Haqiqiy hangoma mana bunaqa bo'ladi, bo'tam!..

 

 

SUVARAK… BOY

(hajviya)

 

To’yda

 

Soleyko’-o’m! O’ho’, jamoat jam-ku-a? O’v, yo’l bermaysanmi brataningga, bacha? Turishingni qara! Qaysi suvarakxonada tarbiya ko’rgansan o’zi? Yo bizning kimligimizni bilmaysanmi? Bilmasang, ana, baroqoydan so’ra! Baroqoy bilan ko’-o’p hamsuhbat bo’lganmiz! Qoch, qoch, oyoq ostida o’ralashmay, anavi yoqqa bor! Boya ziyofat qilishuvdi. Non uvoqlari to’kilgan bo’lsa kerak, o’shalarni terib yeya qollaring!

— Ie, oka, kimsiz o’zi? Bizam to’yga kelganmiz! Ja-a bo’ydor, uzun mo’ylov, baqaloqman deb yerga uraverarkansiz-da odamni! Bizam ko’cha ko’rgan suvraklarmiz, oka!

— Nima-a? Vey, tirrancha! Qaysi axlatxonadan kelgansan o’zi-a? Menga tik qaraysanmi hali? Menga-ya? Men-chi… Mana shu qishloqning boyi bo’laman! Tegirmon kelisi tagidanam tirik chiqqan suvarakboyman! Bilmasang, bilvol, ovsar! Lyuboyingning nervingga o’ynoqlab qo’yaman! Yo ko’rsataymi? Ayt, ko’rsataymi?

— Okaxon, uzr, uzr! Bo’ldi, tushundik! Biz quyonmiz, quyon!..

— Quyonmish!.. Oldin suvaraklikni qotirib qo’ygin, qizig’ar! Bitta bo’r yegulik holing bor-u, oliftagarchilik qilasan-a! He tirishgan yelkangga mo’ylovimni uray, it!..

 

Ishxonada

 

— Odamlar insofsiz bo’p ketibdi, egachi! Men sho’rlik tinchgina yashab turuvdim. Xo’jayinning xotini uyoqqa o’tsam ham, buyoqqa o’tsam ham turtaverib holi jonimga qo’ymadi. Shartakiligini bilaman, menam bo’sh kelmadim. Suvarakchalarni tug’ib-tug’ib tashlayverdim. Xo’jayinning xotini qarg’ab uydan haydaganda erim ko’nglimni ko’tardi. O’zimning dori yemasim, aqlligim, qahramon suvarakoyim deb mo’ylovchalarimni silab qo’yaverdi. Peshonam qursin, endi bolalarimni oyoqqa turg’azuvdim, anavi megajin erini qanaqadir sassiq, zaharli dori sotib olishga ko’ndiribdi. Butun boshli oila parokanda bo’p, egachi! Mana, endi manavi ishxonadan panoh topgandim. Shuniyam xudo ko’p ko’ryapti shekilli. Nuqul g’iybatimni qilishgani qilishgan. Ko’zlariga ko’rinsam, haydab solishadi. Ko’rinmay, stol ostidami, ishqilib, biror panada tursam, g’iybat qila boshlashadi. Ishonasizmi, kuni kecha bittasi boshlig’iga yomonlab kiribdi. Qo’rqib turibman, ishqilib bu yerdanam shoxchamni tugvormasaydi!..

— Qo’rqib ovora bo’lmang, o’rgilay, menam yoningizdaman. Agar shoxchamizni tugmoqchi bo’lishsa, kechasi tushida boshiga o’rmalab ketib adabini beramiz! Rosa nerviga o’ynaymiz! Battar bo’lishsin hasadgo’ylar!

 

«Viz-viz» og’a

 

— Viz-viz-z-z! Qoch yo’ldan, tirrancha! Bir urib duxingni sindirib qo’yaman hozir!

— Nima? Kim bo’psan? Menam shu xirmonning bo’ri suvaraklaridanman! Qattan kep qolding o’zi?

— Voy, indama-a, jo’ra! Bu og’a Qo’rg’onqishloqning bolasi. Yomon qip tashlamasin tag’in! Hamma uni Shvarsneggerga o’xshatadi. Jahli juddayam yomon. Bir shoxlasa, enangni uchqo’rg’ondagi somonxonadan topasan.

— Eshitdingmi? He qurtdan tarqagan! Bashareyni qara, g’irt shilimshiq! Qaysi bo’tqaning ichidan sudralib chiqqansan o’zi?

— Bir qoshiq qonimdan keching, og’a! Bilmabman! Tavba qildim!

— Qon deydi-ya! Sendaqangi do’xliy suvaraklarda qon nima qilsin? Qon, mana, bizda bo’ladi, akasi, bizda!

— Og’a, hayotingiz haqida gapirib bering! Suvarakchalar qiziqishyapti! Agar… Malol kelmasa, albatta!

— E, bratishkalar, men hayot ko’rgan odamman. Hozir qamoqdan chiqdim! Ochig’i, chiqmoqchimasiydim! Bir toza havo olib, eski qadrdonlarni ko’ray, suvarakchasiga dardlashay dedim. Xo’sh, kim neto gap pasilat qilmoqchi? Bormi shunaqasi?

— Og’a, qamoqda qalay, qamoqda! Hoynahoy, og’ir bo’lsa kerak! Harqalay, qamoq deganlariday…

— Vey, omborxonada sang’iyverib, kallangam achigan bo’tqaga o’xshab qopti. Biz viz-viz suvaraklar qamoqdagilarning joni dilimiz. Kallamday-kallamday uvoqlarni tashlab qo’yishadi polga. Orasida go’shtiyam, bananiyam, kartoshkasiyam, tovug’iyam bor. Ayniqsa, zakaz somsalar kelsa, kunim tug’adi. Jit qilaman, jit! Jahlimni chiqarsa, lyuboyini shoxlayman.

— Sizni aristonlar haydab solishmaydimi?

— Nima-a? Qaerga haydaydi? Axir, men tuni bilan vizillab ularga kayf beraman. Yomon ko’rgani bo’lsa, o’shaning ichiga kirib ketib, qo’rqitaman. Qamoqda hayotni mana men ko’rsatib beraman. Senlaram yuribsan-da suvarakman deb ko’kragingga urib! Qara, oyoqda zo’rg’a turibsan. Bilaman, har kuni quvg’indasanlar. To’g’ri-da, zoting past. Viz suvarak bo’lganingda izzatda yasharding. Bo’pti, men borib falonchiboynikiga mo’ralay-chi, kecha ziyofat berganmish. Qolgan gaplarni keyin gaplashamiz!..

— Og’a, iltimos, birpas ketmay turing! Bratishkalar hayotingizdagi eng qiziq voqeadan gapirib berishingizni so’rashyapti. Qiziq-da ularga! Kimsan viz-vizboysiz, axir!..

— Uf-f, ezvordilaring o’ziyam-chi!.. Bo’pti, so’ralaring!

— Og’a, o’g’lingizam bormi? Nima ish qiladi?

— Hoy, viz suvarakning o’g’li nima ish qilishi mumkin-a? Uyam qamoq ko’rgan, haqiqiy hayot nimaligini biladi. Ha-a, yaqiinda bir pastkash chumoli o’g’limning ustidan arz qilibdi. Nimaymish, o’g’lim uning jiyanini ezg’ilab o’tib ketganmish. Ezadi-da! Zo’r bo’lsang, senam ez! Duxing yetadimi? Xullas, melisaga bermoqchi bo’libdi o’g’limni! «Qamataman» deganmish. O’v, dedim, o’zi qamoq ko’rgan bola bo’lsa, uni qo’rqitasanmi qamoq bilan? O’ylab gapiryapsanmi?, deb rosa tuzladim. O’zi o’sha chumoli mana shunaqangi yomonligidan, g’iybatchi, sassiqligidan bir umr beliga qanot bitmaydi. Tanasiga moy bitmaydi. Undan keyin nima qilardi? Mendaqa zo’rlarning g’iybatini qiladi-da! Mayli, yaxshi qollaring! Menga qara, bratishkalar, kimning plastigida puli bor? Berlaring, yugurib barga kirib chiqay! E, nega qo’rqasanlar? Javob, javob!

Olimjon HAYIT