MENGA KIM SADAQA BERADI, KIM?..

(hajviya)

O’sha kuni sira kayfim chog’ emasdi. Yurak og’rimasa, eski dard xuruj qilmasa-da, negadir ko’nglim g’ash tortardi. Nuqul xonani aylanar, azbaroyi asabiylikdan devorni mushtlab tashlagim kelardi-yu, do’xtirlarning «Jismoniy ish qilmang!», degan gapi esimga tushib o’zimni tiyardim. Shu mahal eshik bezovta taqillay boshladi. Bu yoqimsiz tovush battar asabimni buzib jahl aralash eshikni ochdim. Ne ko’z bilan ko’rayki, ro’paramda gavdali, egniga uzundan-uzun ro’dapo kiygan lo’li ayol ikki qo’lini baland ko’targancha turardi. O’zgaga yolg’on, o’zimga chin, lo’li ayolning ko’zlari bu qadar chaqnashini umrim bino bo’lib ko’rmagandim. O’zim sezgan yo sezmagan holda erkakligim tutdi. Lo’li ayolga nigohlarimni qadagancha turib qoldim. Afsuski, shu zahoti tag’in o’sha hurmatli do’xtir ukalarimning «Hech qachon yurakka zo’riqish beradigan harakatlarni sodir etmang», degan maslahati kallamga urib, bir qadam ortga tislandim.

— Xo’sh, xizmat? — so’radim orqamda turib qolgan xotinimga bir qarab olib. — Nima kerak?

— Xudo yo’liga besh yuzta so’m sadaqa qiling, ako! — dedi lo’li ayol hamon ikki qo’lini baland ko’targan holda. — Yuragingiz dardman ekan. Dardim ketsin desangiz, sadaqa qilvoring, yengil tortasiz!..

— Yuragim dardmandligini siz qaerdan bilasiz? — so’radim lo’li ayoldan hushyor tortib.

— Bilaman, — degancha meni ochiqchasiga ortga surib bir qadam ichkariladi u. — Odamlarim xabar berishdi. Siz anchadan beri azobdasiz. Sadaqa qiling!

O’lay agar, bu gaplarni eshitib shu qadar hayratga tushibmanki, lo’li ayol yo’lakka o’tib, eshikni ichkaridan yopganini-da, payqamabman. Lekin shu lahzada eshikka e’tibor beradigan ahvolda emasdim. Lo’li ayolning kutilmagan bashorati esdan og’diray deb xotinimga yuzlandim.

— Bervor besh yuz so’m! — buyurdim unga.

Xotinim shosha-pisha sumkachasidan bitta besh yuztalik oldi-yu, lo’li ayolga uzatdi. Kutilmagan mehmon esa negadir ketishga shoshilmadi. Pulni ro’daposi kissasiga uriboq, daf’atan polga cho’k tushdi.

— Qani, ako, o’tiring, — qo’limdan tortib meni ham polga o’tqazdi lo’li ayol. — Manavi qizga o’xshagan xotiningizmi?

— U qizmas, xotin, — biroz g’ashim kelgan bo’lib javob qaytardim men. — Mening xotinim.

— E, haliyam sizning xotiningiz. — jerkib berdi lo’li ayol. — Nima balo, o’rusmi?

Gapni cho’zib o’tirgim kelmadi. Tezroq yana nima gapi borligini anglashga shoshib so’zsiz xotinimni ham yonimga o’tqazdim.

— Ana endi gapiring, — dedim lo’li ayolga yuzlanib. Yuzlanishga yuzlandim-u, qaytadan chaqnoq nigohlariga ko’zim tushib, behalovatlikdan bazo’r o’zimni tiydim. Biroz chalg’ish uchun atayin xotinimga qarab oldim.

— Sizni kimdir infarkt bo’lib o’lsin deb o’qitib tashlagan, — so’z boshladi lo’li ayol menga yanada jiddiy boqib. — Ana, odamlarim hammasini aytyapti! Dardingiz hazilakammas, ako!

Bu gap ham menginani xayol surishga, yaqin o’tmishni eslashga undadi. Chunki yaqinda qo’shni ayollar qo’yarda-qo’ymay meni qandaydir duoxon domlanikiga olib bormoqchi bo’lgan. Ular ham yuragim jahldor jinlar qurshovida qolganini, kimdir meni o’qitib tashlaganini takrorlab charchashmagan. Nahotki, rost bo’lsa? Aks holda lo’li ayol qaerdan biladi?!. Meni birinchi marta ko’rib turgan bo’lsa…

— Bannisaga yopishib olgansiz, — meni battar hayratga solib bashorat qilishda davom etdi lo’li ayol. — Dori-darmonlargagina ishonib qolgansiz!

— To’g’ri, — dedim birdan bo’shashgan ko’yi bosh egib. — Xuddi shunday bo’lyapti. Axir… Nima qilishim kerak unda, singlim?

— Agar menga ishonsangiz, ako, — dedi u. — Xudo yo’liga to’rt kilo go’shtning pulini sadaqa qilasiz. Men astoydil so’rayman, dardingiz ariydi. Ins-jinslar nari qochadi.

— Rostdanmi? Tuzalamanmi?

— Tuzalasiz, — ishonch bilan javob qildi lo’li ayol. — Faqat sadaqani ayamang! Milyonta so’m so’ramayman, to’rt kilo go’shtning pulini berasiz. Men sizni duo qilaman!..

Bu gapdan so’ng men xotinimga, xotinim lo’li ayolga javdiradik. Bir muddat nima qilishni bilmay garangsidik. Biroq bunday aniq bashoratni eshitish men uchun juda katta gap edi. Lo’li ayolga lol qolganimdan, ich-ichdan jo’shib ketayotgandim. Qolaversa, shunday ko’zlari chaqnoq ayol qarshisida past ketish menga xos emasligini yaxshi anglardim. Shuning uchun dast boshimni ko’tarib xotinimga buyurdim.

— Olib chiq!..

Xotinim ikkilana-ikkilana yelka qisgancha xonaga kirdi-yu, zum o’tmay ortga qaytib pullarni lo’li ayolga tutqazdi.

— Qancha bu pul? — ikkovimizga yanada jiddiyroq, ustivorroq tikilib zardali ohangda so’radi lo’li ayol. — Hoy, yanga, o’rusmisiz? Qancha deyapman pul?

— Ellik ming, — ovozi chiqar-chiqmas javob qildi xotinim. — B-bori shu…

— Ako, undaymas-da endi, — menga yuzlanib norozilandi lo’li ayol. — Go’sht yigirma besh ming turadi. Men ikki kilo go’sht puliga duo qilmayman. Bolalarim to’rtta. To’rt kiloga pul bering! Bo’lmasa, duoim o’tmaydi!.. O’rus xotiningizga ayting, qolganiniyam opchiqsin!..

Ochig’i, xotinimning bu qadar past ketishi jahlimni qo’zg’adi. Axir… Bashoratlar to’g’ri, lo’li ayol aldayotgani yo’q. Qolaversa, men hech qachon bu qadar nigohlari chaqnoq, o’tkir ayol oldida mulzam tortishga odatlanmaganman. Nega uning qarshisida meni mulzam qiladi xotinim? Sharmandalik-ku bu, sharmandalik!..

— Qolganiniyam opchiq! — yana xotinimga buyurdim qovoq uyib. — Tezroq bo’laqol!..

Lo’li ayol pulning kemtigi to’lgani hamono o’rnidan turdi. Shu orada meni ham bilagimdan tutib turg’azdi.

— Bo’sh kelmang, ako, — dedi u ko’rsatkich barmog’ini yuzimga tirab. — Men duo qilaman, dardingiz ariydi! Manavi non burdasini mana bunday qilib boshingizdan aylantiraman! Qimirlamang! Ko’zlarni yuming! Xuddi shunday! Endi ko’zlarni oching! Xo’sh, yaxshimi? Dard nari ketyaptimi? Unda non burdasini oling! Buni itlarga berasiz. E, itlarning, kuchuklarning yuragi og’risin-e, ako!..

Lo’li ayol chiqib ketgandan keyin ham xotinim ikkimiz ancha vaqtgacha o’zimizga kela olmadik. Xotinimni bilmadim-u, shaxsan men azbaroyi hayratga tushganimdan, lol qolganimdan ich-ichdan yanada jo’shib borardim. Qandaydir bir kuch meni tashqariga undar, lo’li ayolga yetib olib, bashoratlari, haq so’zlari uchun astoydil qulluq qilishga majbur etardi. Lekin bu holat uzoq cho’zilmadi. To’satdan yuragimning allaqaerida kuchli og’riq tuydim. Og’riq nimadan, qanday paydo bo’lganini bilmayman. Shu og’riq zo’ridanmi, yo boshqa sababdanmi, ko’zlarim moshdek ochildi-yu, hushyor tortib xotinimning ikki yelkasiga chang soldim.

— Uyda… Yana pul bormi? — so’radim titrab-qaqshab. — Faqat rostini ayt! Bormi-yo’qmi?

— Oxirgi pullarni opchiqib berdim, — dedi xotinim lablari pulkillab. — Endi nima qilamiz?..

Ha-a!.. «Kambag’alning esi tushdan keyin kiradi», deganlari shu ekan. Men hushimni yig’ib olgandim. Hammasini anglab bo’lgandim. Faqat… Endi pushaymon qilishdan ne naf? Pulsiz qolganimiz, oddiy tilanchi lo’li ayol aytgan gaplarga laqqa tushganimiz rost!..

Bilmayman. Yo’lakka tiz cho’kkancha uzoq vaqt o’tirib qoldim. Endi yurak og’rig’i, lo’li ayolning makri, go’lligim ham meni qiynamasdi. Meni birgina qo’rqinchli, dahshatli xayol qiynardi. Xo’p, bor pulimni-ku xudo yo’liga sadaqa qilishga qildim. Ammo… Buyog’iga qanday kun ko’raman? Kim menga sadaqa beradi, kim?

Olimjon HAYIT