Haqiqiy hangoma mana munday bo'pti…

 

 

ZOTDOR SIGIR MONOLOGI

(hajviya)

 

Mag’rur

 

Men-chi, oyimqiz, hov o’sha siz tushingizdagina ko’radigan yurtdan kelganman. Zotim ham o’sha kattakon zotlardan, ha!.. Ochig’i, o’zimga qolsa, bu yerlarga kelmasdim. Buvim qo’ymadi. «Bor, uyoqlarda hammayoq belga urar maysazor, suvi shaffof! Uyoqlar jannatning o’zi! Borib qarindosh-urug’ orttir, menam qarigan chog’imda chevaralarimni ko’rish bahonasida o’sha jannatmakon yerlarga boray, tiniq suvlarini, sersuv maysalarini ko’zimga suri-ib yey!» deyaverib quloq-miyamni yedi. To’g’ri, buvim aldamagan ekan. Maysalarini ko’rib ko’nglim yozildi. Burab-burab maysa yeyish joni dilim edi. Maysani bo’kib qolar darajada yegandan keyin anavi tip-tiniq suvdan simirib-simirib ichishga nima yetsin? Faqat… Bu joyning sigirlari sira o’ziga qaramaskan. Ha endi, ayol degan uyoq-buyog’ini sal to’g’rilab yurmaydimi? Qurib ketsin! Qulog’idan dumigacha loygami-ey, balchiqqami-ey, ishqilib, allambalolarga botib yurisharkan. Ozg’inligini aytmaysizmi bularning!?. Eti suyagiga yopishib qolibdi-ku! Tavba qildim, shuncha maysaning ichidayam semirmaydimi sigir degan? Qaydam, asli zoti oqarmas deb shularni aytishsa kerak-da! Aslida bu sigirlarniyam tushunsa bo’ladi. Fe’li torroq ekan. Egasi o’tloqqa yetaklasa, nuqul arqonni boshqa yoqqa tortib ketishaveradi-ya! Ie, shundan keyin egang seni tayoq bilan urmay, meni ursinmi, ahmoq? Qaerga yetaklasa, ji-imgina ketavermaysanmi? Jarga qulatvormas harqalay?!. Bular-chi? O’zlaricha go’yo «modnitsa» — da! Beo’xshovdan beo’xshov qovurg’alarini kimga ko’z-ko’z qilishadi, bilmayman. Hoynahoy modalar ko’rgazmasida qatnashishni orzulashsa kerak! Ho’kizga ko’z suzishlari-chi?!. Qurg’urlariyam bizning yurtdagiday sersavlat bo’lsaykan, mayli. O’zlaridan battar! Yurib ketayotib oyog’i toyib ketadimi-ey, o’tlab turi-ib birdan yerga dumalavoradimi-ey! Hoy, shuning nimasiga uchasan-a? Nimasiga ko’z suzasan? Senga qayrilib ham qaramayapti-ku! Ehtiros bo’lsa qaraydi-da!.. Eh, o’lar bo’lsam o’lib bo’ldim bularni o’qitaverib. Hech narsaning farqiga borishmaydi.

 

Mening hurmatim baland

 

Yaxshiyam yangi egachim menga hurmat bajo keltiradi. Urmaydi, so’kmaydi, qarg’anmaydi. To’g’ri-da, nega ursin? Yetaklagan tarafiga tek ketaman, yerni o’par, sersut yelinimdan xuddi chumoli chaqqanchalik bilinar-bilinmas tortsayam, indamayman. «Hay, egachi, kuch bormi? Qattiqroq torting yelinimdan! Shunda ko’proq sut beraman» deb boshini qotirmayman…

Shunday deyman-u, ozg’in, qaysar bo’lishsayam, yaxshi dugonaykan bu yerning sigirlari. Mana, kelganimga bir oy bo’lmay, ko’-o’p dugonalar orttirdim. Birga-birga maysaxo’rlik qilamiz, o’tgan-ketgan eshaklarga «mo’»rab, asabini buzamiz. Chigirtkaga o’xshab yopirilmay har balo bo’lgur qo’ylarga po’pisa qilamiz. Dugonalarim-chi, gapirishimga qoyil qolishdi. «Bizning tilda talaffuzingiz zo’r chiqyapti» deyishdi. Ko’nglim tog’dek ko’tarildi. «Ha endi, zotimiz shunaqa asl» degim keldi-yu, tilimni tiyib qo’ya qoldim.

 

To’y

 

Ertaga to’yim bo’larkan. Egachimdan tasodifan eshitib qoldim. Mehribon xotin ekan egachim. Sarpomga qordek oppoq yangi ipak arqon qo’yibdi. To’y kuni bo’ynimga boylab qo’yarmish. Quvonarlisi, to’y dugonalarim o’tlaydigan keng maysazorda bo’lib o’tarkan. Xayriyat, o’rtoqjonlarim yonimda bo’lsa, uyalmayman, qisinmayman, kuyov bo’lmishning oldida u qadar mulzam tortmayman. Asosiysi, buvijonimning orzusi ushaladigan bo’ldi. Agar kuyovim bilan farzandli bo’lsak, buvijonim shu bahonada meni ko’rishga keladi. Chevarasini yalab-yulqaydi. Yuz ko’rishamiz! Ishqilib, o’sha kunlar tezroq kelsin! Yolg’iz buvimni qassob go’shtga tortvormasin! Tortib ko’rsin-chi, nima bo’larkin! Buvijonim aytgan. «Mening go’shtim chayir va dag’al, go’shtga tortib meni yeganning tishi sinadi!» degan. Iloyim, hech kimning tishi sinmasin, buvijonim go’shtga tortilmasin!..

Faqat… Bir armon yuragimni tirnab o’tadigan bo’ldi-da! To’ydan keyin kuyov ikkimizni narigi mahalladagi yangi og’ilxonaga ko’chirisharmish. Essiz, o’rtoqlarimdan uzoqda qolarkanman-da endi! Axir, hali turmush ko’rmagan sigircha bo’lsam ekan, sevinsam! Hayotning oq-qorasini tanigan sigir bo’lsam! Dugonalarsiz, birgina kuyovning qosh-qovog’iga tikilib yashasam, sil bo’lib o’lmaymanmi?..

Nima qilay? Chidayman. Tishni tishga bosaman. «Qiz bola palaxmon toshi» deb shunga aytishsa kerak-da!

Olimjon HAYIT

loading…