KUN KULGISI…

«DODA»…

Mulohaza

Hormasboy Tolmasboyev juda sinchkov jurnalist. Har bir jumla ustida haftalab bosh qotiradi.

Masalan, yaqinda bozordagi patirchilar haqida maqola tayyorlagandi. Maqola deyarli tayyor bo’ldi. Bemalol muharrirning stoliga tashlasa bo’lardi. Biroq miyasiga kutilmaganda bir savol o’rnashib oldi-yu, tinchi yo’qoldi.

— To’xta, — dedi Tolmasboyev maqolasiga tikilib. — Asosiysi esdan chiqib qolibdi-ku! Agar shu savolga javob topmasam, maqolamning qimmati bo’lmaydi. Xo’-o’sh… Ha, nega endi bozorchilar o’tgan safar borganimda «patirning dodasi» deb qichqirishdi? Nahotki, patirniyam dodasi bo’lsa? Odatda doda so’zi qariya, mo’ysafid, oppoq soqolli odamlarga nisbatan ishlatilardi. Xo’sh, unda nega bozorchilar patirga «doda» so’zini qo’shib olishdi? Yo’-o’q, buning tagiga yetmasam bo’lmaydi. Agar javob topsam, maqolamning qimmati yana oshardi.

Tolmasboyev shosha-pisha qo’ltig’iga jildini qistirdi-yu, bozorga jo’nadi. Ammo bu gal boshqa bozorga borishni ma’qul ko’rdi.

— Unisiga bormayman, — o’yladi o’zicha. — Anavi patirchi qirraburun, so’yloqtish xotin jonimga tekkandi. Boshqa bozorda «narmalniy» patirchilar bordir, axir!..

Tolmasboyev avtobusdan avtobusga almasha-almasha kattakon bozorlardan biriga kirib bordi. Alanglay-alanglay, patir bozorini topdi. Baxtga qarshi bu yerda ham ko’ngliga o’tirishadigan, istaraliroq, muloyimroq patirchi ko’zga tashlanmadi. Ayniqsa, o’rtaroqqa borganda, xo’ppa semiz, boshiga durrani allambalolardek o’rab olgan, turishi xuddi futbol koptogiga o’xshab ketadigan ayolni ko’rib hushidan ketayozdi. Tezroq shu yerdan o’tib ketish ilinjida qadamini tezlatdi. Afsuski, ayni o’sha ayol patirlar joylangan aravachasini aylanib o’tib, uning yo’lini to’sdi.

— Doda, patirlarning «doda»si bor! — qichqirdi ayol ikki qo’lini beliga tirab. — Qo’y yog’i, qo’y go’shti, qora qo’chqorning dumbasiga bo’lgan patirlar! Nechta beray?

Tolmasboyev bu chaqiriqni eshitib, yana o’zicha mulohaza qila boshladi:

«Qora qo’chqor dedimi? Buni qanday isbotlaydi? Yonida yo’q-ku qora qo’chqor!..

Shunday o’yda iymana-iymana patirchidan so’radi:

— E-egachi… Haligi… Rostdan qora qo’chqorning dumbasiga bo’lganmi? Balki… Charvidir?..

— Ie, — patirchi birdan gezarib Tolmasboyevga yaqinroq keldi. — Nima dedingiz? Charvi? Vey, og’ziyzga qarab gapiring, doda! Charviymish! Nima, endi qora qo’chqorning kallasini patir bozorga opkeb qo’yaymi sizdaqalarni deb?

— Opkeling, — deb yubordi Tolmasboyev beixtiyor. — Shunda…

— Ho’v, opovsi, — patirchi aftini bujmaytirib, atrofidagi bozorchilarga qarab oldi. Qalin qoshlari uchib-uchib ketdi. — Qora qo’chqorning kallasi-chi, Sotim akanikidagi doshqozonda qaynayapti!

Patirchining bu gapi Tolmasboyevga negadir g’alati ta’sir qildi. O’zi sezmagan holda yaqinda eshitgan bir she’rni tiliga ko’chirdi:

— Qora qo’chqor, qora qo’chqor,

— Senda mening alamim bor…

G’IYBAT

She’r oxiriga yetmay qoldi. Patirchi da’fatan Tolmasboyevning tirsagidan olib, nariga sudraklab qoldi.

— Voy, shoirmisiz, doda? — dedi u og’zining tanobi qochgancha Tolmasboyevni sudraklarkan. — Ertaroq aytmaysizmi shuni? Qani, yuring!

— N-nima qilaman? Q-qo’yvoring meni! Men…

— Shoir ekansiz, o’z oyog’iyzminan kep qopsiz, doda, menga she’r bag’ishlaysiz!

— Men sh-shoirmasma-an, — deya patirchining qo’lidan xalos bo’lishga urinardi Tolmasboyev. — Shunchaki… Alam qip ketdi!..

— Patirimning «doda»sidan bittasini beraman, — sharmandalarcha bozorni boshiga ko’tarib qichqirdi patirchi ayol. — Gapim gap!..

Yaxshiki, bozorda insofli odamlar bor ekan. Sal narida savdo qilayotgan yuzlari bo’rsildoq nondek qip-qizil patirchi Tolmasboyevning ikkinchi bilagiga yopishdi.

— Hoy, Satina opa, uyatmasmi? Jurnalist dodani tortqilashingiz nimasi? Qo’yvoring!..

Patirchi uyaldimi, Tolmasboyevni qo’yib yubordi. Ammo bo’rsildoq yuzli ayol uni o’z peshtaxtasi tomonga sudrab ketdi.

— Mana shu yaramas ayolni yomonlab yozsangiz-chi, — Tolmasboyevning qulog’iga shivirladi ayol. — O’zim sizga bir savat patir bervoraman, ha! Men shunaqa mard patirchiman! Xo’sh, yozasizmi ustidan?

— Men… Menga qarang, aslida men bir savolga javob qidirayotgandim.

— Men javob beraman, so’rang!

— Nimaydi?.. Ha, mana… Shu ayol ham patirini «doda» deb maqtadi. «Doda» so’zi aslida mo’ysafidlarga qarata aytilmasmidi?

— E, — gapni ilib ketdi ayol. — Uni boshiyzga urasizmi, doda? Undan ko’ra, asosiysini eshiting. Bu noinsof-chi, patiriga qora qo’chqorning dumbasini solmaydi.

— Shunaqami? — jonlanib qaddini rostladi-da, ayolga qattiqroq tikildi Tolmasboyev. — Xo’sh, xo’sh, keyin-chi?

— U patiriga sigirning charvisidan soladi. Kelgan xaridorni tishlab olishni yaxshi ko’radi. Uyida-chi, erdan chiqqan qizi bor, o’shangayam kun bermaydi. Sho’rlik qiz qachon kirsam burni oqquday bo’lib charvi qirqayotgan bo’ladi. U yaramas qo’ni-qo’shnilarning hammasiminan urishib chiqqan. Qudalariminan yuzko’rmas bo’lgan. Axlatini shundoq darvozasining yoniga to’kib ketadi. Patiriga tuzniyam eng yirigini soladi. Ishonmasangiz, yeb ko’ring, darrov tishingizga o’sha tuz botmasa, patirchi otimni somsachi qo’yvoraman, doda!.. Mana, men rostakamiga qora qo’chqorning dumbasini ishlataman. Ishonavering!..

Tolmasboyev azbaroyi asabiylashganidan boshini ikki kafti orasiga olib shivirladi?

— Menga… Patirga nima sababdan «doda» deb nom berganlaringizni tushuntiri-ing!..

Shunday dedi-yu, telba kabi beixtiyor duch kelgan tarafga chopa ketdi. Uning ortidan bo’rsildoq yuzli patirchi ayol baqirgancha qolaverdi:

— Hay, doda, patir-chi, patir? Patirning dodasi o’zimdaydi-ku!..

Tolmasboyev uyiga kelgani hamono patirchilar haqida yozgan maqolasini yirtib tashladi. Maqola yozishdan voz kechdi. Buning o’rniga qo’liga qalam oldi-yu, ko’nglidagi alamlarini she’rga soldi:

«Doda»ladim, mingta bozor oraladim,

Goh do’kon, goh choyxonaga mo’raladim.

«Dodang», ana, somsada-ku, deyishvotti,

Ular sizni so’kib-so’kib yeyishvotti.

«Doda», endi bir umr xor bo’lamizmi,

Bozoriga kirmay qo’ysak, o’lamizmi?

Alam qildi «doda turshak» deyishganda,

Pistachini «doda»latib qo’yishganda.

Pistachidan quv, battoli yo’q-ku, axir,

Chin «doda»ning soch-soqoli oq-ku, axir.

Patirchini aytmaysizmi, sharmandaykan,

Topgan gapi «Hay yer yutkur, zormanda»ykan.

Xuddi o’sha savdolashsam, to’nglab turgan,

Sizni qora qo’chqorlarga tenglab turgan.

Undaylarning uyi kuyib ketsa dedim,

Qarimasdan sochiga oq bitsa dedim.

Ana shunda sizni hurmat qilishardi,

Asl doda kimligini bilishardi.

Olimjon HAYIT

Olimjon Hayitning turli mavzulardagi xabarlari, maqolalari, hikoyalari endi “Telegramm” dagi alohida kanalda! Bizga qo’shiling, afsuslanmaysiz!

t.me/olimjonhayit