«REKORDChI»
(yoki infarktning enasini emdirgan erkak)
(intermediya)
Ishtirok etuvchilar:
1. Yoshi ellikdan o’tib-o’tmagan, pastki labi uchib turuvchi, serzarda, har ikki gapning birida boloxonador so’kinishni xush ko’radigan qariya;
2. Taxminan 25 yoshli, past bo’yli, ozg’inligidan yuzlari ichiga botgan muxbir yigit.
Atrofi kesakdevor bilan o’ralgan, ko’rimsizgina hovli. Besh-o’nta taxtadan amal-taqal tiklangan eshikni asta ochib, ichkariga muxbir yigit kiradi. Tok ostidagi so’rida yastangancha yotib nimanidir chaynash bilan ovora erkak ehtiyotkorona jussasini tiklab muxbir tomonga alanglaydi.
Erkak: — Hay, kimsan? O’g’rimisan, qaroqchimisan?
Muxbir: — Men… Muxbirman, tog’a, muxbirman!
Erkak: — Muxbir? Menikida pishirib qo’yibdimi muxbirga?
Muxbir: — Sizdan intervyu olishga keluvdim, tog’a!
Erkak: — Shunaqami? Unda nega qoqqan qoziqday bir yerda turib qolding? Kelmaysanmi yaqinroq? He… O’qimagan!..
Muxbir (erkakka yaqinroq kelib): — Assalomu alaykum, tog’a!
Erkak: — Tog’a? Vey, qaysi akamning o’g’lisan o’zi? Qanaqa tog’a?
Muxbir: — Bizda shunaqa deyishadi-da! Haligi…
Erkak: — Bo’pti, o’tir manavi yerga! Qani, nimani so’ramoqchisan o’zi mendan? Gazitga yozasanmi?
Muxbir: — Ha, gazitga yozmoqchiman. Agar malol kelmasa, bir ikkita savollarimga javob bersangiz!
Erkak: — So’ra! Bir umr men so’rab keldim. Qani, senam so’ra-chi!
Muxbir: — Aytishlaricha, siz olti marta infarkt bo’lgan ekansiz. Shuncha marta hayotingiz jiddiy xavf ostida qolgan ekan. Shunga… Axir bu tasavvurga sig’dirib bo’lmaydigan voqea!
Erkak: — Tasavvur-pasavvuringni tushunmayman men. Bo’ladigan gapni so’ra, qizitaloq!
Muxbir: — Birinchi infarktni nima sabab bo’lib olgansiz?
Erkak (boshini qaщib, bir necha marta lab uchirib olib): — Birinchi martami? Xotinim Surmanisa bilan ajrashgandim. O’shani bayram qildim.
Muxbir: — Ie, qiziq-ku! Sevmasmidingiz xotiningizni?
Erkak: — Vey, tirrancha, erkakcha savol bersang-chi! Qanaqa sevgi? Bir yil to’xtovsiz bayram qilganman.
Muxbir: — Oralaringda haligiday… Munosabatlar yomonmidi?
Erkak: — Ha, yomoniydi. Nuqul ming’ir-ming’ir qilaverardi. Shartta pattasini qo’liga tutqazvorganman.
Muxbir: — Ajrashib, baribir qayg’uribsiz-ku! Yo’qsa, haligiday… Infarkt…
Erkak: — Qanaqa qayg’urish? Bayramning dastidan infarkt bo’lganman, o’qimagan!
Muxbir: — Tushundim. Unda ikkinchi infarktni qanday voqea sabab bo’lib oldingiz?
Erkak (qo’llarini musht qilib, so’ri chetiga urib-urib olib): — Ajrashgach, yaramasni bir yil-u ikki oydan keyin ikkinchi eriminan bozorda ko’rib qoldim. Vey, ishonasanmi, erini «jonim» dedi u fitna!
Muxbir: — Ha endi… Eri bo’lgandan keyin nima desa deydi-da!
Erkak: — Nima? Ho’v, achchig’imni chiqarmagin, sen muxbircha! Bir umr menminan yashab bir marta «jonim» demagandi. Xullas, shundan keyin alam qilib, tag’in bozorga chopadigan bo’ldim. Alamimdan qo’y yog’ini uraverdim, uraverdim… Hash-pash deguncha ikkinchi infarktni oldim.
Muxbir: — Shundan keyin ham munday xulosa qilmadingizmi? Qo’rqmadingizmi? Harqalay, infarkt hayot uchun xavfli-ku!
Erkak: — Nima? Men qo’rqaymi? Infarktdan-a? Enasini emdirib qo’yaman infarktning!..
Muxbir: — Xo’p, xo’p, uchinchisidan gapiring, uchinchisidan! Unisini qanday sabab bilan oldingiz?
Erkak (boshini qashlay-qashlay, aftini burishtirib): — Qo’shnim bo’lardi Temirali degan. Qo’y yog’i desa o’zini tomdan tashlardi. Ammo kissasi yupqarog’iydi. Menga o’xshab ulfatlari «ma» deb qo’liga pul bermasdi. Xotini qiynalib ketibdi. «Sizdan boshqasi erimni to’g’ri yo’lga sola olmaydi. Insofga chaqirib qo’ying!», deyaverib holi-jonimga qo’ymadi. Shundan keyin…
Muxbir: — Keyin-chi? Do’pposladingizmi? Insofga kirdimi?
Erkak (xezlanib): — O’zingam o’lguday hovliqmaykansan! Shoshmay tursang, oxirigacha aytaman-ku!.. Xullas Temiralining yoniga kirib tushuntirdim, po’pisa qildim. Oxiri ko’ndi. Faqat bitta shart qo’ydi. «Mening o’rnimgayam yeysiz shu qo’y yog’ini», deb turvoldi. Nima qilay? Rozi bo’ldim. Bir yildan keyin… Sho’rlik olamdan o’tib qoldi. Jigari tamom bo’lganakan. Juda yomon kuydim. Temirali nima bo’lgandayam inimday edi. Kuyik meni to’rtinchi infarktga uchratdi. Lokigin… Qo’rqqanim yo’q. Boya aytdim-ku! Ortga qaytish yo’q. Xullas… Mana shunaqa gaplar, muxbircha!
Muxbir (ma’yus tortib): — Boshingizdan shuncha ish o’tibdi, tog’a! Xudo sabr bersin sizga! Ammo beshinchi infarktning sababiniyam qog’ozga tushirib qo’ymasam bo’lmaydi. O’zingiz tushunasiz, suhbatni oxirigacha yetkazmasam, maqola chala bo’ladi. Shunga…
Erkak: — Bilaman, sen beshinchi infarktga qanday uchraganimminan qiziqyapsan. Mayli, aytaman! Bilasanmi, hov anavi devormiyon qo’shnimning babaq xo’rozi bo’lardi. O’sha xo’roz itdan battariydi.
Muxbir (ko’zlari ola-kula bo’lib): — Yo’g’-e!
Erkak: — Ha, yaramas va pastkash xo’roziydi. Nuqul meni ko’rsa tepaman, cho’qiyman deb yugurgilardi. Uzo-oq mulohaza qildim, o’yladim, siqildim. Oxiri xo’rozni tutvolib… Qaynatma sho’rva pishirdim. Albatta bu yo’ligaydi. Sho’rvayam qo’y yog’isiz tomog’imdan o’tmaydi, axir!.. Bilmayman, nima sehri-jodusi borakan o’sha xo’rozning… Tuppa-tuzuk yurgan odam o’sha sho’rvani ichdim-u, yanayam ko’proq qo’y yog’i yeydigan bo’ldim. Oqibatda beshinchi infarktni oldim. Bolalarim azbaroyi zerikkanidanmi, yo boshqa sababdanmi, mendan xabar ham olmay qo’yishdi. Baribir qaytmadim. Ikki xayolim faqat infarktning adabini berish bo’p qoldi…
Muxbir: — Endi oltinchi infarkt haqida gapirib bersangiz!
Erkak: — O’n yashar Yarashboy degan nevaram bor. Yaramasni besh yasharligidan so’kishga o’rgatdim. O’rganmadi. Nuqul «Doda, so’kinish yaxshimas», deb qitig’imga tegaverdi. Anavi xotinchalish tog’alariga tortgan-da xonasalot!.. Xullas… Shundan keyin astoydil niyat qildim. Buniyam gazetingga yoz, muxbircha! Men kelajakda infarktga uchrash bo’yicha jahon rekordini o’rnatmoqchiman. Nasib bo’lsa, yettinchi marta infarktga uchraganimdayam kelasan. Maqola yozasan!
Muxbir (qansharini qashib): — Axir… Boya aytganimday, bu hayotingiz uchun xavfli! Qolaversa, shuncha yog’ni yeyish uchun pulni qaydan olasiz? Qimmat-ku qo’y yog’iyam!
Erkak: — Shinavanda ulfatlarim ko’p. Qo’y yog’ini xomligicha har karsillatib yeganimda, maza qilvorishadi ular.
Muxbir: — Ol-a-a!!!
Shunday deydi-yu, muxbir xayr-ma’zurni-da nasya qilib jo’nab qoladi. Erkak esa uning ortidan qichqiradi:
— Hay, o’zboshimcha, yettinchi infarktning asl sababini so’ramading-ku! Sen yaramas «tog’a»lab anavi itfe’l, oqibatsiz jiyanlarimni eslatib qo’yding! Mana shu ishing uchunam yettinchi infarktga uchramasam, otimni boshqa qo’yama-an!!!
Olimjon HAYIT