Mashhur hajv jurnali noan’anaviy tanlov o’tkazadigan bo’ldi. Mavzu o’ta nozik: «Ayollarning jini qo’ziganda va eri ichib kelganda yoki eri bilan urishib qolganda: bu sho’ring qurg’ur erlarga atalgan dastak — ularga ayovsiz tosh otishlari, og’iz to’ldirib so’kishlari, tiliga kelganini qaytarmay haqorat qilishlari, kamsitib qarg’ashlari xususida» edi.
G’olibga mukofot tariqasida «Matiz» avtomashinasi qo’yildi. Tanlovda qatnashish istagini bildirgan ayollar telefon orqali obdan so’rab-surishtirildi, bu ishni bosh muharrirning topshirig’iga ko’ra, uning o’rinbosari Qulmon qaychi bajarib, talabgorlarni bekitiqcha ro’yxatga ola boshladi. Barcha ishtirokchilarga tanlovning xufiyona o’tkazilishi uqtirildi, o’sha kuni 16 qavatli binoga faqat orqa eshikdan kishi bilmas va odam tanimas holda kirib kelish rejasi ham aytildi. Talabgorlar adashib yurmasin, deb felyetonlar bo’limi boshlig’i Xalil beyuz ularni pastda kutib oladigan bo’ldi. Cho’tiryuz, sholg’omburun Xalil beyuzni qay tariqa tanib olish ham telefonda ayollarning qulog’iga shipshitildi. Yashirin anjuman ko’pchilikdan, ayniqsa, muxbirlardan sir tutildi. Uni tahririyatdagi besh-oltita erkakdan boshqalarga bildirishmadi. Tanlov xolisona o’tsin, deb bu ishga xotin zoti aralashtirilmadi. Tanlovning nufuzi oshsin, deb unga bosh muharrirning shaxsan o’zi raislik qilishni bo’yniga oldi.
Jurnal xodimi — uch marta xotin olib, uch marta xotin qo’ygan, qalamidan qon yog’adigan Turtkiboy Tutruqsizovga bosh hakamga muovinlik nasib etdi. Ichkilik desa o’zini tomdan tashlaydigan Qiyomxo’ja Yetilsinov, ayollarnikidan-da uzun sochlari yelkasida silkinib turadigan, oldi-qochdi bemaza she’rlarni bo’tqadan battar bemaza qilib to’qib tashlaydigan Mirzaterak Jo’shqin, boshida sochi yo’q qip-qizil tepakal To’mtoq Betaroqlar hay’at a’zolari ro’yxatiga kiritildi.
Tanlovni eshitgan 130 ayoldan qo’ng’iroq kelib tushdi, ammo bu yurak yutib qo’ng’iroq qilgan «og’zi polvonlar»ning ko’pi eridan qo’rqibmi yoki mahalla-ko’ydan uyalibmi, yoki nomi xunuk tanlovda xunukdan-xunuk bo’lib qatnashishini o’ylabmi, shashtidan qaytishdi, bor-yo’g’i 13 nafari keldi, xolos. Ular iboli, hayoli ayollardek uzundan-uzun ko’ylak-lozimlar va yana allambalo kiyimlar kiyib, ro’mollari bilan yuzu ko’zini shunaqangi chirmab-o’rab olishgandiki, agar shunday qilishmasa xuddi orqasidan eri kelib, tanib qolib ayamasdan, o’ylamasdan uch taloq qo’yib yuboradigandek edi go’yo. Ammo ro’mollar orasidan ularning chaqnoq va o’tkir, nafratga to’la dona ko’zlari javdirab, atrofga ming hadikda alanglab turardi. Shartlashilgandek, ayollarning hech biri asl ism-sharifini aytmas, qachonlardir erimi, boshqalarmi qo’ygan — «Beyuz», «Befarosat», «Bezbet» «Betgachopar», «Behayo», «Qora kobra», «Chayon», «Iblis», Anakonda», «Bomba», «Yalmog’iz» kabi laqablarini shivirlab aytishardi. Bosh muharrir ham maxfiylikni yanada oshirib, har bir laqab to’g’risiga erining kasbini yozib, yoniga raqam qo’ydi.
— Hamma keladiganlar kelib bo’ldi, chamamda. Ming bor uzr. «13» raqami unchalik xosiyatlimas, lekin ne iloj, vaqt ketmasin, tanlovni boshlasak, — dedi bosh muharrir qarshisida o’tirgan novchagina chiroyli ayolga qarab, sal ovozi titrab. Boshqalar ham negadir o’zaro sovuq ko’z urishtirib olishdi.
— Birinchi so’z, — deya rais daftardan «1» raqami yonidagi «yozuvchining xotini» degan qaydni xushlamaygina o’qidi.
Ayollar ichida o’zini ko’pam o’rab-chirmamagan, yuzi ochiq, qoshu ko’zlari ham go’zal husniga yanada husn qo’shib turgan, hamon yoshlik tarovatini yo’qotmagan ellik yoshlardagi ayol dadil o’rnidan turdi va minbarga shaxdam chiqdi, keyin hakamlar tomon yoqimsiz qarab tupugini ichiga yutdi.
— Bilasiz, mavzumiz o’ta nozik, — dedi boshliq «1»ga qarab. — Tanlovimiz jonliroq chiqishi uchun hamma menga qarab, meni o’sha yaramas erining o’rnida ko’rib tortinmay so’kinaversin. Xafa bo’lish yo’q. Xafa bo’lgan nomard! Qani, boshlang.
— Bu yer yutkur ablah, er zoti shunaqa bo’lsa, er bo’lmay qora yer bo’lsin! U yashshamagurga tekkuncha ersiz o’tganim yaxshiydi? — ayol g’azabini hech kimdan yashirmay baralla gap boshladi. — Xudoga shukr, poytaxtda yashaymiz. Biroq yozuvchi bo’lmay har narsa bo’lgur 30 yildan buyon topganini qishloqqa tashiydi. Yeri bor, uy quraman, deydi. Qani shu paytgacha qurgani, yaramas, tashmachi. Toshkentda yashab-yashab o’lsa, qishlog’ining mozoriga ko’milishga orzumand. Nima, u yerda o’lib ketgan otangu bobongning arvohi bilan hasratlasharmiding? Hamma bola-chaqasini o’ylab, nima qilsa shaharda qiladi. Ota yurti emish, ena yurti emish. Ota-onasining chirog’ini yoqarmish. Ularni tirigida tashlab, yozaman, chizaman deb shaharga kelgan va vaqtida ulardan xabar olmagan odamda endi qariganda mehr qo’zg’alib qolibdi. E, o’lgan ota-onang sening sham tutatishingga zormidi? O’zing bir araqxo’r, alkash bo’lsang! Ming aytadi, qasam ichadi, ichishni tashlayman deb, qayda, ertasigayoq qasamini buzadi. Qasamxo’r! «Bor, o’sha qishlog’ingda qurgan uyingga borib yasha!» deb haydasang ham ketmaydi. Itni ket desang ketadi, ammo-lekin bu surbet ketmaydi.
Ishlamaydi. Nafaqa yoshiga yetgan kunidan buyon… Parazit! Tekinxo’r! Sulloh! Men ahmoq esa oilam yaxshiroq yashasin, deb ikkita joyda ishlayman. Axir erkak kishi qanaqa qilib kun bo’yi uyda qamalib o’tiradi, hech tushunolmayman. To’rt muchali sog’ uykatak… G’irt tekinxo’r! Uyda o’tirgani yetmay, ichadi! Sen tengilar ishlayapti. Tekintomoq! Yaxshi gapirsang, boshingga chiqib oladi! Kasalman deydi-yu, ichkilik desa o’zini tomdan tashlaydi. Nafsingga o’t tushsin! Shunchalik ko’p ichadiki, og’ziga gugurt chaqsang yonadi. Yaqinda bir restoranda o’tirib ichibdi, keyin g’irt mast bo’lib To’ytepada ishlaydigan o’g’lim To’ychivoyni ishidan chaqirtiribdi, meni uyga opket deb. Ey, ahmoq, nega bolamni ishidan chaqirasan?! Tentakka To’ytepa nima, deganlari shumikin? Unga obergan mashinamga sariq chaqa qo’sholmagansan-ku! Nima qilib qo’yding, o’zi sen bu uyga?
Do’stlari olimu fuzalo… Hamma ta’zim qiladi: Hakimjon domla, Sobirjon professor… U bularning bitta harom tukiga arzimaydi. Ular ichsa yarashadi, ko’p narsani qoyillatib qo’yishgan. Senga balo bormi, ichib? Nimani qoyillatib qo’ygansan o’zi bu dunyoda?!
Ijodkormish! O’zi nafaqada-yu, «Xizmat qaerda?» deb so’raganlarga ishlamaganini xaspo’shlab «Ishlamayman», deb rostini aytish o’rniga og’zini to’ldirib «Erkin ijodkorman», deydi. Erkinmish. Osmonda uchadigan qushgina erkin bo’ladi, yashshamagur! E, erkin bo’lmay har narsa bo’l, mo’ridan uchgan qora tutunday qurib ket! Sening erkinligingga birov bir tiyin berib qo’yarmidi… Savlatidan it xurkadi — bekorchixo’ja, dangasa, yalqov…
Yozuvchimish! Qay go’rlarda ichib, uyga taksida keladi. Pulini biz to’laganimiz yetmaganday ularga yozgan kitoblaridan tekinga bervoradi. E-e, pul topaman, deb ko’chaga chiqqan taksichi kitob o’qiydimi?
Shu qiliqlariga yarasha nafaqasini ham vaqtida bermay kuydiradi. Barakasini uchirib, bir hafta yashirib yurib, keyin beradi. Beradi-da. Bermasin-chi, qozonini boshqa qip qo’yaman, ochidan o’ladi…
«1»ning ezmaligidan barchaning ensasi qotdi. Ammo tanlov shartiga ko’ra so’kishlari binoyidek edi. Gap yo’q! Boshliq qosh uchirib, muoviniga ma’noli qarab qo’ydi.
— Sizniki yetarli, — dedi Turtkiboy Tutruqsizov «1»ga sovuq tikilib. — Boshqalarga ham navbat tegsin. Bunaqada tanlovimiz cho’zili-ib ketadi.
— Voy, endigina boshladim-ku. Hali indallosiga o’tganim yo’q.
— Shuyog’i ham yetadi! — deya bahsga chek qo’ydi boshliq va ayollar tomon xitob qildi. — Ikkinchi raqamga navbat!
Bunisi otarchi artistning xotini edi.
— Baqiroq artistga xotin bo’lmay men o’lay! — kelishgan, to’lacha, tang’ib o’rab olgan ro’moli orasidan jilolanib turgan katta-katta shahlo ko’zlariyu qoshlari bo’yalgan ko’rkamgina ayol ham dadil gap boshladi. — U suyuqoyoq bitta to’yda ashula aytib, tikilib-tikilib qarayversa, esim og’ib, qo’shig’iga avranib menam unga tikilaveribman, tikilaveribman, oxiri o’sha kuni telpon raqamimni so’rasa bervoribman, oxiridanam oxiri to’y. O’sha kunning padariga ming la’nat! Bu artist deganni uzoqdan ko’ru ashullasini eshitgin, juda yoqib qolsa, chakkasiga pulni qistirgin-u, sira-sira o’ziga yaqinlashmay qochvorish kerak ekan. Men tentak esa… Ular judayam past bo’larkan. Pul desa o’zini tomdan tashlaydi. To’ydan topib kelgan pulini dasturxonga yozib, ertalabgacha qayta-qayta sanayveradi. Ba’zan «Ming so’m yetmayapti, shuni berib tur, butlab qo’yay», deb meni shirin uyqudan uyg’otadi. He, butlamay sochilib ket! O’zidan pista chaqishga pul so’rasang uch-to’rt kun aldab, bir tiyin bermaydi, «Mayda pulim yo’q», deb bahona qiladi, yaramas xasis! Pulga tuzoq qo’ymay o’l! Xasislikda Qori Ishkambadan ham o’tadi. Menga uylangach, devor yiqilsa ichkariga yiqilsin, deb yoshligimda rosa o’yinchi qip o’ynatgan. Tushumdagi mening ulushimni o’zi olib, menga sariq chaqa bermagan. Yoshim o’tib qolgach, juvarmak o’lgur meni chetga surib, endilikda topib olgan yosh-yosh qiz-juvonlarni «yallamayorim»ga o’ynatadi, bittasidan bolasi borligini bilaman… Yashshamagur, menga o’z dolyamning chaqasini ham ko’rsatmagan xasis endi ularga o’z dolyasini ham qo’shib bervoradi, uyga gohida qo’lini burniga tiqib, asbobini xomush ko’tarib, qo’li quruq keladi. So’rab-surishtirsam qirq mingta bahona topadi, haqiqiy artist bo’p, rol o’ynab xiringlaydi… E, eshshakka o’xshab hangrab pul topmay o’lgur! Ovozing o’chkur! Afsus! Afsus! Kelib-kelib shu baqiroq ziqna otarchiga tegamanmi-ya? Peshonam qursin, sho’r bo’may!
Maqsovi torligini aytmaysizmi? Uyga kelgan mehmonning qo’liga qaraydi. Bu borada hatto o’zicha matal to’qigan, uyalmasdan uni hammaga aytib yuradi. «Dunyoda ikkita narsani yomon ko’raman: bittasi — quruq qo’l bilan kelgan mehmon! Yana bittasi — bo’sh turgan butilka» emish. E, matalingdan o’rguldim, to’qigan matalingga qo’shilib qo’shmozor bo’lgur!
Uyga bir oyda bir kilo go’sht obkeladi, xolos. «Go’sht insonni qaritadi!» — ziqnaligini oqlashga topib olgan gapi shu! E-e, umrbod yosharib o’tishni behuda orzulamay o’l, mirzaquruq!
Urishib qolganimizda meni «qari tulki» deb haqorat qiladi, he, tiling kesilib, harom o’lgur. Men tulki bo’lsam, sen qaysi hayvonsan, cho’chqadan battar, kasofat!
— Opa, yetar! — bosh muharrirning qovog’i osilayotganini ko’rib o’rinbosar ikkinchining gapini bo’ldi.
— Voy, bu qanaqa tanlov o’zi, bundoq emin-erkin gapirishga ham qo’ymaysizlar-a. Atay tanlov bahonasida yuragimdagi dardlarni bir to’kib, picha yengillashay deb dovon oshib vodiydan kelganman-a, buyog’ini so’rasangiz yaramas erimdan bekitiqcha qo’shnilardan qarz-havola qip kelganman, eshitinglarda endi oxirigacha… Axir yaxshi kinolaram ikki seriyali bo’ladi!
— Shu yog’i ham yetadi!
Hakamlik qilayotgan bosh muharrirning keskin gapidan so’ng «2»ning ovozi o’chdi. Keyin hakam beshafqat avj olayotgan haqoratlar yomg’iri biroz susayarmikin, har holda o’zimizniki-ku deb so’zni uchinchi va to’rtinchi qolib, beshinchiga — ism-familiyasi o’rniga «Anakonda» — «ziqna muallimning xotini», deb qayd etib qo’yilgan jurnalist ayolga berdi. Ko’hligina ayol minbarga ko’tarildi. U o’zining oydek husnini boshqalar kabi o’rab-chimdab ham olmagandi.
— Menikiyam birov havas qilmaydigan er. Maydagaplikda, ziqnalikda u yaramasdan o’tadigani yo’q. Qozonga solinadigan yog’u go’shtni qo’ying, hatto tuzni o’lchab beradi, sabzi-piyozni-ku sanab… Shuning uchun uyda erim ishdan kelgunicha ochlikdan o’lay desak ham qozon osmay o’tiramiz. Uyga bitta kir sovun obkelsa, bir yil poroshokka pul bermaydi. Ammo o’z foydasini biladi, hatto hojatxonadan chiqqan qog’ozni maklaturaga topshiradi. Iflos, yaramas! Ja maklatura yig’aman desang, yuzingga qora bo’yoq chaplab ol-da, ko’chaga chiq, ko’cha to’la bakalashka, bo’shagan sok idishlari-yu parcha-parcha qog’ozlar beton ariqlarni to’ldirib yotibdi, senga o’xshaganlarni kutib. O’shalarni ter, sassiq narsaga yopishmay, didi past ishbilarmon! Qolaversa, eski qoralamalarimni obor o’sha maklaturachiga! Pastkash! Yana shu turishiga rashkchi, badgumon. He, behudaga rashk qilmay o’l ziqna!
«5» picha jim qoldi, o’zicha u yoq-bu yog’ini tuzatdi. Keyin bosh muharrirga yoqimsiz tikilganicha davom etdi:
— Tunov kuni uyimizdan besh mahalla naridagi maktab yonida yangi zamonaviy suzish havzasi ochildi. Gazeta topshirig’i — bordim. Yopiq basseyn atrofida odam tig’iz, hamma tik turgan, shu payt olomon safiga yangilari kelib qo’shilib, tirbandlik kuchaydi va shunda kimdir ust-boshi bilan yangi hovuzga «shalop» etib tushib ketdi. Uni amallab tortib olishdi. Qarasam, o’zimizning ziqna gumondor. O’zi sportning «s»siga tushunmaydi-yu, lekin shu yergayam kelibdi. Bu yerda u muttahamga balo bormidi? Bilaman, orqamdan iskovich itday hidlanib kelgan. E, rashkchi bo’lmay har balo bo’lgur. Mana shunaqa u. Maktabda darsi bo’lsayam birovlarga «O’tib turing» deb borar joyimga poylab kelaveradi. Uning mana shunaqa hid iskashlaridan to’ydim. Badgumon erning xurmacha qiliqlari jonga tegdi. Bo’lmaganga bo’lishma, deb men aytaversam va siz yozaversangiz u ziqna, gumondor ablahning qiliqlari jurnalingizga bir dunyo mavzu bo’ladi. Qaerdan qalam haqi olsam hididan biladi. Qalam haqini biror kunga yarar deb uch xonali uyning o’ttiz uchta burchagiga yashirib ko’rdim, baribir, iskab topadi. Go’yo iskovich it! Topib nima qiladi, dersiz. Ichadi. Ichvolib esa qaerdagi bo’lmag’ur eski gaplarni qo’zg’ab, tezakday sasib tergaydi. «Kecha qaerda eding? Nimaga kech kelding?» Endi bunisi ortiqcha, tuzingni yeb tuzlug’ingga tupurish-ku! Shunday betavfiq bilan yashayotganimga menga rahmat, denglar…
Ayol qo’liga qaerdandir paydo bo’lgan ro’molchani olib, namlana boshlagan ko’z yoshlarini artib, o’z joyiga borib o’tirdi. Uning chakagi o’chgach, hamma birdaniga jimib qoldi. Uning diydiyosini hech kim bo’lmagandi. Yana qancha sayrasa eshitishardi. Axir eshituvchilar ham jurnalist edi-da. Barcha hamkasb ayolga hamdard qarashdi. Mukofotni berishsa, mana shunaqasiga berishadi-da.
Navbat oq xalat kiygan sihatgoh vannaxonasida ishlaydigan do’mboqqina ayolga tegdi. U sakkizinchi edi.
— Mening erim ham avliyomas. Katta joyda ishlaydi. Lekin menikiyam o’lguday rashkchi, yo’q yerdan janjal chiqarishga usta. Vannaxonada ishlaganingdan keyin… Axir kim kiyimini yechmay vannaga tushadi… Rashking ko’p qo’zg’ayversa, ishlatma! — u sergak tortib atrofga alanglab qo’ydi. — Urishib qolganimizda men uni boplab so’kaman. Boshqalarga o’xshab sasimayman. Mana, eshitinglar: «He, og’zingdan qon emas, dollar qus, men ularni terib-terib olib, bolalaringga sarflay! Bu dunyoda azoblanib uzoq yasha: mingga kirib mayizday so’lib o’l, yuzga kirib uzumga osilib o’l! Men seni bag’rimga shundaygina bosayki, mana shu chiroyli basharangdan suyib-suyib, tishlab-tishlab olay, aft-basharangdan qoning oqsin. O’zim hamshiraman, Gippokrat qasamini ichgan bo’lsam-da, sen o’lmagurni davolamay, oqqan qonlaringga tomoshabin bo’lay!»
U o’z qomatini namoyish qilgandek ko’kraklarini viqor bilan oldinga niqtab minbarni tark etdi. Zalga jimlik cho’kdi. Shunda hay’at a’zolari orasidan kimdir «Zo’r, orginal!» deganicha bexosdan qarsak chalib yubordi. Boshqalar unga qo’shilishdi. Do’mboq hamshiraning haqoratlari ham chakki emasdi.
Qolganlarga ham gap tegdi: galma-gal navbat olishib, o’z eridan og’zilariga siqqanicha yozg’irishdi, er zotini tuproqqa qorib, badanini botqoqqa botirib, basharalariga qorakuya surkab, xohlagancha xo’p ko’ngillarini bo’shatishdi.
Navbat g’oliblarni aniqlashga yetib keldi. Keskin muhokama boshlandi. Biri u dedi, biri bu dedi… Tortishuv cho’zilgandan cho’zildi. Ko’pchilik, baribir, o’sha birinchi so’z olgan, gapni cho’zib haqoratlarni do’lday yog’dirgan yozuvchining xotiniga bosh sovrinni munosib ko’rishdi… Buni eshitgan so’kong’ich ayollar o’zaro g’ala-g’ovur ko’tarishdi. Shu payt tanlov raisi, jurnal bosh muharriri ayollarga yomon qarab kutilmagan taklifni o’rtaga tashladi.
— Mukofotga chindanam yozuvchining xotini haqli. Ammo boshqalar ham undan kam emasdi. Biroq ming qilsa ham bu xotinning og’zidan sassiq o’radan keladigan qo’lansa hiddek bema’ni so’kishlar chiqqani rost. Lekin masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Erkin zamonda yashayapmiz. Mana shu tanlovning o’tkazilishi ham demokratiyadan nishona… Buni unutmasligimiz kerak! Axir biz ham jurnalistmiz, ijodkormiz. Bizam ichamiz! Bizning xotinlar ham so’kag’on, ularning ba’zi haqoratlariga ilon po’st tashlaydi. Shu tomonlarini ham o’ylash darkor! Shuning uchun, menimcha, mukofotni bu ayolga emas, uning haqoratlariga shuncha yildan buyon chidab, u bilan birga yashab kelayotgan, xotinining haqoratlariga mardlarcha ko’ksini qalqon qilib kelayotgan eriga — muhtaram, bechora yozuvchiga bersak, adolatdan bo’lmaydimi?!
Zalga yana suv quygandek jimlik cho’kdi. Oxiri bosh muharrirning chap yonida o’tirgan Mirzaterak Jo’shqin jimlikka chiday olmay beixtiyor «Ur-ra!» deb hayqirib yubordi. Birin-ketin boshqalar unga qo’shilishdi: «Yashasin! Ur-ra! Bra-vo!» Hech kim muharrirning durdona fikriga qarshi chiqa olmadi. Qaytaga buni har kim o’zicha yozuvchining shallaqi xotinidan bechora adib uchun o’z o’rnida boplab o’ch olish deb tushundi.
Mukofot ilinjida kelgan ayollar yuz g’azabiga ming g’azab qo’shilib, mushtlarini tugib, peshonalari tirishib, sekin-asta tarqalishdi. Ular orasida aytilgan so’nggi haqarotlar hay’at a’zolari qulog’iga olis-yaqindan beixtiyor chalinardi.
— Odam bo’lmay ketkurlar, yer yutkurlar, erkak zotida adolat bormi?
— Hammasi bir go’r! Yaramas! Alkash! Befarosatlar!
— Tanlov emish! Ularni ahmoq qilib, ichlaridagi sirni o’g’irlab… Tanloving boshingdan ordona qolsin!
— Tanloving bilan qo’shmozor bo’lgurlar!
Bu alamzada so’zlarni eshitgan erkaklarning alami tarqaganda tarqardi…
«Hordiq plyus» gazetasidan