ShOIRNING MUHABBATI
* * *
Shoirasini jonidan ham ortiq sevib qolgan, qorong’i tunlarda osmondagi oy-yulduzlarga termilgancha faqat shoirasiga atab she’rlar bitishdan tiyila olmas, deyarli telba qiyofasiga kirib bo’lgan shoir romantik uchrashuviga hadeganda o’zgalar xalal beraverishidan kuygandi. Shoirasi bilan shirin-shirin suhbatlar qurishga oshifta bo’lib turgan mahal shoirasi yo’lidan chiqib qoldi. Azbaroyi to’lqinlanib ketgan shoir tun bo’yi esidan chiqib qolmasligi uchun miyasiga quyib olgan jumlalarni shoirasining kipriklari pirpirab turgan ko’zlariga ming bir hayajon ila boqib tiliga ko’chirdi:
— O, hayotim! O ko’nglimning malikasi shoiram! Men sizni Majnun Laylini sevgandan trillion marta kuchliroq sevaman! Men sizga Farhod Shiringa zor bo’lgandan milliardlab marta ko’proq zorman! Nima qilay? Pashshaxo’rdalar ko’payib ketdi-da! Jamolingizga to’yishga xalal berishgani berishgan. Men g’arib shoir shoirasi bilan gaplashib qo’ymasligi uchun yo’limizga ko’ndalang bo’lishgani bo’lishgan. Hozir ham sizning qarshingizda turibman-u, yana qaysidir noinsof g’oyibdan paydo bo’lib uchrashuvimizni buzib qo’yishidan cho’chimoqdaman. G’aribgina qalbim siz tomon talpinmoqda. Do’zax olovidan-da ming chandon kuchliroq muhabbatingiz o’ti kuydirmoqda, ado qilmoqda! Shoiram, mehribonim! Hozirgi lahzalarda mening istagim ham, orzuim ham bitta. Qaniydi, siz koronavirusga uchrab qolsangiz-u, karantinni bahona qilib sizni Gobi cho’llariga opqochib ketsam!..
Olimjon HAYIT
loading…