Samarqand – Qarshi yo’lida, Jomga yetmasdan chap qo’l tomonda, tog’ etagi va undan narida nomlari «qul» bilan tugaydigan qishloqlar ko’p. O’ziyam bir-biridan so’lim, bir-biridan jilvakor. Shu «…qul» qishloqlardan birortasiga yetib borishingiz bilan top-toza, salqinsifat havo burningizga uriladi-yu, butun vujudingiz yayraydi.
Yaqinda Toshmurod va Eshimqul ismli do’stlarim bilan shu qishloqlardan biriga dam olgani bordik. Qaysi birigaligini aytmayman. Chunki eshitishsa, xafa bo’lishadi. Yaxshi «dacha»lardan bittasini tanladik. Narxi arzongina ekan. Sababi, o’tgan yildan beri hali birov kelmabdi. «Dacha»ning egasi rosa maqtandi. «Bir tomonda tog’, ikkinchi tomonda chuqur soy. O’rtada mening «dacham». Hamma yog’i dov-daraxt. Hattoki archa ham ekib qo’yibman. Bu yerga shunchaki kelish va dam olish kerak. O’ziyam «srazu» besh yoshga yosharib ketasizlar!»
Bu gaplarning hammasi «dacha»ga kirmasimizdan oldin bo’lgan edi. Kirganimizdan keyin esa birdan hafsalamiz pir bo’ldi. Karavot yo’q. Yerga Nikolay poshsho davridan qolgan gilam to’shab qo’yilgan. Basseyn to’rt metrga – besh metr. Ammo uning suvi qachon yangilangani qorong’i. Dacha egasi maqtagan archaning bo’yi menikidan past. Uning yonidagi yong’oq esa osmono’par…
— Bu, aka, — dedim peshonam tirishib, — maqtaganlaringizning yarmi ham yo’q-ku!
— Boshqa dachalarga kirib ko’r, bundan ham battar, — deya shu zahoti javob qaytardi u.
Men savol nazari bilan Eshimqulga qaradim. U yelkasini qisdi.
— Uyma-uy izg’igandan ko’ra, ana, yong’oqning ostiga joy qilamiz-da, yeb-ichib ketamiz, — dedi uning o’rniga Toshmurod.
Men ham noiloj ko’ndim. Chunki bu yerga yetgunimizcha rosa charchagandim.
Uy egasiga pulni berdik. U ketdi.
Eshimqul o’choq boshiga bordi. Va shu zahoti:
— Eh-he-e! — deb yubordi.
Biz birdan unga yuzlandik.
— A, bu qozon kamida o’tgan asrning qirqinchi yillaridan qolib ketgan bo’lsa kerak! Buning yag’irligini qara! Ichida kamida bir qarich bo’lib bir nimalar qotib qolgan!
Biz uning yoniga bordik. Ko’rdik. Haqiqatan ham shunday.
— Qatron qilasan! Darrov toza bo’p ketadi. Ichida virus-pirus bir nima-bir nimalar bor deb o’ylama, hammasi katta olovda o’lib ketadi. Muhimi, bu idish. Muhimi, biz bunda ovqat qilishimiz mumkin!
Toshmurodni shu gapi uchun bir urib ag’darib qo’yay, dedim-u, yana o’zimni bosdim. Keyin o’ylab qarasam, uning gapi jo’yali. Kelishga kelib qo’ydik. Kamiga puliniyam berib qo’ydik. Endi issiq-sovuqqa chidaymiz-da. Muhimi, havo.
Eshimqul qozonni qatron qilishga kirishdi. Men esa sal beriroqdagi e-e-e-eski maktab partasining ustidagi laganga go’shtni qo’ydim va pichoq qidirdim. Uzo-o-o-q qidirdim. Chunki uy egasi idishlarning hammasi bor, deb ko’rsatib ketgan tumbada pichoq yo’q edi. Oxirgi marta ishlatilganidan keyin yuvilmagan qoshiqlar, sanchqilar, likobchalar bor. Lekin pichoq yo’q edi. Uni eng so’nggi tortmaning eng oxiridan topdim. O’ziyam pichoqmisan-pichoq ekan. Tig’ining uzunligi yarim qarichdan ham kaltaroq, qop-qora. O’ziyam o’tkirki, suvdan bo’lakni kesmaydi. Ichimdan zil keti-i-b turgan edim, itning ovozi eshitilib qoldi. Va birdan ovoz kelgan tomonga qaradim-u, ko’zlarim ola-kula bo’ldi. Mushukdan sal kattaroq kuchukvachcha men qo’ygan lahm qo’y go’shtining bir tomonidan tortqilayotgan edi.
— Tur! Voy it emgur! Tur! — deya baqirgancha uning yoniga yugurdim.
Kuchukvachcha qochmadi. Qaytaga, go’shtni tortib yerga tushirdi-da, haqini ayirib olish uchun tortqilay boshladi.
Men zumda uning yonida paydo bo’ldim va go’shtning boshqa tomonidan ushlab tortdim… Bu tirrancha kuchukvachcha yomon o’jar ekan. Narigi tomondan o’ziga tortayapti.
— Qo’yvo-o-o-o-r!!! — dedim jahl bilan. U esa menga javoban:
— I-r-r-r-r-r!!!
— Qo’yv-o-o–o-r!
— I-r-r-r!!!
— Qo’yv-o-o-o-r!
— I-i-r-r-r!
— Ey-y, senga padar bo’lgan itga ming la’nat!
Men go’shtni ko’targan edim, it ham baravariga ko’tarildi. Yaxshilab ikki siltagan edim, it o’zini ulushini uzib yerga tushdi va birdan qochdi.
Hammasi rasvo bo’ldi. Qo’limda qolgan go’sht parchasini ham biror nima qilib yeyishga odamning ko’ngli bo’lmaydi.
Oradan bir lahza ham o’tmasdan sheriklar bilan tortishishga tushib ketdik. Uzoq tortishdik. Va ortimizga qaytib ketishga qaror qildik. Chunki dam olish uchun kayfiyat qolmagan edi.
loading…