Haqiqiy hangoma mana munday bo'pti, brat!..

 

QARG’A
(hajviya)

 

Qurt yegan miya

 

Qar-r-r-r! Qar-r-r-r!.. Qag’-g’-g’-g’! Qag’-g’-g’-g’!.. Uf-f! Nimaydi-ya? Qanday sayrashniyam unutib qo’ydimmi deyman? Padar la’nat miyam umuman ishlamayapti. To’g’ri-da, miyam ishlasa, uch yuz yil yasharmidim?!. Miyani qurt-purt yeb qo’ymaganmikan, ishqilib? Fikrlayapman-ku! Demak, qurt yemagandir-da?!.

O’zi-chi, haqiqat yo’q ekan! Hoynahoy, o’sha qurt mening miyamga qo’shib haqiqatniyam yutib yuborgan shekilli. Chunki nuqul «qarg’a qarg’aning ko’zini cho’qimaydi» deyishgani deyishgan. Qayoqda? Ana, atrofimda mingtasi qag’illab yuribdi. Qo’yib bersa, bitta luqma uchun ko’zim uyoqda qolib, sho’r peshonamniyam cho’qib tashlashadi.

 

Ot ustida

 

Boya «haqiqat yo’q ekan» degandim-a? Shunga yana bir tirik misol keltiraymi? Masalan, meniyam ot mingim keladi. Otda o’tirib dunyoni ko’rsam, gerdaygancha savlatimni hammaga ko’z-ko’z qilsam deyman. Shuniyam menga ko’p ko’rishadi. Mindim deguncha, ot siltalab tashlayveradi. Nimaymish, tumshug’im o’tkirmish, nafsim yomonmish, uncha-muncha narsaga farosatim yetmasmish. Nomard, qayoqdagi maynavachchalar ustingni iflos qilib ketishsayam, boshingdan belinggacha chopib mushtlashishsayam miq etmaysan-ku! Ha-a, ular ko’pchilik-da-a? Ko’plashib, ko’zingni o’yvolishlaridan qo’rqasan. Qarg’alar bo’lsa, ko’p bo’lgani bilan birlasha olmaydi. Ko’z o’yishniyam bilishmaydi. Mayli-i, bizga eshak ham bo’laveradi. Teshib chiqmaydi. Eshak qari. Qulog’ini qimirlatadi-yu, indamaydi. Dardini ichga yutadi.

 

Qarz

 

Dunyoda musichadan ayyor, dog’uli, boshqacharoq aytganda, «apris»i bo’lmas ekan. Hamma musicha beozor, beziyon deydi. U-chi? Muloyim supurgiday eshilib-eshilib, qachon qarasa birovlarning hovlisida o’ralashib yuradi. To’kilgan donmi, non uvog’imi, ishqilib, nima ko’rinsa cho’qilagani-cho’qilagan.

— Ho’v, — dedim o’tgan kuni g’ashim kelib. — Namuncha ikkita panjangni bir og’izga tiqmasang? Boshqalargayam qoldirgin, baraka topkur!..

Bilmagan ekanman. Musicha g’irt sotqin, haligi… Nimaydi? Ha, «stukach» ekan. Ertasi kuni qarg’a og’aynilar bilan uzun-qisqa bo’lishib hovlilarga kirdik. Nasiba-da, biror yegulik topsak, cho’qilarmiz, bo’lmasa tanish-bilishlar bilan salom-alik qilib qaytarmiz debmiz. Bizni tosh olib quvlashdi. Tiraqaylab qochdik-a duch kelgan tarafga! Keyin bilsam, musicha sotibdi. Bizni o’g’ri debdi. Ayting, birodar, qarg’aning o’g’risini qaerda ko’rgansiz?..

Hayot ekan-da, yaqinda bilibmi-bilmaymi, musichadan ikki dona donni qarzga so’ragandim. Xasisligini shunda bildim. Minutiga qarzini qistayverib xunob qildi. «Ho’v, qish kelsin, qaytaraman» desam ham ko’nmadi… Ochig’i, burgut akamdan olsam bo’lardi o’sha qarzni. Ja baland cho’qqida o’tiradi. Mayda-chuydaga bezovta qilgim kelmagandi. Mana shu voqea sabab bo’lib ham musichalardan ko’nglim qolgan.

 

Qadr

 

Ha, men uch yuz yil yashayman. Shunga yarasha ba’zi sichqonsifat qushlar kabi nomim inimning ichida qolib ketmaydi. Meni hamma taniydi. Faqat… Hurmat-izzat, mehr bilan tanishsa go’rgaydi. Qarg’ani negadir xosiyatsiz qush deb o’ylashadi. Qadrlashmaydi, ilojini topishsa, tepkilab tashlashadi, quvlashadi, miltiqdan o’q otib o’takamizni yorishadi, ba’zi yaramaslar bizni tutib olib go’shtimizni kabob qilishadi. Shu ham insofdanmi? Beqadrlik, masxaralash ayb-ku! Ko’nglimizda birovga yomonligimiz bo’lmasa, keng ko’chalar, dalalarda o’z holimizcha yurib rizqimizni tersak. Shu aybmi? Alam qiladigani, kuni kecha jo’shib ketib bir qag’illabman-da cho’zib! Naridagi hovlining derazasi ochildi-yu, kimdir menga tosh otdi. Yaxshiyam vaqtida chap berib qoldim, yo’qsa, belim sinishi tayin edi. Bunisiyam alam qilmasdi. Uy ichkarisidan allakimning «Yaxshi qilding quvlab! Hakka baxtsizlik keltiradi! Sayramay o’lsin!» degani qulog’imga chalinib, dilim og’ridi. Ayting, nahotki, menday savlatdor qarg’a hakkaga o’xshasam? Dunyoda farosatsizlar ham uchrab turarkan-da!

 

Mening vatanim qaerda?

 

Qarg’alar har yili sovuq o’lkalarga uchib ketishidan xabaringiz bor. Chunki bizning «davlena»miz bor. Issiq havo yurakni behuzur qilib, qonni ko’pirtiradi. Basharti vaqtida g’amimizni yemasak, uch yuz yil tugul uch yil ham yashay olmay o’lib ketamiz. Afsuski, dunyo to’la qarg’alar ichida bir mengina sho’rpeshona, omadsiz tug’ilgan ekanman. Davlenam boshqalarnikidan beshbattar oshadi, yurak zaif, ko’ngil bo’sh, salga ko’z yoshlanadi. Ustiga ustak ko’pincha uyoq-buyoqdan uchib kep qoladigan kaltak akang qarg’aning boshida sinishiga nima deysiz?!. Shuncha dard, tashvish kamlik qilibdi. Uch yildan beri bevatanman. Oxirgi qishda mazam qochib uncha don cho’qilay olmagandim. Aksiga olib otlar uloq chopadigan joyga borib pista po’choqlarni terib yeyayotganimda bir oyog’imni ayg’ir bosib olgandi. Cho’loqlanib qoldim. Qo’shnilarga, tanish-bilishlarga yolvordim, tavallo qildim. Oramizda ja basavlat, baquvvat qarg’alar yo’q emasdi. Dunyoga o’t ketsa, ho’l-quruq baravar yonmaskan, jo’ra! Qish oxirlab, yelkaga oftob tafti tegdi-yu, qarg’alar tipirchilab qolishdi. Hamma shimolga uchish payida bo’ldi. Meni bo’lsa, yuzingda ko’zing demay tashlab ketaverishdi. Bir marta qayrilib, xayr-ma’zur ham qilishmadi.

Mana, o’shandan beri musofir yurtlarda sarsonman. Hayotdanam, qarindosh-urug’danam ko’ngil qolgan. Qur-qur bosh og’riydi, «davlena» qo’zg’olon qiladi. Kechalari cho’loq oyog’im og’rib beradi. Quyosh esa tobora qizib boryapti. Shungami, keyingi kunlarda yemish yesam ko’nglim ayniydigan bo’ldi. Ovozim bitgan. Qag’illasam, tovushim xuddi yo’tal qo’ynikiga o’xshab ketadi.

Musofirchilik-da, menday g’arib bir qarg’aga yemishi ko’p joylar yaqinidagi daraxtlardan joy tegmagan. Qaysidir bir ariq bo’yini topganman. O’sha yerda kechasi biqinib tong ottiraman. Vey, bu yerlarda yoz oylari kechasiyam tinchlik bo’lmas ekan. Endi ko’zim ketsa, ustimdan mushuk sakrab o’tadimi-ey, qurbaqa qurillab qoladimi-ey! Ming azobda tonggacha yetaman-u, kunduzgi azoblarga ko’ndalang bo’laman. It, hatto shoxdor echkilargacha paytini topdi deguncha meni quvlaydi. Hammasining yetib olgisi, meni yeb tashlagisi keladi.

Mana, qachonlardan beri shu taxlit kun kechiryapman. Cho’loq oyog’im ham tuzala qolmayapti. Shu yerlik-da, dalada bironta don ko’zimga chiroyli ko’rinib, yaqinlashsam, chumchug’idan tortib, maynasigacha «cho’loq» deb haqoratlaydi. Quvib soladi. Shunday lahzalarda xo’rligim kelib, boshimni ko’targancha osmon-u falakka qarayman-u, bor ovozda xirillab «Mening vatanim qaerda?» deya qag’illayman. Ishqilib, oxiri baxayr bo’lsin! Mengayam ota-buvalarimning yo’lini bersin-u, uch yuz yil yashay!

Qag’-g’-g’-g’!!! Qar-r-r-r!!! Eh, «pamit»im qursin! Nimaydi-ya? Qarg’alar qanday sayrardi-ya? Ishqilib o’sha-da! Omon bo’ling!

Olimjon HAYIT

 

Haqiqiy hangoma mana munday bo'pti, brat!..