«Kimni yozay, dadasi?»

Xona. Bezatilgan dasturxon atrofida er, xotin va 12-13 yoshlar chamasidagi bola nonushta qilib o’tirishibdi. Kayfiyatlari chog’.

Er: Yo’q, yo’q, toychoq, siz sinfi­ngizdagi o’rtoqlaringizni yo bir kun oldin, yo bir kun keyin chaqirasiz. Tug’ilgan kuningizda sira ham to’g’ri. Xo’pmi, toychoq?

Bola: Qanaqa odamlar?

Er: Katta odamlar, kazo-kazolar, aslzodalar keladi.

Bola: U nima deganingiz?

Er: Ya’ni… sizga nima desam ekan, ya’ni yaxshi odamlar kelishadi. Endi, toychoq, siz darsingizni qiling! Bizning oyingiz bilan ishimiz bor.

Bola: Xo’p (Chetroqqa borib o’tiradi).

Er: Qani, Qutbi, qog’oz-qalam olib bunday o’tir, chaqiradigan odamlarimizning bir ro’yxatini tuzib olaylik.

Xotin: Hozir, hozir (Xotin javondan qog’oz-qalam olib eriga keltiradi).

Er: Yo’q, yo’q, o’zing yoz, xating chiroyli. Mening xatimni o’qiydigan hali onasidan tug’ilmagan. Endi ishga o’taylik. Yoz! Birinchi navbatda, ro’yxatning bosh-qoshi, uyimizning to’ri shak-shubhasiz…

Xotin: Bositxon akangiz!

Er: Ichimsan-da xotin, ichimsan. Bositxon akamlar rafiqalari bilan!

Xotin: Hoy, dadasi, bir galchalik shu Bositxon akangizni taklif qilmasak qanday bo’larkan? Axir, qachon birorta chaqiriq qilmaylik, bosh-qoshida Bositxon akangiz keladi. Bir galchalik…

Er: O’v! Bositxon akamlarning nega senga og’irligi tushib qoldi?

Xotin: Menga emas sizlarga og’irligi tushadi. Hamma xushomad o’sha kishiga. Hammalaring atrofida girgitton bo’lasizlar. Xuddi musobaqa o’ynayotganday og’izlarini poylab o’tirasizlar.

Er: Qanaqa musobaqa?

Xotin: Og’izlaridan chiqqan gapni kim birinchi ma’qullar ekan, degan musobaqa-da!

Er: (biroz anqayib qoladi) Ho… tiling qursin zahar bo’lmay! Hali men senga laganbardor bo’lib qoldimmi?.. Yeb-ichishing, boyliging, qo’sha-qo’sha gilamlar o’sha kishining orqalaridan bo’lsa…

Xotin: Bo’pti, jahlingiz chiqmasin. Chaqirsangiz-chaqiravering. Men sizlarni o’ylagandim, bir yayrab, devdim. «Podxalim»lik qilaverib juda ezilib, qiynalib ketishlari­ngizni o’ylagandim-da.

Er: Menga qara, nodon odam, o’zim ham uni bilaman, o’taketgan dimog’dor, kibrli, takabbur odam. Ammo nachora, chaqirmasdan iloj yo’q. Chaqiriq qilib uni aytmaganimni eshitib qolsa, naq oyog’imni osmondan qilib yuboradi…

Xotin: Mayli, yozdim, mana!

Er: Ikkilamchi. Mirsadriddin aka kennoyimlar bilan.

Xotin: E, qo’ysangizchi, o’sha mahmadonangizni.

Er: O’v, nodon, o’v, sodda, kaltafahm! Yoz degandan keyin yozaversang-chi! U Bositxon akamning o’ng qo’lidek gap, boshqarmada uning oldiga tushadigan laganbardor, undan o’tadigan xushomadgo’y yo’q, qolaversa, birorta o’tirish usiz o’tmaydi. Lekin kennoyimlar, haqiqatdan menga yoqmaydilar. U kishi mehmonga emas, xuddi bozorga borgandek o’zlarini ko’z-ko’z qiladilar.

Xotin: O’zlarini emas, boyliklarini deng. Tillolarini, zarlarini bozorga solib ko’z-ko’z qilgani keladilar.

Er: Xo’shsh… Endi navbat Abdurahmonbegiga. Menga qolsa, mana shu sovuqni yozmasdim.

Xotin: Voy, hammani aytib buni ajratib qo’yasizmi, eshitsa, nima degan odam bo’lasiz?

Er: Ha, eshitsa, hafa bo’ladi. Ammo yomon beta’sir odam-da! Bunaqa mechkay, bunaqa suq, bunaqa ochofatni umrim bino bo’lib ko’rmaganman. Ha, axir, mehmonga kelganingdan keyin hamma qatori obro’yingni saqlab o’tir. Yo’q, «uni opkel, buni opkel», deb do’q qiladi. Aroqni-ku, suvdek ichadi.

Xotin: O’zini o’zi desangiz, xotini o’zidan ham bachkana.  Qachon qarasa ishshaygani ishshaygan.  Tavba…

Er: Xotini durust, ochiqqina. Xotin kishining ochilib-sochilib o’tirgani ma’qul-da, kekkayib o’tirgandan.

Xotin: Ho, yoqmay o’lsin! Birovning xotini qancha ochilib-sochilib o’tirsa-da, shundaymi?

Er: Ey, gapni chalg’itmasdan yozsang-chi! Xo’sh, kimga navbat keldi. Ha, Xayrullaxo’ja qolib ketay debdi-ku!

Xotin: Xo’jani ham aytasizmi? Sal anaqaroq, deb yurasiz-ku uni.

Er: Lekin o’ziga yetkuncha shum, o’ziga yetguncha shayton, xo’jasi tushmagur.

Xotin: Keling, qatordan qolmasin, yozib qo’ya qolay.

Er: Mayli, yoz! Xo’sh, endi anavi bor-u, uni ham yozamizmi?

Xotin:  Kim ekan u?

Er: Ha, anavi lalaygan bor-u, Eshvoy, Eshvoy.

Xotin: Uni nima qilasiz, har xil qalang’i-qasang’ilarni aytaverasizmi?

Er: Endi xizmat-pizmat qilib yurarmidi, deyman-da! Choy tashish, ovqat-povqatga qarashish degandek.

Xotin: Ovqatni o’shasiz ham eplarmiz. Tengingizmas-da, dadasi, tengingiz emas!

Er: Bo’pti, o’chir yalangoyoqni! Yana kim qoldi…

Bola: Ada!

Er: Nima deysiz, toychoq?

Bola: Undan ko’ra sinfimizdagi o’rtoqlarimni aytib qo’ya qolaylik.

Er: Nega endi, ularni boshqa kuni aytamiz dedim-ku!

Bola: O’zingiz, yaxshi odamlarni chaqiraman deb, meni aldabsiz, hammasi yomon odamlar ekan-ku?!

Er: Ie, nima deganing bu, betamiz?!

Bola: Axir, boyadan beri oyim bilan o’tirib hamma keladigan mehmonlarni yomonlayapsizlar-ku!

Er: (angrayib qoladi, keyin do’q uradi) Kattalarning ishiga aralashgandan ko’ra, o’tirib darsingni tayyorla, o’v, beadab!..

 

Javlon JOVLIYEV tayyorladi,

manba: «Oila davrasida» gazetasi