Endigina to’rt yoshni to’ldirib, beshga o’tayotgan Ahmad bog’chadan keliboq divanda televizor ko’rayotgan dadasining yoniga shoshilibgina keldi-da, xuddi ko’pkari o’yinida uloqni hech kimga bermay hamma sovrinni yutib olgan chavandozday og’zi qulog’ida, xursandchiligini yashirolmadi. Dadasi ham «Tinchlikmi?», degan savol nazari bilan o’g’liga boqdi.
— Dadajon, bugun bog’cha opam meni rosa maqtadi, — dedi.
Dadasi qiziqib so’radi:
— Nima uchun maqtadi? O’rgatgan she’rini yodlab, bexato aytib berganing uchunmi? — dedi. Bolakay boshini qimirlatib «yo’q» ishorasini qildi. Dadasining yana qiziqishi ortdi. — Bo’lmasa, aytgan topishmoqlarini to’g’ri topganing uchun maqtadimi?
O’g’li yana topolmadingiz deganday kulimsiradi.
Dadasi hayron bo’ldi. O’rniga yanada qulayroq moslashib oldi-da, so’radi:
— Unda seni menga o’xshab kuchli, hech kimdan qo’rqmaganing uchun maqtagan. Chunki men yoshligimda har kun mashq qilaverganimdan mushaklarim shishib ketib kiyimim zo’rg’a sig’ardi. O’rtoqlarimning bari menga havas qilardi. Ellik kilogrammli toshni bir qo’limda bemalol ko’tara olardim. Qishloqdagilar Hamid polvon deb chaqirishardi. Ismimni eshitgan har qanday bolaning dami ichiga tushib, tildan qolgan soqovday gapirolmay qolardi, — deya maqtana ketdi otasi.
Bilagidagi kuchini ko’rsatmoqchi ham bo’ldi. Ketmonning dastasidek ingichka, faqat suyak va ozgina etdan iborat bilagiga bir boqdi-da, indamay qo’ya qoldi. Ota o’zini maqtashdan to’xtamadi va oxirida «Shundaymi?», deya bolasiga qaragandi, «Yo’q», degan javob oldi.
— Unday bo’lsa, nima uchun maqtadi seni?
Javobni ham kutmadi:
— Ha, topdim. Sen bog’changda eng a’lochi va odobli bola bo’lganing uchun maqtagan. Chunki men ham maktabda eng a’lochi bo’lganman. Kundaligimda birortayam yomon baho bo’lmagan. Agar maktabda nazorat ishi bo’lib qolsa, hamma mendan ko’chirardi. Maktabni oltin medal bilan bitirganman, buni senga oldin aytmagandim, oying ham bilmaydi. Yaxshi o’qiganim uchun qancha «Faxriy yorliq»lar berishgan. Maktabimizga «komissiya» kelib qolsa, meni doim birinchi partaga o’tqazishardi. Chunki ustozlarni uyaltirib qo’ymasdim-da! Hoynahoy, bog’cha opang ham meni bilgan-da, shuning uchun seni ko’klarga ko’tarib maqtagan. Baribir menga tortgansan-da, — deya ota og’zini ko’pirtirib o’zini maqtashda davom etdi.
— Yo’q.
— A?! Unda nima uchun?
— Bog’cha opam menga bergan ikkita tuxumni yemaganim uchun maqtadi.
— Nima?!.
Hasan JO’RAQULOV,
«Oila davrasida» gazetasidan