KUN KULGISI…

 

JO’JAXO’ROZ, TARG’IL TULKI, BABAQ XO’ROZ

yoxud «Yashasin Meksika seriali!!!»

(intermediya)

Jo’jaxo’roz kerilgancha ko’chaga chiqib keladi. Ora-sirada o’ng panjasi bilan ko’ksiga urib-urib, atrofga mag’rur boqadi. Shu payt daraxt panasida pusib o’tirgan targ’il tulkiga ko’zi tushadi. Bezovta qa-qag’lab bir sakrashda tulkining ro’parasida paydo bo’ladi.

Jo’jaxo’roz: — O’v, «slabak», nime bizani daraxtni panasida o’tiribsan? Hozir bir urib abjag’ingni chiqarib qo’yaymi?

Tulki: (beixtiyor titrab-qaqshab): — H-haligi… Sovqotib ketdim… Shunga…

Jo’jaxo’roz: — Mening kimligimni bilasanmi, it?

Tulki: — Y-yo’q, haligi… Sizni taniyolmay turibman! O’zingiz…

Jo’jaxo’roz (qanotlarini qoqa-qoqa qichqirib olib): — O’v, men bor-u, eski shaharning bolasiman. Eski shaharning manaman degan xo’rozi o’zim bo’laman!!

Tulki (negadir kulgisi qistab): — H-hali xo’rozmassiz-ku!..

Jo’jaxo’roz: — Nima? Vey, manga «narivatsa» qivottisanmi? Manga-ya? Duxingni sindirib qo’yaymi hozir?

Tulki (bu po’pisadan so’ng ehtiyotkorona ortga tislanib): — Keragi yo’q, inim! Men… Keta qolay unda!

Jo’jaxo’roz: — Qayoqqa ketasan? Qaysi «zoopark»dan qochgansan o’zi? Yo qarindoshlarimni yeyishni mo’ljallaganmiding-a?

Tulki: — Y-yo’g’-e, inim… O’libmanmi sizlarni yeb?

Jo’jaxo’roz: — Shundoq bo’lsin! O’v, bizning bobolar kim bo’lganini bilasanmi o’zing?

Tulki: — Yo’q, bilmasakanman-a, inim! Kimlar bo’lishgan bobolaringiz?

Jo’jaxo’roz (kerilib, qisqa-qisqa qa-qag’lab): — Bobomning bobosi-chi, «krasavitsa», shaxsan Bryus Lining hovlisini qo’riqlagan.

Shunday deb jo’jaxo’roz ikki qanotini yoyib turgan yerida gir aylanadi.

Jo’jaxo’roz: — Uv-v-v… vu-ua!.. Ko’rdingmi, «slabachka»? Buning ma’nisini bilasanmi o’zing?

Tulki: — Hi-hi-hi! Bo’rivoy akaning uvillashiga o’xsharkan!

Jo’jaxo’roz: — Nima? Qanaqa bo’ri? Bu «ushu», o’qimagan! Hozir bir urib duxingni sindiraymi?

Tulki: — Y-yo’g’-e, inim!.. Siz zo’rsiz, haqiqiy xo’rozsiz!.. Haligi… Men ketsam maylimi?

Jo’jaxo’roz: — Qayoqqa ketasan? O’sha «zooparking»gami? Nima, bir umr ojiz-u notavon bo’lib yashamoqchimisan? Hech qayoqqa ketmaysan. Mening ko’nglimni ovlaysan!

Tulki: — Men… Hov anavi yoqdagi eski tovuqxonada Meksika serialini ko’rmoqchiydim! Hozir… Boshlanib qoladi, inim!

Jo’jaxo’roz: — E, senam serial jinnisimisan? Balki meni aldab tovuqxonadagi qondoshlarimni o’g’irlashga ketarsan?

Tulki: — Voy, inim, men unday tulkilardanmasman. O’sha yerda «dilbuzo’r» bor. Serialimni ko’raman-u, chiqib ketaman, ishoning!

Jo’jaxo’roz (chap qanotini ko’tarib, silkina-silkina kuladi): — «Dil bu zo’r»mas, o’qimagan, «Til bu zo’r»! Shuniyam bilmaysanmi?

Tulki (jo’jaxo’rozning yumshaganidan ancha tetiklashib, daraxt panasidan chiqadi-da, asta unga yaqinlashadi): — Vay, inim, unaqa demang. Men… O’qiganman!

Jo’jaxo’roz: — O’qiganman? Qaysi tulkixonada o’qigansan? Gapingga «atvechat» qilasanmi?

Tulki: — Men-chi, Sherxon momoning maktabini tugatganman.

Jo’jaxo’roz (negadir beixtiyor yumshab tulkini aylanib tomosha qilgan bo’ladi): — Chakkimassan tulki bo’lsangam! Hm-m-m… Egningdagi yungingam toza tulkiniki ekan… Demak… Sherxon momoning matkbida o’qiganman degin?… Yaxshi-i… Vey, menga turmushga chiqmaysanmi-a? Yurardik eski shaharni gullate-eb. Seni ketvorgan qushxonalarga oborardim. To’yimiz kuni stolga faqat do’mboq maynalarning tabakasini tortardik. Nima deysan?

Tulki (qizarib, labi uchib, dumi likillab): — Vay, uyaltirmeng, inim! Umuman… Sizam chakkimassiz! Hali o’n dumingizdan bir dumingizam tarvaqaylamagani ko’rinib turibdi… Menga qarang, ko’zlaringiz xuddi Meksika serialidagi artistnikiga o’xshab ketarkan. Mabodo meksikalikmasmisiz?

Jo’jaxo’roz (uflab): — Enam meksikalik bo’lgan.

Tulki: — Nega endi bo’lgan deyapsiz? Olamdan o’tganmi?

Jo’jaxo’roz: — Ha.

Tulki: — Kasalmidi enangiz?

Jo’jaxo’roz: — Yo’q, oyim broylerlar zotidaniydi. Ja kelishgan, oppoq, do’mboq makiyon bo’lgan… «Bomj»lar tabaka qivorishgan.

Tulki: — Voy, kechiring! Aytgancha, oyingizning ismi nima?

Jo’jaxo’roz (ikki qanotini keng yoyib, o’ychan ohangda): — Oyimning ismi Sesiliya Xu Alachip Barbadella! Vey, gapni aylantirmay, javobingni ayt! Man bor-u, cho’rtkesar xo’rozlardanman. Chaynalganlarni jinim suymaydi. Xo’sh, manga turmushga chiqasanmi-yo’qmi?

Tulki (bosh egib): — Yo’q.

Jo’jaxo’roz: — Nega?

Tulki: — Pkusimga to’g’ri kelmaysiz. Keyin… Zotimizam bo’lak-bo’lak! Aytgancha, nega oyingizning ismiga Xu qo’shishgan?

Jo’jaxo’roz: — Vey, tovuqmiya, senga boya aytdim-ku, ajdodlarim Bryus Lining hovlisini qo’riqlashgan deb!

Shu payt boshqa bir daraxt panasidan babaq xo’roz chiqib keladi va bor ovozda baqiradi:

Babaq xo’roz: — Qani Bryus Li? Qani?

Jo’jaxo’roz (jahli chiqib, qanotlarini qashlab, babaq xo’rozning atrofini aylanib): — O’v, doda, namuncha «vistupat» qip qoldiyz? Qattaligiyzzi unutib qo’ydiyzmi nima balo? Bo’tti-chi, eski shahar deb qo’yibdi, doda! Kimsiz o’zi? Qaysi go’ngtepadan kep qoldiyz?

Babaq xo’roz (jo’jaxo’rozga e’tibor qilmay, targ’il tulkiga yaqinlashadi): — Qizim! O’zimning targ’iloy qizi-im! Bormisan? Salomat ekansan-ku xayriyat!.. Nahotki, seni topganim rost bo’lsa?

Tulki (hech narsaga tushunmay, bo’ynini qisib): — Voy, nega sizga qiz bo’larkanman? O’ylab gapirvottisimi?

Babaq xo’roz: — Ie, esingdan chiqdimi? Bo’rivoy degan bachchag’ar senga zug’um qilganda o’zim qutqarvolganman-ku seni! O’shandan keyin seni qizim dedim. O’zim yemay yedirdim… Ho’v, kattakon yong’oq daraxti esingdami? Burama shoxli yong’oq daraxti… Esladingmi?

Targ’il tulki (nimadir yodiga tushgandek ko’zlari moshdek ochilib): — Voy, siz… Babaq bobosiz-a?

Babaq xo’roz: — Bobomas, ota degin, qizalog’im, ota-a!

Targ’il tulki (yugurib borib babaqning tumshug’idan, bo’ynidan bo’sa oladi): — Otajo-on! O’zimning otajonim! Meni kechiring! Men noshud qizingizni kechiring! Manavi ko’rnamak ko’zlarim sizni tanimagani uchun kechiring!

Babaq xo’roz (Targ’ilning bu xushomadlaridan mag’rurlangancha asta jo’jaxo’rozga yaqinlashadi): — Xo’sh, o’g’lim, qalaysan endi?

Jo’jaxo’roz (hanuz babaqni mensimay, aftini bujmaytiradi): — Qalay bo’lishim kerey, doda? O’ziyzcha tulkiday ayyor jonivorni bopladim deb xursand bo’vottisiz-de-a? Vey, tulki xo’rozga farzand tutinganini tushimdayam ko’rmaganman, doda!..

Babaq jo’jaxo’rozning gaplariga e’tibor qilmay, uning atrofini bir necha marta bezovta aylanadi. Keyin esa qanotlari, tumshug’iga sinchiklab tikiladi.

Babaq xo’roz: — Bolam, boya eshitganday bo’luvdim. Onangning ismi-sharifini kim devding?

Jo’jaxo’roz aftini burishtirib, yerga chirt etib tupuradi-yu, babaqqa juda yaqin kelib, og’zini kappa ochib-ochib bosh silkitadi.

Jo’jaxo’roz: — Nimaydi? Oyimni nima qilasiz, doda?

Babaq xo’roz: — Sen oldin aytgin! Innaykeyin so’ragin.

Jo’jaxo’roz: — Sesiliya Xu Alachip Barbadella! Bo’ldimi?

Babaq xo’roz: — Barbadella? Haligi… Chipor… Broylerxonmi? Sesiliya Xu Alachip Barbadella! O’shami?

Jo’jaxo’roz (o’ng qanoti bilan qansharini qashib babaqqa g’azabnok boqadi): — Ha, o’sha. Nimaydi?

Babaq xo’roz (qaytadan jo’jaxo’rozning atrofini aylanib chopa boshlaydi. Keyin esa ro’parasida to’xtaydi): —Bola-am! Meni taniyapsanmi? Otangman, otang! Babaq otangman!..

Jo’jaxo’roz (battar ensasi qotib): — Uf-f, ezvordiyz-ku, doda! Qanaqa ota? Qanaqa bola?

Babaq xo’roz: — Qani, tumshug’ingni balandroq ko’tar! Shunday. Endi bo’yningni ko’ray-chi! Hm-m, qanotlaring… Ko’zlaring… O’g’li-im!!! Otangman men, otang! Otang Barrosa Osvaldo, bolam! Barbadella Alachip bilan seni xudodan tilab-tilab olgandik. Keyin… Taqdir manavinaqangi bo’lib…

Jo’jaxo’roz (babaqning so’zlaridan so’ng, ismi ham, familiyasi ham negadir tanishdek tuyilib unga yaqinlashadi. Ko’zlarini qisib, tumshug’i titrab so’z boshlaydi): — Siz… o’sha… Otam sizmi?.. Sizmi?..

Babaq xo’roz (jonlanib): — Ha-da, otang, o’sha Barrosa otang menman! Alachip Barbadella o’shanda qaysarlik qildi. Qo’y, chegaradan o’tma, keyin kirolmay qolasan, tabaka bo’p ketasan deb xudoning zorini qildim. Quloq tutmadi qaysar.

Jo’jaxo’roz: — B-bilasizmi?.. Negadir ishongim kelmayapti. Ammo gaplaringizni oyim ham aytgan bir paytlar… Yo’q, bo’lishi mumkinmas! Siz otam emassiz!..

Babaq xo’roz: — «DNK» qildirsam ishonasanmi? Otang bo’laman men, qaysar bola!..

Jo’jaxo’roz (ehtiyotkorona ortga tislanib, atrofga o’g’rincha qaraydi-yu, beixtiyor chehrasi ochilib babaq xo’rozning bag’riga o’zini tashlaydi): — Ishonaman, otajon, ishonaman! DNK ga balo bormi? Demak, targ’il tulki… Mening tutingan opam, shundaymi?

Babaq xo’roz (bir chetda yig’i aralash kulimsirab turgan targ’il tulkiga ko’z qisib o’zi tomon chorlaydi. Targ’il tulki ham ularni baravar quchib oladi): — Bolalarim! Sizlar opa-ukasiz endi, ha! Xudoyimdan aylanay! Shuncha yildan keyin o’zi bizlarni uchrashtirdi. Xudoga beadad shukr!..

Targ’il tulki (kutilmaganda babaq va jo’jaxo’rozni qo’yib yuborib, osmonga bezovta qarab olib): — Voy, otajon, ukajon, Meksika seriali boshlanay depti! Boramizmi?

Jo’jaxo’roz: — Albatta boramiz! Meksika seriali bor bo’lsin! U bo’lmasa men sizlarni uchratmagan bo’lardim. Endi umrimning oxirigacha faqat Meksika serialini ko’raman! Ketdik!

Targ’il tulki: — U tovuqxonada… Haligi… O’z xo’rozlari bor-ku!..

Jo’jaxo’roz: — Yuravering, opa, ota, sizam yuring! Vey, man bor-u, eski shaharning bolasiman, uqdiylami? Unaqa xo’rozlarning tumushug’ini ezib, o’zini tabaka qivoraman! Man borman! Qo’rqmanglar! Yashasin Meksika seriali-i-i-i!!!

Targ’il tulki, babaq xo’roz va jo’jaxo’roz bir-birlarini quchoqlagancha eski tovuqxonadagi televizor orqali Meksika serialini tomosha qilish uchun yo’l olishadi.

(Tamom)

Olimjon HAYIT

Olimjon Hayitning turli mavzulardagi xabarlari, maqolalari, hikoyalari endi «Telegramm» dagi alohida kanalda! Bizga qo’shiling, afsuslanmaysiz!

t. me/olimjonhayit