«LAYLI VA MAJNUN»
(hajviya)
Shvarsneggerning ukasi
O’n to’qqizga kirgan qahramonim Madrayim judayam olis qishloqda yashaydi. Barvasta, tog’ni ursa tolqon qiladigan yigit. Yumushi bitta. Qishloq qo’ylarini boqadi. Bir so’z bilan aytganda, cho’pon. Shu yumushini ado qili-ib tinchgina yuruvdi. Maydaboy do’kondorning o’g’li qo’yarda-qo’ymay uyiga olib borib internetga kirishni o’rgatdi-yu, hammasi chalkashib ketdi. Madrayim internetda Layli ismli qizning suratini ko’rib qoldi. Qiz oy desa oyday, kun desa kunday go’zal ekan. Madrayim o’sha kundanoq g’alati bo’lib qoldi. Goh qo’ylarni yaylovga olib chiqib, birozdan keyin ularni unutib qo’yadigan, boshini eggancha uyiga qaytvoradigan bo’ldi. Yoki ba’zida qo’ylarni haydab keliboq, damba ustiga chiqib ketaverdi. Dambaning qumi mayin. Qumni barmoqlari bilan kovla-ab, Laylisini o’ylayverdi. Otasi Urayim aka hayron. Madrayimga nima bo’lganini bilgisi kelib xotini Surmanisadan so’raydi. Xotiniyam yelka qisishdan nariga o’tmaydi. Qishloqdagilar esa shu kungacha otasi olib bergan sport kostyumini kiyganda, xuddi kinodagi Shvarsneggerga o’xshab qolgani bois, «Shvarsneggerning ukasi» deb laqab qo’yvolishgandi. Haligiday esi haminqadar bo’lib qolgach, do’kondorning o’g’lidan bo’lgan gapni bilib olib, laqabni o’zgartirishdi. Endi uni hamma Majnun deb chaqiradigan bo’ldi.
G’oyibona muhabbat
Majnun esa bularning hech biriga e’tibor qilmadi. O’sha sport kiyimida tushgan suratini Internet orqali Laylisiga yubordi va ketidan maktub yozdi.
«Men seni sevaman, Layli!»
Zum o’tmay, Laylidan javob keldi:
«Otvali-a!» (Daf bo’l-e!)
Majnun azbaroyi hayajonlanganidan yana javob yozdi:
«Sevgilim, men Valimasman, Madrayimman! Sening ishqingda bir umr kuyib, dambalar ustida o’tirib chiqishgayam, tarki dunyo qilishgayam tayyorman! Meni qo’ylariyam, tomorqalariyam, yaylovlariyam qiziqtirmaydi! Seni uzoqdan ko’rib tursam bas!»
Layli darhol javob qaytardi:
«Impotent chto-li?» (Zaiflardanmisan?)
Majnun bir muddat savolning mag’zini chaqqan bo’ldi-yu, ehtiyot shart uyoq-buyog’iga qarab olib shunday dedi:
«Yo’-o’q, Laylim, menda internetga patent yo’q. Bizdaqa qo’yboqarlarga yo’l bo’lsin patent olishga!?. Do’kondorning o’g’lida internet bor. O’shanikidan yozyapman!..»
Layli javob berdi:
«Ne zavodis!» (Hovliqma)
«Zavodda ishlay olmayman»
Majnun yana o’yga toldi. «Qanday mehribon ekan mening Laylim! — o’yladi o’zicha. — Meni zavodga ishga kiritib qo’ymoqchimi? Faqat oxirgi ish so’zini noto’g’ri yozibdi. «S» ning o’rniga «Sh» yozish kerak edi. Lekin baribir tan berdim. So’zlarni qisqartirib yozarkan. Laylimning vaqti kam bo’ladi-da! Har holda shaharlik. Shundayam menday g’arib uchun vaqt ajratib javob yozganidan boshim osmonga yetdi. Ammo… Yo’-o’q, Layli, men qishlog’imni tashlab sen aytgan zavodga keta olmayman! Ishon, biz taraflarga kelsang, o’zingam qoyil qolasan. Hammayoq ko’m-ko’k yaylov, qo’y-qo’zilar, seni otga mingashtirib qishloq aylantirgan bo’lardim o’zimga qolsa! Afsuski, qudratim yetmaydi. Sen, axir, Laylisan! Go’zalsan, huriliqosan! Mayli, shunisigayam shukr! Uzoqdan suratingni ko’rib tursam, muhabbatga, mehrga to’la mana shu maktublaringni o’qib yursam bas!..»
Uchrashuv
Oradan olti oy o’tdi. Yoz jaziramasida qo’ylarini dam olishga yotqizib, Majnunning o’zi damba ustida pinakka ketgan ekan. Katta yo’l bo’yida mashinaning cho’zib signal chalishidan cho’chib uyg’ondi. Ne ko’z bilan ko’rsinki, mashina yonida uzun bo’yli bir qiz unga qarab turardi.
«Layli, ha, bu Layli!» — ko’nglidan o’tkazdi Majnun va o’sha tomonga chopa ketdi. Shu tobda uning yuragi potirlar, hayajondan yuzlari bo’g’riqib ketgan va shu bilan birga mamnun edi. Visolga yetganlik shukronasi Majnunni ado qilayozgandi.
Majnun chamasi yigirma besh metr beriroqda taqqa to’xtadi. Bir muddat qizning ochiq yelkasi, kaltadan-kalta yubkasiga sovuq tikilib qoldi. So’ngra da’fatan yuzini ters burib oldi.
— Yo’q, bu mening Laylim emas, — dedi o’ziga o’zi. — Mening Laylim ko’ylak-lozimda edi! Ana, suratidayam xuddi shunday. Sochi taqimini o’pardi. Ko’zlariga surma tortib olgandi. Sen bo’lsang… He diydoring qursin, uyatsiz! Yo’qol-e, daf bo’l-e!..
— Hoy, Majnun! — qichqirdi qiz turgan yerida. — Nega baqrayib qolding? Men o’sha Layliman! Kelmaysanmi? Otga mindirib qishloq aylantirmaysanmi?..
Majnun qaytmadi. Jonholatda yugurgancha o’zining sevimli dambasi ustiga chiqib qoldi. Turaverdi. Qorong’i tushsa ham, qo’ylar ma’rasa ham e’tibor qilmadi…
Aytishlaricha, Majnun o’sha uchrashuvdan beri dambani makon tutganmish. Nuqul ko’ylak-lozimdagi Laylining suratiga tikilarmish. Ko’kka boqib tinimsiz suratdagi haqiqiy Laylisini qishlog’iga chorlarmish.
Afsuski, haliyam Laylidan darak bo’lmabdi.
Egachi, aytolmaysizmi, haqiqiy Layli kelarmikan-a?
Olimjon HAYIT