KUN KULGISI…

 

 

QADAH SO’ZI

 

Ho’kizlar ulfatchilik qilardi. Qadah so’zi aytish navbati navqiron va kelishgan, mag’rur Olaho’kizga yetibdi.

— Hurmatli ho’kizlar, — gap boshlabdi Olaho’kiz. — Sizlarga qarab turib bir voqea esimga tushib ketdi. Yaqin o’tgan zamonda «Jamalakoy» degan g’unajin yashagan ekan. Jamalakoy haddan ziyod go’zal, yelindor, har qanday ho’kiz havas qilsa arziydigan darajada ko’hlik, tog’lardagi sharsharani eslatuvchi dumi tuyog’ini o’parkan. Ammo mana shu ko’hlikligidan quvonib uncha-muncha ho’kizni nazarga ilmaskan. G’unajin hadeb noz qilaversa, ho’kizlarning ham hafsalasi pir bo’ladi-da! Oxiri turmushga chiqa olmay, qarig’unajin bo’lib qolibdi. Kechalari og’ilxona tuynugidan boshini chiqarib, hech kimga eshittirmay, xudodan o’ziga sadoqatli, kayfiyatini buzmaydigan, hech qachon suzmaydigan ho’kiz so’rab yolvorarkan. Xudoyim rahmini yebdi. Kunlarning birida kelbatli, o’zi orzu qilganidek yuvosh, mag’rur, suzmaydigan «Targ’ilboy» degan ho’kizga turmushga chiqibdi. Kunlar o’taveribdi. Jamalakoy hadeganda ho’kizining atrofida parvona bo’lar, u esa negadir boshqa ho’kizlar kabi yoriga xushomad qilavermas, o’ta jiddiylik bilan qarab turaverarkan. Jamalakoy ho’kizining bu holatini ko’rib tamom bo’layozibdi. Nega u erkalay qolmasligi, ortidan yaylovni changitib quvmasligidan kuyibdi va kunlarning birida miyasiga bir fikr kelibdi.

«Hoynahoy, Targ’ilboy akam Samanoy sartaroshga qatnamasligimni ko’rgach, mendan soviy boshlabdi shekilli. — o’ylabdi, o’zicha. — Hozirgi ho’kizlar sigirning chiroyiga uchadi-da! O’ziga oro beradigan, modniy sigirlarga qaraydi-da! Men ahmoq buni o’ylab ko’rmabman!..»

Jamalakoy shunday xayollar bilan ho’kiziga bildirmay, bir kuni Samanoy sartaroshning fermasiga jo’nabdi. Samanoy uning uzun dumini qirqib «kare» qip qo’yibdi. Jamalakoy o’z og’iliga qaytarkan, og’zi qulog’ida edi. Endiyam ho’kizi xushomadga ko’mib tashlashiga sira shubha qilmabdi. Baxtga qarshi bu gal ham adashibdi. Targ’ilboy uning «kare» qilingan dumini ko’ribdi-yu, jon-jahdi bilan mo»ravoribdi. Shoxlarini og’ilxona devoriga ura-ura shataloq ota boshlabdi.

— Nima qip qo’yding, tovuqmiya? — deb bo’kiribdi ho’kizi. — Men, axir, uzun dumingga mahliyo bo’lganim uchun seni degandim! Endi… Endi alvido!.. Farosatsiz sigir!..

Shunday debdi-yu, Targ’ilboy Jamalakoyni tashlab ketibdi…

Hurmatli ho’kizlar, kelinglar, mana shu chelaklardagi suvni sigirlarimiz hech qachon uzun dumlarini «kare» qildirib qo’ymasliklari uchun ichaylik!

Olimjon HAYIT

 

 

loading…