BIR SOATLIK XOTIN… (hajviya)

 

Kuydirgiyevning xotini ketib qoldi. Bundan o’n yillar oldin ishga ketdi-yu, qaytmadi. Erkak-da, tunlarni yolg’iz o’tkazaverish joniga tekkan Kuydirgiyev kunlarning birida gazetada g’alati e’lonni o’qib qoldi. U yerda «Bir soatga xotin bo’laman. Ko’rsatilgan manzilga o’zim yetib boraman. Xizmat haqi 100 dollar» deb yozib qo’yilgandi.

«Nima bo’pti? — o’yladi Kuydirgiyev. — Ayni mening ko’nglimdagi ekan…»

Tezda gazetada ko’rsatilgan telefonga qo’ng’iroq qilib manzilini aytdi-da, yangi kiyimlarini kiygancha bir soatlik xotinni kuta boshladi.

Oradan besh soat etib to’satdan eshik qo’ng’irog’i jiringladi. Eshikni ochsa, qarshisida xo’ppa semiz, ikki qo’lida ikkita og’ir sumkalar ko’tarib olgan, yuzlari shamolda to’rlab ketgan bir ayol turibdi.

— Sizga kim kerak? — hayron bo’lib so’radi Kuydirgiyev.

— Bir soatlik xotin chaqirganmidingiz? — dag’al ohangda so’radi ayol.

— H-ha… Lekin… — Kuydirgiyev to aytmoqchi bo’lgan gapini tiliga ko’chirguncha ayol ichkariga kirib bo’ldi.

— Uf-f, tag’in mensiz hammayoqni rasvo qilibsanmi?.. — kiriboq ayol Kuydirgiyevni urisha ketdi. — Nimaga chekib tashlading uy ichida? Nafas olib bo’lmay ketibdi-ku! Tez oynalarni och!.. Yana ichgani-chi bu piyonistaning!.. He er bo’lmay baloga yo’liqqur! He og’zingdan qoning kelgur!.. Nega qoqqan qoziqday qaqqayi-ib turibsan? Olmaysanmi qo’limdagilarni?..

Ayol zarda bilan Kuydirgiyevning qo’liga sumkalarni tutqazdi.

Erkak hech narsani tushunmasdi. Ayol esa, yotoqxonaga o’tib egnidagi paltosini yechdi va qoziqqa ilib sekin karavotga cho’zildi. Kuydirgiyev esa, shirin erkalashlardan umidvor holda tezda sumkalarni oshxonaga qo’ydi-yu, yotoqqa qaytib kirib astagina ayolning yoniga yotdi.

— Nimaga cho’zilib olding boyvachchalarga o’xshab? — Ayol kutilmaganda o’rnidan turdi-da, erkakka o’dag’aylay ketdi. — Bor, axlatni tashlab kel!..

— Xotinjon, — dedi Kuydirgiyev muloyimlik bilan. — Axlatni ertaga olib chiqarman. Kel, seni bir erkalay!..

— Ie, ie, haddidan oshishini buni!.. Hozir olib chiqasan! Isqirt qo’llaringni tort dedim mendan!.. Oylik qani? Oylikni cho’zib qo’y!..

— E, oylik o’tgan payshanbadayoq tugab bo’lgan. — deya javob qildi Kuydirgiyev qo’rqa-pisa. Va ohista o’rnidan turib qo’liga axlat idishni oldi-yu, tashqariga yo’l oldi.

Qaytib kirganda, ayol yenglarini shimarib olgancha ho’l latta bilan pol artardi. Kuydirgiyev unga birpas tikilib turgach, negadir mehri tovlanib ketdimi, sekingina yelkasiga qo’lini qo’ydi. Shu zahoti ho’l latta yuzlari aralash kelib tushdi.

— Bu… Nima qilganing, xotinjon?..

Kuydirgiyev o’zicha g’udrana-g’udrana ilojsiz zalga kirdi va televizorni yoqdi.

— Nega yana yotib olding? — hali yonboshlab ulgurmagan erkakka baqira ketdi bir soatlik xotin. — Bor, gilamni qoqib ber! Changlab ketibdi!..

— He xotin bo’lmay har narsa bo’l!.. — g’udrana-g’udrana o’rnidan turdi Kuydirgiyev. — Nimaga men bu yaramasga yuz dollar to’ladim o’zi?..

Shu tobda eshik qo’ng’irog’i chalinib qoldi.

— O, oyijonim keldi!.. — xursand qichqirdi ayol.

— Yana qanaqa oyi?.. — Kuydirgiyev qo’rqa-pisa eshikka yaqin bordi.

— Qanaqa bo’lardi? Mening oyim!.. Biz birga sherikchilikka ishlaymiz!.. Axir, qaynonasiz er ermidi?..

Kuydirgiyev ehtiyotkorlik bilan yotoqxonaga kirdi-da, divan ostiga berkindi.

Bir soatlik xotinning muddati tugashiga shu vaqtda yana yigirma yetti daqiqa bor edi.

Olimjon HAYIT tayyorladi