«QORBOBO»

(hajviya)

Tadbirkor

Meni Tilavoldi tilanchi deb qo’yibdi. Tadbirkorman. Shaharning katta ko’chalarini kezib, ikki qo’limni baland ko’targan holda o’tgan-ketganni duo qilaman. Duo kimga ham yoqmaydi deysiz. Odamlar himmatiga yarasha ataganini qo’limga tutqazib ketishadi. Ammalarim rahmatlilar aytishgandi. Ota-onam mening o’zimni ham tilab-tilab olishgan ekan. Ismim jismimga mos tushdimi, bilmayman, esimni tanigandanoq tilanchilikdek ajoyib tadbirkorlikka qo’l urdim. Kam bo’lganim yo’q. Uyimdagi hayhotday garajni yam-yashil «Mersedes» bezab turibdi. Yeganim oldimda, yemaganim orqamda. Mahallada hurmatim yomonmas. Nega deysizmi? Chunki aqlli bo’ri o’zi yashaydigan mahallani tunamaydi. Qo’ni-qo’shnilar gohida «Mersedes» haydab ketganimni ko’rib, «Tilavoldi falon joylarda ishlarmish. Shuning uchun uyiga kech qaytarmish» deb qo’yisharkan. Bu gapni eshitib bir kulgim keldi, bir kulgim keldi… Odamlar sodda-da shunaqa! Qanaqa falon joy? Shahar markazidagi yerosti yo’lida turaman. O’sha yer mening «tochkam». Tilanchining ishi ayni kech tushganda qiziydi-da!..

Ochig’i, tilanchilikni tadbirkorlik deb bekorga aytmagan ekanman. Odamning tajribasi oshgani sayin hisob-kitobdayam uchar otday tezlashib ketarkan. Oxirgi vaqtlarda qo’limga tushgan pulga yarasha aniq va «tochniy» duo o’qiydigan bo’lganman. Oshirmaymanam, kam ham duo qilmayman. Axir eskilar «Ekkaningni o’rasan» deb shunga aytishgan-da!..

Faqat… Bir alamim bor. Har yili bir xil gap, ish takrorlanadi. Ayniqsa, yangi yil kunlari biz tadbirkor tilanchilarga kun yo’q. Soliqchilar tergayverib, sudraklayverib holni quritishadi. Men, ayniqsa, Soli soliqchidan bezib qolganman. Yaramas, poylab yuradimi, bilmayman, ayni yangi yil kunlari yo’limga to’g’anoq bo’ladi.

— Hay, inim, men tadbirkorman, ko’rmayapsizmi? Bizdayam bola-chaqa bor. Ularni boqish kerak, ro’zg’orning kamini to’ldirib turish lozim! — deyaverib jag’im tolgan. Tushunmaydi bachchag’ar. Shu bolani ko’rsam, rangim oqarib, tishlarimgacha takillaydigan bo’lgan. Uzoqdan ko’rib qoldim deguncha, «dumimni tugadigan» bo’lganman… Chunki Soli faqat bir gapni takrorlaydi.

— Tadbirkor bo’lsangiz, soliqni to’lab qo’ying!

Ochig’i, shu yangi yilda nima qilishni bilmay garangsib yurgandim. Hamkasblardan biri… Umuman aytganda, uni dushmanim desam to’g’riroq bo’lardi. Mo’min kal. U judayam serodam metro bekati ro’parasida ish qiladi. Yaramas bir-ikki o’sha yoqqa mo’ralaganimda, qo’ymagan. Xotinchalishdan battar ekan. Hammaning oldida ayolchasiga qarg’anib bergan. Juda ko’nglim qoluvdi kaldan. Kuni kecha ajoyib bir gapni aytib qoldi. Yangi yilda Qorbobo bo’lvolish tinchroq ekan. Nima qilish zarur, «Qorbobo» o’zini qanday tutishi shart… Ishqilib, hammasini ipidan ignasigacha aytib, tushuntirdi. Munday mulohaza qilsam, kalning gapida jon borakan. Soli soliqchiga o’xshagan bezbetlarga yo’liqmasdan, tinchgina biznes qilib olarkanman. Mo’min kalning gapi ma’qul bo’ldi-yu, paytavamga qurt tushdi. Axir… Ertasi kuni yangi yil edi!..

«Qorbobo»

Hozirgi zamonda Qorbobo kiyimini topish ish bo’ptimi!?. Arzimagan pul to’lab «prakat»ga oldim. Oh, kiyimlarni kiyib, oppoq soqollarni yopishtirgandim, o’zimni o’zim tanimas bo’ldim. Xuddi to’qson yashar qariyaga aylandim-qo’ydim.

Aqlli tilanchi tadbirkor birinchi o’rinda yaxshi «navar» chiqadigan joyni topa bilishi kerak. Men O’nqo’rg’onni tanladim. Bilardim, uyoqlarda sattang-a katta puldorlar yashaydi. Hovli-joylariga yaqin borishga qo’rqadi odam…

Xullas, oppoq paxtaga burkangan uzun hassamga tayangancha mahalli ichkarisiga kirib bordim. Kun shomga yaqinlashgandi. Kecha hamma bayram qilib charchagan, erkaklarning boshi og’rigan. Hozir qaysi xonadonga kirsam ham quruq chiqmasligim tayin. Ja xohlashmasa, odamlar «tezroq daf bo’lsin», degan xayoldayam ul-bul bervorishlariga ishonaman. Qolaversa, mening «repertuar»im boshqacha. Temirniyam eritvoradigan so’zlarni tuni bilan yodlab chiqqanman.

O’tgan yili bayram ertasiga naqd besh yuz ming so’m ishlagandim. Ishqilib, bu safargisi ko’proq bo’lsin-da!..

Baxtimdan aylanay, birinchi hashamdor darvozani taqillatishim bilan qarshimda yoshi saksonni oralab qolgan kampir hozir bo’ldi. Meni — «Qorbobo»ni ko’rdi-yu, ko’zlari yonib ketdi.

— Voy, keling, Qorbobojon, — dedi kampir hovliga bir alanglab olib. — Xush kepsiz! Men hozir… Nevaralarimni chaqiray…

— To’xtang, oyi, — dedim yasama yig’lamsirab. — Shoshilmang! Sizga… Bir gapni aytmasam bo’lmaydi!..

— Nima bo’ldi? — menga yaqinroq kelib so’radi kampir. — Tinchlikmi? Yo… Charchadingizmi? Choy-poy opchiqaymi oldin?

— Men ho’-o’v Qamariston degan joylardan keldim, — dedim ko’zlarimni xuddi yoshini artayotgan kabi ishqalab. — Vodiyda yashaydigan bolajonlarni bir xursand qilmoqchiydim. Qarang, oyi, yo’lda bezorilar sovg’alarimniyam, pullarimniyam tortib olishdi. Endi… Nima qilishni bilmay hayron bo’lib qoldim. Bolajonlarning oldida yuzim shuvut bo’ladigan ko’rinadi, oyi!

— Voy sho’ri-im, — tizzasiga shapatilab, ikki kaftini yuziga bosdi kampir — Xudoyo yer yutsin o’sha bezorilarni! Kelib-kelib Qorboboniyam tunashadimi teshib chiqqurlar! Endi nima qilasiz, Qorbobo?

Men boshimni quyib solgancha, xuddi yosh boladek burnimni tortdim va yelka qisdim. Ammo bu turishim bilan bir chaqa ololmasligim mumkin. Kampir rahmi kelgani bilan pul haqida o’ylamasligi, bitta non olib chiqishi mumkin edi. Shularni o’ylab qo’rqib ketdim va ilkis boshimni ko’tardim.

— Oyi, — dedim lablarimni atayin pulkillatib. — Menga picha pul qarz berib tursangiz, vodiylik bolalarning ko’nglini olib qaytardim. Qarzimni esa…

— Qanaqa qarz, Qorbobojon? — deya kampir yelkamga qoqib qo’ydi. — Hozir opchiqaman! Faqat-chi, tiss! Bolalarim uyg’onib qolishsa, ming’ir-ming’ir qilishlari mumkin. Men hozir…

Qarang, kampir mardlik qildi. Naqd ikki yuz ming so’mni cho’ntagimga solib qo’ydi. Shundan so’ng yana bir nechta darvozalarni taqillatdim. Xudo beraman desa, hech gapmaskan. Hash-pash deguncha o’tgan yildagi ishlagan pulimning uch baravarini topdim. Ana endi asta juftakni rostlayversam ham bo’ladi. Lekin… Nafs qursin. Mahalladan chiqaverishdagi serhasham darvozaga yetganda oyoqlarim o’zimga bo’ysunmay, taqqa to’xtadim. Axir, teshib chiqarmidi ortiqcha pul? Shu uy eshiginiyam qoqib ko’ray, ajabmas…

Afsus, shu yerda xato qilibman. Darvozani taqillatganimdan keyin hech qancha o’tmay, qarshimda o’sha… Ko’rishga ko’zim bo’lmagan Soli soliqchi paydo bo’ldi. U meni ko’rdi-yu, hayratdanmi, sevinchdanmi, ko’zlari olayib ketdi.

— Ie, siz? — dedi u ikki yelkamdan mahkam siqib. — Qorboboga aylanib qoldingizmi? Qarang-a, uchrashgan joyimizni ko’ring! Xush kepsiz, Qorbobo!..

Soliqchidan osonlikcha qutulib bo’lmasligini o’sha lahzadayoq sezgandim. U yaxshilikchasiga, muloyimlik bilan meni idorasiga olib bordi-yu…

Uyimniyam, mashinam, xullas, borimni xatlab tashladi. Bir zumda tarvuzi qo’ltig’idan tushgan kimsaga aylandim-qoldim…

Jon Qorbobojonlar, xudo yo’liga xayr qiling! Bahorgacha yetib olay-y!!!

Duo qilaman, duo!!!

Olimjon HAYIT