TIPRATIKON MONOLOGI
(hajviya)
Qarilik qursin
Qariyapman shekilli. Tezroq yugursam, tikonlarim to’kilib qoladigan bo’libdi. Tikoni kam tipratikon hech baloga yaroqsiz bo’larkan. Hatto sichqon ham o’tgan-ketganda ezib olaverib zada qilarkan. Ilgarigi holim bo’lsa-yu, meni ezgan o’sha sichqonvachcha enasini uchqo’rg’ondanam ko’rolmay qolardi. Nima qilay? Tikonlarim to’kilmagan taqdirdayam baribir nobop bo’p qolgan. Tekkanni titratib, seskantirolmaydi. Judayam mo’rtlashib ketgan tikonlarim. Alam qilarkan. Kuni kecha suvilon bilan shundoq to’qnash kelib qoldim. Padaringga la’nat suvilon boshini ko’targancha menga tik qarab turibdi. Qo’rqish uyoqda qolsin, bir marta seskanib ham qo’ymadi-ya noinsof! Hech qursa yoshimizni hurmat qilsa kamayib qolmasdi. Qo’limdan nimayam kelardi. Miq etmadim. Qo’l kaltaligi, tikonlarimning mo’rtligi pand berdi. Vishillasayam, meni masxara qilib raqs tushsayam tishni tishga bosdim-u, o’tib ketdim. Ilgari ilonlar mendan qo’rqishardi, hurmatimni joyiga qo’yib yo’l bo’shatishardi. Yoki ularga sichqonning ini ming tanga bo’lardi…
Akammisan, ukammisan?
Biz tipratikonlar avlod-ajdodimiz bilan pana-pastqamlarda in qurib yashashga o’rganganmiz. Qolaversa, biz kunduzlari maza qilib uxlab, kechasi ovga chiqamiz. Ota-buvamiz hammamizni shunga o’rgatgan. Ammo kim ham hashamatli inda istirohat qilishni, shohona dasturxondan taom tanovul qilishni xohlamaydi deysiz. Men tug’ilganimdan beri shu orzu bilan yashadim. Qarang, «yaxshi niyat — yarim davlat» deganlari rost ekan. Kunlarning birida kunduzi uyqum qochib, inim atrofida aylanib yursam, bir odam shartta meni ko’tarib oldi-yu, allaqaergadir ola ketdi. Oldiniga qo’rqdim. «Bu qassob bo’lsa, meni go’shtga tortib yuborsa nima qilarkanman?» degan xayol miyamni kemira boshladi. Chunki, bovam rahmatliniyam xuddi shunga o’xshagan odamlar yeb qo’yishgan ekan. Kirpi momom aytib bergandi. Momomning gaplari miyamda aylangani sayin vahimaga tushaverdim. Hammayog’im dag’-dag’ titrab, tikonimga o’ralib olishni-da unutib, meni ko’tarib olgan odamga umidvor tikildim. Aftidan yomon odamga o’xshamadi. Baribir qo’rquv zo’r kelib xayolan qavmlarim bilan vidolashdim, enamning gapiga kirib jimgina inda uxlamaganim uchun o’zimni o’zim qarg’ay-qarg’ay ketaverdim.
Yo rabbim! Ahmoq va o’lguday anqov ekanman. Allaqachon oq bilan qorani ajrata biladigan yoshga yetganimni unutibman. Bu odam meni orzumdagi hashamatli inga olib keldi. Yo’q, buni in ham deb bo’lmaydi. Tipratikonlar tilida bunaqa joylar saroy deyiladi. Ichkariga kirib meni qo’yib yuborishi bilan darrov ulkan, nuqul dirillayveradigan baland quti ortiga berkindim. Ochig’i, qo’rqqanimdanmas, uyalganimdan, nomus kuchli kelib berkinishga majbur bo’lgandim. Qarang, birpas o’tib asta quti ortidan chiqsam, u odam men uchun tansiq va mazali taomlar tortibdi. Harqalay, erkakman-da, ishqilib, chiqib qolmasin, ko’rsa, bu yetim, tashlandiq ekan, degan xayolga bormasin kabi o’ylarni boshimdan kechirib, o’ta ehtiyotkorlik bilan taomlarga yaqinlashdim. Hech kim ko’rinmagach, ishtaha bilan taomlarni tanovul qildim. Qorin to’ygach esa…
Ishoning, bu koshonada yashay boshlaganimga bir oydan oshdi. Hech narsadan kamim yo’q. Yeganim tansiq taomlar-u, ichganim mineralka. Bu nima deysizmi? Qaerdan bilay? Uy egalari shunaqa deyishganini eshitib qolgandim. To’g’ri aytishgan shekilli. Nimagaki, bu ko’chalardagi ko’lmak suvdan anchagina totli ekan…
Ammo bir savol meni qiynab tinchlik bermaydi. Bu mehribon odamni kim deb atay? Ukam deymikan desam, bo’yi menikidan o’n hissa baland. Aka deyishga yana til bormaydi. Chunki yoshi mendan ancha kichik…
Ha, topdim, xo’jayin deb atayman uni. Shunisi ma’qul. Axir, xo’jayindan qaeri kam? Mendek g’aribni ko’tarib olib hashamatli uyidan joy berdi! Bunday xo’jayinga ta’zim qilib yashash kerak, inim!..
Muhabbatdan kuydim!
Xo’jayinning koshonasida istirohat qila boshlaganimdan beri tikonlarim mo’rtlashmay qo’ydi. O’zim ham ancha tetiklashib, boshni baland ko’tarib yura oladigan bo’ldim. Ayniqsa, koshonada tez-tez suvaraklar shundoq qarshimdan chiqib qolishi zo’r bo’ldi. Bu nima deysizmi? E, suvarak bizning tilda delikates deyiladi. Bunaqa tansiq taomni yemabsiz, dunyoga kelmabsiz. Ie, farangiston degan joylarda bu taomni falon pulga restorandan sotib olisharkan. Kirpi momom aytib bergan…
Faqat bir narsa meni qiynay boshladi. Shu kungacha o’zimga munosib tipratikonoyimni topish, bola-chaqa qilish, ro’zg’or tebratish, juftimni qattiq sevish orzusi bilan yashab kelardim. Afsuski, bir voqea sabab bo’lib hammasidan voz kechdim…
Karoche, yaqinda bir qiz koshonaga kirib keldi-da, men berkingan dirilloq qutiga suyangancha telefon orqali kimgadir hiring-hiring qila boshladi. Bildimki, u sevgan yigiti bilan gaplashyapti. Yashirmayman, o’sha yigitga havasim kelib ketdi. Qanday baxtli! Shunday chiroyli qiz uni sevibdi! Qandini ursin!..
Biroq sal o’tmay, u boshqasiga hiringlay boshladi. Butkul boshqa tilda gaplashsayam, hammasini tushundim. Har holda men savremenniy tipratikonlardanman. Ancha-muncha tilni bilaman…
Hiringlash hali tugamay, koshonaga yana bir qiz kirdi. Dirilloq qutining yonidagi qizga dugona shekilli. So’rashib bo’lgach, norozi ohangda dugonasini savolga tuta ketdi.
— Hay, o’rtoqjon, boshqasini sevib qoldingmi deyman? Falonchi nima bo’ladi endi?
— E, o’lib ketsin savil, — deya lab burdi qiz. — Jonimga tegdi o’sha latta!.. Boshqasini topdim. Bunisi biror yerga bormoqchi bo’lsam, tekinga moshinasida oborib keladi. Shunga…
— Pismadonchi-chi? Adashmasam, ungayam xohish bildirganding shekilli?..
— Umi? — dedi qiz g’alati kulimsirab. — U menga paynet qilib berib turadi. Shuning uchun sevaman uni!..
Yo tavba-a!.. Qizning qilig’idan tikonlarim tik turdi. Paynet pul bilan bog’liq narsa ekaniga shubham qolmay, g’ijinaverdim. Sal qursa, chopib chiqib paypoqsiz, tirnoqlari bo’yalgan ikki oyog’iga baravar yumalab yuboray dedim. O’zimni bosdim. Oxirini o’yladim. Lekin… Muhabbatdan sovidim. Agar ayol kishi allanarsalarni deb birdan uch erkakka va’da bersa, sadoqat, sevgi deganlari qaerda qoladi? Nahotki, mening bo’lg’usi tipratikonoyim ham shular xilidan bo’lsa?..
Qurib ketsin! Muhabbatning qimmati shunchalar arzon tursa, uylanmaganim bo’lsin! Bosh qashiy-qashiy bir qarorga keldim.
Ishqilib, xo’jayinning nazaridan qo’ymasin! Shu koshonadan haydalmasam, bir umr tanho yashaganim, hech bir tipratikonoyga qalbimni ochmaganim bo’lsin!
Olimjon HAYIT
loading…