Buyuk olim Albert Eynshteynga tegishli bo‘lgan skripka kimoshdi savdosida 860 000 funt sterlingga (1 153 758,80 dollar) sotildi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Albert Eynshteyn bu skripkani Germaniyada 1890 yillarning oxirida Shveysariyaga ko‘chib ketishdan oldin sotib olgan. 1932 yilda Germaniyada natsistlar hokimiyat tepasiga kelgach, Eynshteyn AQSHga ko‘chib o‘tgan. Olim shaxsiy buyumlarini himoya qilish uchun ularni do‘sti, fizik Maks fon Lauega bergan. Buyumlar orasida Eynshteyn sotib olgan birinchi skripka ham bo‘lgan. Shuningdek, u do‘stiga velosipedini va otasi sovg‘a qilgan falsafa kitobini ham bergan.
Oradan 20 yil o‘tgach, fon Laue bu narsalarni Eynshteynning muxlisi Margareta Hommrichga bergan. Margaretaning nevarasi ularni kimoshdi savdosiga qo‘ymaguncha, buyumlar Hommrich oilasida 70 yildan ko‘proq vaqt davomida saqlanib qolgan. Mutaxassislar skripkaning narxini 268 ming dollardan 402 ming dollargacha baholagan.
Qayd etish joiz, Eynshteyn bolaligida onasining iltimosiga ko‘ra skripka chalishni boshlagan. U do‘stlari uchun Motsart, Bax va Betxovenni chalishni yaxshi ko‘rgan. Shuningdek, olim musiqa unga fikrlashga yordam berishini va agar fizik bo‘lmaganida musiqachi bo‘lishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Eynshteynning ustoziga tegishli bo‘lgan skripka 15,3 mln dollarga sotilgan edi.
Bunyod Keldiboyev