JIN… (marhum qiziqchi Hojiboy TOJIBOYEV bisotidan)

 

Boyvachcha yarqiragan «Mersedes»ida svetoforning qizil chirog’iga kelib to’xtagandi, orqadan «Zaporojes» kelib urildi. Azbaroyi tutoqib ketgan boyvachcha zarda bilan pastga tushdi. Qarasa, «Zaporojes» rulida yoshi 80 dan oshgan bir chol o’tiribdi.

— Xo’sh, ota, nima qip qo’ydingiz? — baqirdi boyvachcha. — Mashina haydashni bilmasangiz, uyda o’tirmasizmi ji-im? Nima qip qo’ydingiz? Bu mashina necha pul turishini bilasizmi o’zi?

— Menga qara, — dedi qariya xotirjamlik bilan. — Namuncha vahima qilmasang? Xo’sh, qancha to’lasam, chakaging o’chadi o’zi?

Boyvachcha bu gapni eshitib battar tutoqdi.

— Vey, kulgimni qistatmang, — dedi u labi uchib. — Qancha to’laymanmish! Oldin o’zingizga oynadan bir qarang! Shalog’i chiqqan «Zaporojes» ku minganingiz, tag’in osmondan kelasiz-a vey!

— Men sendan oxirgi marta so’rayapman, — dedi chol yanada jiddiy tortib. — Qancha to’lasam uning o’chadi?

— Bo’ldi, gapni ko’paytirmang! — dedi boyvachcha. — Hozir kulaverib ichak-pichagim uzilib ketadi. Bo’ldi!

— Hali senmi meni pastga uradigan? — dedi qariya. — Qani, o’tir yonimga! O’tir dedim!

Boyvachcha ensasi qotgancha qariyaning yoniga o’tirdi.

— Xo’sh, o’tirdim. Yana nima deysiz?

— Xohlasam-chi, — dedi qariya boyvachchaning ko’zlariga tik boqib. — Anavi pachog’i chiqqan moshinang, o’zing, e, borki, uy-puyingminan sotvolaman, tuzukmi?!..

Boyvachcha jahl aralash qo’l siltab yuzini ters burdi.

— Demak, haliyam menga ishonmayapsan-a? — dedi qariya taraddudlanib. — Bo’pti, hozir… Hozir o’zing ko’rasan!..

Qariya o’rindiq ostidan bir xum chiqardi va choponining yengi bilan xumni bir necha marta siypaladi. Shu tobda kutilmagan hodisa yuz berdi. Xum qariyaning qo’lidan otilib orqa o’rindiqqa tushdi va shu zahoti ichidan tutun o’rlab, «Zaporojes» shifti ostida ulkan bir jin paydo bo’ldi. Jin ikki qo’lini ko’ksiga qo’yib, dedi:

— Amringga muntazirman, xo’jayin!

Qariya dahshatdan tosh qotib, tili-da kalimaga kelmay qolgan boyvachchaga bir qarab qo’ydi-da, buyurdi:

— Jin, boshlanishiga bizga achchiq ko’k choy damla!

— Bosh ustiga, xo’jayin!

Ko’z ochib yumguncha qariyaning yonida bir choynak ko’k choy ikkita piyola bilan paydo bo’ldi.

Boyvachcha ko’k choydan bir-ikki ho’plagach, bir jinga, bir qariyaga qarab arang so’radi:

— B-bu… Rostdan J-jinmi?

Qariya bamaylaxotir javob qildi.

— Albatta jin-da! Ko’rib turibsan-ku!

— Ota, menda bir taklif bor, — dedi boyvachcha. — Agar yo’q demasangiz, mayli… «Mersedes» bosh-ko’zdan sadaqa. Lokigin… Mana shu jinni menga soting! Og’zingizga siqqan pulni beraman!

— E, yo’-o’q, — dedi norozi bosh chayqab qariya. — Bu jin o’zimgayam kerak. U sotilmaydi, bolam.

— Bir million dollar beraman!

— Aytdim-ku sotilmaydi deb!

— 10 million dollar!..

Qariya 10 million dollarning daragini eshitgach, bir-ikki bosh qashib olib boyvachchaning taklifini ma’qullagan bo’ldi.

— Mening bolalarimdanam qaysarakansan vey! Qo’ymading-qo’ymading-da! Bo’pti, sen aytgancha bo’la qolsin! 10 million dollar bo’lsa bo’pti-da! Ammo pullarni hoziroq berasan. Men jinni nasyaga berolmayman!

— Jin… Hamma ishni eplaydi-a? — qayta so’radi boyvachcha. — Haligi…

— Ko’rding-ku o’zing! Yana nima istaysan?

— Yo’q, yo’q… Bo’ldi, hozir to’g’rilaymiz…

Boyvachcha tanish-bilishlariga qo’ng’iroq qilib, hash-pash deguncha 10 million dollarni yig’ib qariyaga tutqazdi. O’zi esa xumni qo’ltiqlagancha hovliqib uyiga jo’nadi…

Uyiga kelgach, hamma eshiklarni yopib, xotini bilan birga kattakon zalga kirdi. Zal eshigini ham ichkaridan tambalab, xotiniga xumni ko’z-ko’z qildi.

— Hozir-chi, xotin, senminan biz birdan milliarderga aylanamiz!

— Nima… Shu kichkina xum ichida 1 milliard dollar pul bormi?

Boyvachcha xotinining soddaligidan kulib peshonasiga bir-ikki chertib qo’ydi.

— O’qimagan, bu xum sehrli xumlardan. Ichiga esa haqiqiy jin berkitilgan. Hamma buyrug’ingni jon deb bajaradi.

— Yo’g’-e, rostdanmi?

— Hozir ko’rasan!

Boyvachcha xumni yengi bilan bir-ikki ishqalagandi, xum qo’lidan otilib, zal burchagiga borib tushdi va beo’xshov tovushlar taratgancha shift ostida ulkan jin paydo bo’ldi.

— Amringga muntazirman, xo’jayin!

— Oldiniga bir choynak achchiq ko’k choy damla! — buyurdi boyvachcha.

— Bosh ustiga!

Kiprik qoqqanchalik vaqt o’tmay, yonida bir choynak ko’k choy va ikkita piyola hozir bo’ldi.

Boyvachchaning xotini baqa bo’lib qolgandi. Boyvachcha esa azbaroyi to’lqinlanib ketganidan jinga buyurdi.

— Hoziroq 100 million dollar hozirla!

— Buning iloji yo’q, xo’jayin! — deya bosh egdi jin.

— Nima? Nega iloji yo’q? Jinsan-ku!

— Jinman, ammo buning sirayam iloji yo’-o’q, xo’jayi-in!

— Nimaga iloji yo’q? Gapir, ovsar!

— Chunki men faqat ko’k choy damlashni bilaman xolos-da!..

Mana shu yerga kelganda, boyvachcha aldanganini anglab yetdi. Afsuski, kech edi. Qariyani ham topa olmasdi. Sababi, manzilini ham, ismini ham bilmasdi. Melisaga ham arz qila olmasdi. «10 million pulni, jinni qaerdan topgansan?», deb so’roqqa tutishlaridan cho’chirdi.

Boyvachcha peshonasiga bir necha marta mushtladi-yu, hushidan ketib yiqildi.

Hormasboy TOLMASBOYEV tayyorladi