KUN KULGISI…

 

 

***

 

Bolaligimdan televizor tuzatishga qiziqardim. Bu matohni kovlashtirib, ichidagi vintlarini qaytadan joyiga mahkamlagim kelardi. Har bir sir-asrorini bilgim, ular ustidan hukmimni o’tkazgim, bir so’z bilan aytganda, haqiqiy ustaga aylangim kelardi. Kuni kecha nihoyat o’sha bolalik orzumga yetdim. Zamonaviy televizor sotib olgandim. Hech vaqoni ko’rsatmaydigan, bir tiyinga qimmat televizor ekan. Ammo ko’nglim cho’kkani yo’q. Axir, shuning bahonasida bolalik orzum amalga oshadi, men haqiqiy televizor ustasiga aylanaman-ku!..

Eng shimarib astoydil televizorni kovlashtira ketdim. Mana, oradan bir hafta vaqt o’tdi. Televizorning mikrosxemalari qay ko’rinishda, qanday payvandlanganidan boxabar bo’ldim. Ishonamanki, yana ko’pi bilan ikki haftada o’sha mikrosxemalarni mana shu qo’llarim bilan qayta va to’g’ri payvandlab chiqa oladigan bo’laman. Xudo nasib qilsa, shu bir tiyinga qimmat zamonaviy televizorimni bir pulga arziydigan televizorga aylantiraman! Qisqasi, haqiqiy televizor ustasiga aylanishimga sirayam shubham yo’q.

Menga “OLX” orqali bir tiyinga qimmat televizorni sotgan Alisher og’aga katta rahmat deb qolaman!

Olimjon HAYIT tayyorladi