— Adasi, uxlayapsizmi?

— Yo’q!

— Nega ko’zlaringizni yumib olgansiz?

— Ko’z nurimni asrayapman…

* * *

Bir talaba yigit ertalab nonushta qilib, telefoniga o’rnatilgan “TashBus”da avtobus qachon kelishini qarab o’tirsa, buvisi debdi:

— Bolaginam, nima qilyapsan?

— Avtobus kutyapman, — javob beribdi nabirasi.

Buvisi nabirasini ahvolidan xavotir olib:

— Bu telefon o’lgur yoshlarni aqldan ozdirmasaydi. Oshxonadayam avtobus kutadimi?! — dermish.

* * *

Juma kuni kechqurun xotin eriga debdi:

— Adasi, keling, shu dam olish kunlari maza qilib dam olaylik…

Eri xursand bo’lib xotiniga:

— Bo’pti, xotin, dushanba kuni ko’rishguncha unda! — degan ekan.

* * *

Sudya ayblanuvchiga debdi:

— Siz odamlarni pichoq bilan qo’rqitib, bitta mashina, ikkita qo’l telefoni va besh million pulga ega chiqibsiz. O’zingiz nima deya olasiz?

— O’rtoq sudya, siz bitta bolg’acha bilan beshta mashinalik, to’rtta uylik, ikkita dalahovlilik va yana yaxtalik bo’ldingiz-ku, menga nima bo’pti?!

* * *

Ikki dugonalar suhbatlashib o’tirishsa, biri debdi:

— To’ying qachon?

Ikkinchisi:

— Bilmadim. Yigitim avval meni qarindoshlari bilan tanishtiradi, keyin to’yimiz bo’ladi.

— Xo’sh, qarindoshlarnikiga bordingizmi?

— Ha, eng uzoq qarindoshlari bilan tanishtirishdan boshladi. Kecha hayvonot bog’ini aylanib chiqdik.

* * *

— Rahbarlik lavozimidan ketganingizdan keyin nima bilan shug’ullanmoqchisiz?

— Bu qanaqa savol?! Odam o’lganidan keyin ham ishlarmidi?!

* * *

Bir chol ko’p qavatli uyning to’qqizinchi qavatida yashar ekan. Uyiga chiqishda hech ham liftdan foydalanmas ekan.

Shunda bir qo’shni kuzata turib:

— Otaxon, tayyor lift turib, nega nuqul zinadan chiqasiz? — desa, chol:

— E, bolam! “Lift to’rt kishi uchun” deb yozib qo’yilgan. To’rt kishini qaerdan topaman? — dermish.

* * *

Advokat: «Ikki-uchta ishni hal qilsam, mashina olaman».

Vrach: «Ikki-uchta operatsiyani o’tkazsam, hovli olaman».

O’qituvchi: «Ikki-uchta daftarni tekshirsam, olovni yoqib olishga qog’ozim bo’ladi…»