KULGI ChOYXONASI…

 

 

***

 

Afandi kunlarning birida shaharda yashaydigan do’stinikiga mehmonga bordi. Odatga ko’ra, do’sti yaqin qo’shnilarini ham afandi zerikib qolmasligi uchun chaqirtirgan ekan. Qo’shnilardan biri kutilmaganda so’radi:

— Afandim, sir bo’lmasa bir narsa so’rasam devdim!

— So’rang, — dedi afandi. — Aqlim yetadigan savol bo’lsa, albatta javob beraman.

— Ayting-chi, hozir necha yoshdasiz?

Afandi kulib javob qildi:

— Qirq yoshdaman.

Shu tobda do’sti gapga aralashdi:

— Afandim, esingizdami, bundan besh yil oldinam menikiga mehmon bo’lib kelgandingiz? O’shandayam qirq yoshdaman degandingiz. Buni qanday tushunish kerak?

Afandi bosh silkita-silkita javob bnrdi:

— Esimda. Ammo meni yaxshi bilmas ekansiz, do’stim! Men gapidan qaytmaydigan odamman. Gapimdan qaytsam, erkakligim qayda qoladi, axir?!.