklif qilinmagan bo’lishiga qaramay, to’yga juda ham borgisi kelibdi. O’ylab-o’ylab bahona topibdi. Bir varaq qog’ozni to’rt buklab, cho’ntagiga solibdi-yu, to’yxonaga otlanibdi. To’y egasiga borib:
— Sizga qozidan xat, — deb qog’ozni beribdi.
To’y egasi quvonib, xatni olib, Afandini to’yxonaga kirgizib, to’rga o’tkazibdi. Afandi esa vaqtdan foydalanib, dasturxondagi noz-ne’matlarni bir boshdan yeya boshlabdi. To’y egasi qog’ozni ochib qarasa, bo’m-bo’sh.
— Qog’ozda hech narsa yozilmagan-ku! — debdi Afandining yoniga borib.
— Ishlari zarur bo’lgani uchun qog’ozga xat yozishga qo’llari tegmadi, — dermish Afandi.
* * *
Ikki yaqin dugona suhbatlashmoqda:
— Eshitishimcha, yigiting bilan ajrashibsizlar!
— Ha!
— Nima bo’ldi? Orangizdan biror gap o’tdimi?
— Masalan, sen har kuni ichadigan, tinimsiz chekadigan, so’kinib gapiradigan va hatto qo’l ko’taradigan odam bilan birga yashay olarmiding?
— Yo’q, albatta!
— U ham bunga chiday olmadi.
* * *
Har kuni ichib, mast bo’lib yuradigan odamdan so’rashibdi:
— Nega har kuni ichasan?
— Unutish uchun.
— Nimani unutish uchun?
— Piyonistaligimni unutish uchun!
* * *
— Dugonajon, kecha erim meni xafa qildi.
— Nega? Nima bo’ldi?
— Go’zallik saloniga 300 ming so’ragandim.
— Bermadimi?
— Menga tikilib qarab turdi-da, 500 ming berdi!
* * *
O’qituvchi bolalarga Oy haqida hikoya qildi:
— Oy juda katta sayyora. U yerda milliondan ziyod odamlar yashashi mumkin.
— Menda bir savol bor, — dedi bir o’quvchi.
— Xo’sh, nima deysan?
— Oy yarimta bo’lib qolganda odamlar qanday sig’ishadi?