* * *
Xastaxonang ostonasi og’ir keldi,
Sani izlab o’ta bo’m-bo’sh bag’ir keldi,
Poyingga tiz cho’kmoqqa shay sag’ir keldi,
Feruza qiz, qirchiningdan qiyilmagu-ur,
Mani «oka» deyishdanam tiyilmagu-ur!
* * *
Sanday hamshirani ming bor suysam-da kam,
Ukol-doring dastidan jiz kuysam-da kam,
Sani ko’rgan ko’zlarimni o’ysam-da kam,
Feruza qiz, qirchiningdan qiyilmagu-ur,
Mani «oka» deyishdanam tiyilmagu-ur!
* * *
Picha sovuqqonsan desam, chida deysan,
«Suda» desam, san lab burib «tuda» deysan,
Jonga tegib ketdingiz-ku juda, deysan,
Feruza qiz, qirchiningdan qiyilmagu-ur,
Mani «oka» deyishdanam tiyilmagu-ur!
* * *
Tushmi, o’ngmi?.. Go’yo qalin o’rmondaman,
San ul yonda, man bechora bul yondaman,
Sevgi izhor qila olmay armondaman,
Feruza qiz, qirchiningdan qiyilmagu-ur,
Mani «oka» deyishdanam tiyilmagu-ur!
* * *
Nima qasding bor bu xasta yuragimda,
Alamlaring bo’rtib ketdi bilagimda,
Ana, tag’in og’riq turdi kuragimda,
Feruza qiz, qirchiningdan qiyilmagu-ur,
Mani «oka» deyishdanam tiyilmagu-ur!
* * *
Omon bo’lsam, sanga jonim beray devdim,
Omonlikda bi-ir qo’lingni so’ray devdim,
Picha «yuragim»lamasdan turay devdim
Feruza qiz, qirchiningdan qiyilmagu-ur,
Mani «oka» deyishdanam tiyilmagu-ur!
Olimjon HAYIT