XUDBIDDINNING HURMATI QANI?

(hajviya)

Baronas to’n, duxoba do’ppi va amriqoni mahsi

Otim Xudbiddin bo’lgani bilan o’zim xudbin emasman. Hurmatimni yo’qotib qo’yganman xolos. Bilmayman, qachon, qaerda yo’qota qoldimakan u qurmag’urni. Qozoni etigimning uchi teshilgandami yo to’nim yetmish yamoq, boshimdagi do’ppim yag’irlangandami?.. Sira aqlim yetmay qoldi. Ishonsangiz, odamning hurmati bo’lmasa qiyin ekan. Hech kim pisand qilmay qo’yarkan. Hatto ko’chadagi it ham faqat senga qarab huraverarkan.

O’ylay-o’ylay, baribir sababni to’nim-u do’ppi va etigimdan topdim. Shularni bir amallab yangilasam, hurmatim o’zimga qaytarmikan deb xayol qildim-u, bozorga tushib yangi baronas to’n, atlas qiyiq, amriqoni mahsi-yu, duxoba do’ppi sotib oldim-da, uyga qaytib, hammasini egnimga ildim. O’, anchadan beri ohorli kiyim kiymaganimgami, o’zimni o’zim bir muddat taniyolmay lol bo’ldim. Ammo bu taxlit o’tiraverish insofdanmas. Axir, tezroq hurmatimni topishim shart! Usiz yashab bo’lmaydi.

Xotinim Ulfatinisaga kiyimlarimni qayta-qayta ko’z-ko’z qilib olgach, hurmatimni qidirib yo’lga tushdim. Mahalla ko’chasi bo’ylab ketib boraverdim. Izlaganim shundoq oyoqlarim ostidan chiqib qolishiga shubham qolmadi. Afsus…

Mahalla imomi Toshtemir tepakal meni ko’rdi-yu, rangi oqarinqiradi.

— Ha, Xudbiddin, Mirza boy akamiz haligiday… Olamdan o’tibdimi? Axir… Kechagina do’konida ko’rgandim… Gapir, nega qoqqan qoziqday qotib qolding? Tosh yutganmisan?..

Menga imomning qichqirig’i, tanbehlari juda alam qildi. Gapirmadim. Gapira olmadim. Alamim bo’g’zimga tiqildi-yu, ters o’girilib ketdim…

Qanchalar shafqatsiz-a odamlar! Men hurmatimni toparmikanman degan niyatda ko’chaga chiqsam-u, bular qaysidir boyning o’lgan-o’lmaganini surishtirishsa! Nega shunday? Nimaga dunyoda yakkayu yagona xotinim Ulfatinisa haqida so’rashmaydi?.. Uyam anchadan beri o’sal bo’lib yuribdi-ku!.. Umuman, nima uchun yangi kiyim kiysam, ta’ziya, azaga yo’yishdi?..

Ketib borayotib, oxiri tushundim. Axir, men tishim chiqqandan beri hozirgiday yangi to’n, atlas qiyiq, amriqoni mahsi ko’rmaganman-ku!..

Ketmon jazavasi

Imomdan so’ng yana ko’pchilik qishloqdoshlarim po’rimligimni ko’rib qaerda ta’ziya borligini surishtirishdi. Aytarli javob bera olmaganimdan keyin rosa koyishdi meni. Alamim kelib bo’shashgancha uyga qaytdim va yangi kiyimlarimni eskilariga almashtirdim. Yetmish yamoq to’nimning yerga osilib tushayozgan uvadalarini joyiga tiqdim, yag’irlangan do’ppimni qoqa-qoqa boshimga ildim, qozoni etigim uchi teshilgan bo’lsayam qadrdonday bo’lib qolgan. Kiysam, oyoqlarim ichida shalviramaydi.

«Hurmating ketmonda, — dedi bir mahal ko’nglim qo’qqisdan uyg’onib. — Uni qo’lingga ol-da, dalaga g’izilla! Uvotlarga ketmonni uraver, uraver, topasan hurmatingni!..»

Ketmonim naq o’n kilo tosh bosadi. Jazavaga tushib uni qo’lga oldim-u, oldinga cho’zgan holda dalaga chopdim. Yetay deganimda esa…

Burnog’i yili mahallaning darvishona marosimida yon qo’shnim Yo’lchi pattachi bilan g’ijillashib qolgandim. Shu yaramas yo’limda paydo bo’ldi-yu, taqqa to’xtadim.

— Ha-a, meni chopib tashlamoqchimiding? — titrab-qaqshab meni so’roqqa tuta ketdi Yo’lchi. — Qani, chop, qizitaloq, chop! Erkakmisan?..

Jon-ponim chiqqudek bo’lib yana bir qadam oldinga yurgandim, Yo’lchi bor ovozda baqirgancha duch kelgan tarafga qocha boshladi.

— Odamla-ar! Yordam beringla-a-ar! Xudbiddin meni chopib tashlamoqchi-i-i! Kim bo-o-or?..

Ming afsuslar bo’lsinki, bu gal ham niyatimga yeta olmadim. Mahallaning katta-kichigi yetib kelib qo’limdagi ketmonni tortib oldi. Chollar o’rtaga olib menga rosa nasihat qilishdi. Ulfatinisam oqsoqlana-oqsoqlana meni uyga sudray boshladi…

Men bannisadaman, xotin!

Anchadan beri yuragimning allaqaeri jizillab-jizillab qo’yardi. Ulfatinisam dilgir-da! Qo’yarda qo’ymay bannisaga olib bordi. Qarang, yurak tushmagur shunchaki jizillamaganakan, rosmanasiga mazasi qochibdi. Meni o’sha kuniyoq karavotga mixlaganday yotqizib tashlashdi. Bir haftagacha o’rnimdan jildirishmadi…

Xayriyat, sakkizinchi kuni ertalab do’xtir o’rnimdan turishga ruxsat berdi. Quvonganimdan chapak chalvoray deb, ohori qolmagan bo’lsayam, Ulfatinisam kir sovunda tozalab yuvib bergan yaktagimni to’g’rilab, kal boshimni silashga tushdim. Ha, bu boshni Ulfatinisamdan bo’lak hech kim silamasdi. Hozir u yo’q. Demak, o’z boshimni o’zim silab ko’nglimni ko’tarmasam bo’lmasdi…

Birpas shu taxlit silab turgandim, ko’ngil ko’tarildi va astagina yo’lakka chiqdim.

Ajabo! Yo’lakka bir-biridan hashamdor oromkursilar qo’yib tashlashibdi. Bunaqasini katta do’konlarda uzoqdan bir-ikki ko’rganim boridi. Hozir esa shundoq peshonamda o’zlarini ko’z-ko’z qilib turishibdi. Nima qilsam ekan? Shartta borib oromkursilarning biriga o’tirvolsam, birov-yarim urishib bermasmikan?

«O’tiraver, — dedi ko’nglim daf’atan tilga kirib. — Sen bannisadasan! O’tirishga haqing bor!..»

Ko’nglimning gapi bilan ehtiyotkorona borib oromkursilardan biriga o’tirdim. Shu zahoti ikki qo’lim bilan oromkursi tutqichlarini siqimlab, kal boshimni orqaga tashladim…

Yo navzambillo! Shu paytgacha nega g’aflatda yashadim? Nimaga shu bannisasiga ertaroq kelib yotmadim? Axir… Hurmatim xuddi shu oromkursida ekan-ku! O’lay agar, sizga yolg’on, menga chin, o’tgan-ketgan menga qo’lini ko’ksiga qo’ygancha salom berib o’tyapti! Ba’zilari xijolat ham tortib qo’yishyapti. Bunaqasi faqat hurmati o’zidalardagina bo’ladi, ishonavering!.. Axir, ancha vaqtlardan beri birov menga bu qadar egilib salom bermagandi!

Hurmatimni topdim, birodar! Uni mana shu oromkursidan topdim…

Shu kuni kechgacha oromkursida o’tiraverdim. Hech kimga quloq solmadim.

Yarim tunga yaqin do’xtirlar qistalang qilavergach, istar-istamas, o’rnimdan qo’zg’alib, palataga kirdim. Ammo astoydil niyat qildim.

Bannisadan chiqsam, borimni sotib bo’lsayam xuddi shu oromkursidan bittasini olaman-u, ko’cha eshigimning yoniga o’rnatib qo’yaman. Har kuni ertalabdan kechgacha oromkursida o’tiraveraman. Mahalladagilar, o’tgan-ketganlar menga tavoze bilan salom beraverishadi. Nima qipti? Hurmatimni yo’qotib qo’ymasam bo’ldi-da!

Olimjon HAYIT