Haqiqiy hangomaning bundan battari bo'lmaydi…

 

 

«TIL»

(hajviya)

 

***

 

Keyingi kunlarda Olimtoyning bo’lari bo’ldi. Yuragining mazasi qochib, bannisadan beri kela olmaydi. Do’xtir deganlariyam har xil ekan. Biri yurma desa, biri yugur deydi. Ikkinchisi umuman go’sht yeyishni taqiqlasa, uchinchi biri asta ko’z qisib: “imi-jimida yeyavering” deb qo’yadi. Ularning yozib bergan dorilari-chi? Bitta dorini ichsa, qon bosim yettinchi osmondan qulagan qushday pastlab ketadi. Boshqasini yutdi deguncha halovati ming chandon ko’tarilib, nafas olishga qiynalib, o’zini qo’yarga joy topolmay qoladi. Buyoqda cho’ntak masalasiniyam bir balo qildi kasallik. Cho’ntagining shalvirashini o’ylasa, o’lay deydi…

Shunday o’ylar bilan kissasini changallagancha kelayotgandi, yo’lidan oshnasi Meli bo’qoq chiqib qoldi.

— Ie, Olimtoy, o’zingmisan? — kulib birodarining ikki yelkasiga qo’l tashladi Meli. — Suvga tushgan mushukday shalvirab qopsan? Be, o’tib ketadi yurak og’rig’ing! Sal boshni balandroq ko’targin-da endi!

— Sen nimaniyam bilarding, — yer chizdi Olimtoy. — Yurak-ku mayli, chidasa bo’ladi. Kissa jabr ko’ryapti-da! Qaysi do’xtirga kirsam, albatta yangi dori yozib beradi. Arzon bo’lsaykan shu qurmag’uri!..

— Vey, yaxshi bo’ldi seni ko’rganim, oshna, —dedi hovliqib bo’qoq. — Ayni vaqtida uchrading!

— Nima gap tag’in? Choyxona masalasimi? Hal qildilaringmi deyman?

— E, qanaqa choyxona-a? — norozi qo’l siltadi bo’qoq. — O’zing o’lay deb turibsan-u, ikki darding palov-a vey! Mumkinmas senga palov yeyish!

— Nima bo’lmasa? Yurakni bezovta qilmay gapirgin-da unda! Yo tinchitadigan dori ichvolaymi?

— Kerakmas, ulgurasan dori ichishga! Men senga bitta doriminan tuzatvoradigan zo’r do’xtir topdim.

— Yo’g’-e, sen-a? — ishonqiramay, bo’qoqqa masxaraomuz tikilib qoldi Olimtoy. — Shaharda men uchrashmagan do’xtir qolmagandi! Nahotki, birontasini ko’zdan qochirgan bo’lsam?

— Men aytayotgan do’xtir shaharda turmaydi, — dedi bo’qoq sal xotirjam tortib. — Falon qishloqda turarkan.

— Qishloqda? Yo’g’-e, ja opqochasan-da!

— Opqochsam pes bo’p ketay! — ikki qo’lini yuqoriga ko’tardi bo’qoq. — Bozorda yaqin tanishimni ko’rib qoluvdim, o’sha og’iz ko’pirtirib qoldi.

— Xo’sh, nima dedi o’sha tanishing? Do’xtiri avliyomikan?

— Unisini bilmadim-u, lokigin yurak kasallar otday bo’p ketayotgani rostakan.

— Shunaqa degin?

Olimtoy oshnasining kutilmagan xabaridan so’ng beixtiyor hushyor tortib qolgandi. Ayniqsa, yarim kechalari bor bo’yi bilan vahimaga tushishi, yuragi og’rishi, dorilar dimog’ini achitishi yodiga tushib, daf’atan hovliqqancha bo’qoqqa yopishdi.

— Menga o’sha do’xtirning adrisini berasan! — deya oshnasining yoqasini bo’g’di Olimtoy. — Hoziroq berasan!

— Albatta beraman! Yur, uyga kiraylik, oq qog’ozga yozib beraman. Axir, sen tuzalib ketsang, bizgayam yaxshi-da!..

 

***

 

Bo’qoq aldamabdi. Do’xtirning darvozasi yoniga hali tushlikka yetmay, odam degani sig’may ketibdi. Birov ko’ksini, yana birov chap qo’li, yelkasini g’ijimlagancha do’xtirning chaqirishini kutyapti. Asta surishtirgandi, haqiqatan bu yerga faqat yuragi xastalar kelibdi. Do’xtir Mullaboy degan past bo’yli, tepakal erkakmish. Ja jiddiy, sovuqqon, ko’zlari chaqnab turarmish. Hali o’zini ko’rmagan bo’lsa-da, Olimtoy xayolan tasavvur qildi.

— Zo’rligidan kasalni “o’ptim” qabul qilsa kerak-da, — xayolidan o’tkazdi u. — Zo’rlar shunaqa sovuqqonroq, shafqatsizroq bo’ladi. E, yurak tuzalib ketsa-ya! Tag’in besh-o’n yil tinch yashasaydim!..

Olimtoy shunday xayollar bilan darvoza yonida yarim soatcha o’tirib qoldi. Ichkaridan bir talay odam gurr chiqib ketgach, nihoyat u ham boshqalarga qo’shilib hovliga kirdi…

Yopiray, bunaqa do’xtirni birinchi ko’rishi!.. Oq xalat kiyib olgani mayli, bo’qoq ta’riflagandan ham sovuqqonroq, kalroq ekan. Kirganlari hamono hammalarini qatorlashtirib uzun kursiga o’tqazdi-da, Mullaboy do’xtir kursi atrofida birpas asabiy aylanib yurdi. Hoynahoy, o’zicha nimalarnidir hijjaladi, hisob-kitob qildi, o’yladi, mulohaza qildi.

“Kuchli do’xtirligi ko’rinib turibdi, — ko’nglidan o’tkazdi Olimtoy yer ostidan do’xtirga qo’rqa-pisa boqib. — Ko’p narsani biladi bu ha!..”

Do’xtir to’satdan kursi aylanishni bas qildi-da, bemorlarga yuzlandi.

— Yuragingizni eshitib o’tirmayman, — dedi Mullaboy do’xtir. — Shundog’am basharangiz hammasini aytib turibdi. Xo’-o’sh… Qani, hamma baravariga og’zini katta ochib “A-A-A-A” desin!..

Bemorlar buyruqni so’zsiz ado etishdi.

— Tushunarli, — dedi Mullaboy do’xtir chap qo’lini oldinga cho’zib. — Hammangizga bitta dori yozaman… Umuman, oq qog’ozni behuda isrof qilishning nima keragi bor. Men aytaman, siz eslab qolasiz. Tushuntiroldimmi?

Bemorlar bosh irg’ab do’xtirning so’zini ma’qullashdi. Olimtoy esa hamon Mullaboydan hayiqqqannamo yer chizishdan tiyila olmasdi.

— Demak, eslab qoling! — salmoq bilan davom etdi Mullaboy. — Hozir hammangiz birga qishloq avtobusiga o’tirasiz-u, shahardagi katta bozorga borasiz. O’sha yerdan Botir qassobni qidirib topasiz. Bilasizmi nimaga?

Bemorlar yelka qisib qo’ya qolishdi.

— Botir qassob molning tilini changitib sotadi. Chunki Botir qassobning tiliga gap yo’q. O’shani bir oy davomida sotib olib qaynatib yeyaverasiz. Bir oydan keyin kelasiz, qayta tekshirib ko’raman. Tushungan bo’lsangiz, bo’shsiz, boshqalarniyam davolashim kerak hali! Xayr!..

Olimtoy lol edi. Umrida bunaqangi usta, bilimdon, topqir do’xtirni ko’rmagani uchunmi, avtobusda ketib borardi-yu, xayolan bir gapni takrorlardi:

“Bir oy-a, bir oy!.. Mullaboy aka, agar yuragim shu tildan tuzaladigan bo’lsa, Botir qassobga bir umr mijoz bo’lvolganim bo’lsin!..”

Olimjon HAYIT