«DISKOTEKA»
(hajviya)
* * *
Mamajon mo’ylovning xotini Farzinisa o’sallanib qoldi. Mo’ylov kasalxonaga yotqizay deb shuncha tavallo qilsa ham ko’nmadi. «Bannisaga yotgandan o’lganim yaxshi» deb turib oldi. Er-da, izillab, nima qilishni bilmay, goh og’ilxona, goh eshak boylangan eski bostirmaga borib kelaverdi. O’sal xotinining qaysarligidan kuydi. Shu mahal devormiyon qo’shnisi Toshboy tog’a o’roq so’rab chiqib qoldi. Ishi tushib turgani uchunmi, atayin o’n metr naridan ko’rishish niyatida qulochini yozgancha keldi. Ammo mo’ylov shu tobda birov bilan quchoqlashib ko’rishadigan ahvolda emasdi. Qo’lini ko’ksiga qo’yib til uchida salomlashgan bo’ldi.
— Ha-a, mo’ylov, ot tepdimi? — so’radi Toshboy tog’a hayron bo’lib. — Namuncha bukchayib olibsan? Tinchlikmi?
— E, tog’a, ezvordingiz-da o’zingizam, — dedi yuzini ters burib mo’ylov. — Xotinim o’lim bilan olishib yotibdi. Bannisaga oboray desam, ko’nmadi. Qaysarlanib turib oldi. Qo’liga piyolada suv tutqazsam, devorga urib sindirdi bachchag’ar.
— Ie, yo xudoyim! Nima bo’ldi kelinga? Shamollabdimi?
— Qaydam? Isitmasi baland, nuqul alahlab, o’lib ketgan onasi bilan gaplashib yotibdi.
— Hm-m, — bosh qashib oldi Toshboy tog’a. — Demak, xotining shamollamagan. Uni jin chalgan, jin. Menga qara, kecha-pechasi adashib hov anavi yong’oq tagiga o’tirib qo’ymaganmikan ishqilib?
— Men qaydan bilaman? Kechasi ko’p chopadi tashqariga. O’tirsa o’tirgandir-da ovsarlanib!
— Menga qara, Mamajon, tezda Madamin maymoqni opkeltirish kerak. Bir-ikki qamchilab qo’ysa, otday bo’p ketardi xotining.
— Qiziqsiz-a, tog’a, — norozilanib aftini bujmaytirdi mo’ylov. — O’zi o’lolmay turibdi-yu, qamchilasa deganingiz nimasi? Ajalidan besh kun burun o’ldirmoqchimisiz?
— E, o’qimagan, — qo’l siltadi Toshboy tog’a, — Yo’liga qamchilaydi xolos. Savalamaydi-ku! Madamin maymoq ja kuchli tabib deyishadi. Nima deysan?
— Aniq tuzatarmikan?
— Albatta, maymoq qamchilab xotiningning ichiga kirib olgan jinlarni haydasa darrov ko’zi ochiladi.
— Traktorimda borsam, kelarmikan?
— Kelmay o’libdimi? Jon deydi. Tez borib kel, inim, vaqt ketmasin!
— Bo’pti, siz yangamni ayting, Farziga ko’z quloq bo’p tursin!
— Xavotir olma, aytaman! Yugur tez!
* * *
Oradan bir soatga yaqin vaqt o’tdi. Toshboy tog’aning zavjasi Surma buvi Farzinisaning tepasida o’tirardi. Bir mahal darvoza sharaqlab ochilgani qulog’iga chalindi-yu, sapchib o’rnidan turdi-da, hovliga g’izilladi.
Hovlida Madamin maymoq qiyshaygan oyog’ini tosh ustiga qo’yib olgancha Mamajon mo’ylovga allanimalarni uqtirardi. Toshboy tog’a hassasiga astoydil tayangan ko’yi baqrayib turardi.
— Qani bemor? — so’radi maymoq cho’qqi soqolini tutamlab. — Mo’ylov, sendan so’rayapman!
— U-uyda, — dedi Mamajon mo’ylov negadir titrab. — A-ana, anavi uyda yotibdi, tog’a!
— Qani, boshla!
Mo’ylov tabibni ergashtirib xotini yotgan xonaga olib kirdi.
— H-m-m-m!!! E-e-e-iy-y-yq-q-q-q!!! Uv-v-v-v-vvv!!! Ha o’lsin-a!..
Madamin maymoq Farzinisaga ko’zi tushgandanoq qayta-qayta kekirdi-da, cho’zib-cho’zib esnadi.
— T-tog’a, k-kasali og’irmikan? — hanuz tutilib so’rashga tutindi mo’ylov.
— Echki! — tabib nimanidir qidirib xonaga alangladi. — Oq echki bormi?
— Echki? N-nimaga, tog’a?
— Zavjangni jinlar bosgan! Ja yovuz jinlar! Oq echki so’yib qonini badaniga surish kerak. Bo’lmasa chiqmaydi jinlar!
— Yo’g’idi-ku! Faqat… Katakda tovuqlarim boridi, tog’a!
— Shunaqami? Tosh, sendayam yo’qmi oq echki? Qarzga bo’lsayam berib turmaysanmi qo’shningga?
— Be, echki qayoqda? — dedi Toshboy tog’a norozilanib. — Otliqqa yo’g’-u, bizga yo’l bo’lsin!
— Unda-chi, tez sakkiz qizni yig’, turmush ko’rmagan bo’lsin! Mayli, tovug’am bo’laveradi, teshib chiqmaydi. Keyin… Xonaga magnitapon opkirtir! Bor-ku… Haligi… Nimaydi?.. Ha, chet elliklarning ashulalari yozilgan tasmayam keltir! Bo’l tez, anqovlanmay, jinlar qo’zg’olon qilyapti! E-e-e-e!!! Iy-y-yq-q-q!!! H-h-h-u-u-uvvv!!!
Mamajon mo’ylov tabib yana kekirib, esnay boshlaganini ko’rdi-yu, tashqariga chopdi.
* * *
Ko’z ochib yumguncha hammasi taxt qilindi. Mamajon mo’ylov qo’shni qizlarning sakkiz nafarini xonaga qator qilib, so’yilgan oq tovuqning qoni quyilgan piyolani maymoqqa tutqazdi-da, magnitofonni yoqdi. Xonada qaysidir chet ellik xonandaning raqsbop qo’shig’i yangray boshladi.
Maymoq qo’liga qamchisini olib o’sal yotgan Farzinisaning yelkasiga bir necha marta urib chiqdi. Shu orada piyoladagi qondan bilaklari, to’piqlariga surtdi.
— Chiq! Chiq dedim, og’zing qonga to’lgur, alvasti-i! — qichqirdi u. Har qichqirganda ko’zlari g’ilaylanib, iyagi ko’tarilib-ko’tarilib tushdi. — Chiqmasang uyingni buzaman, buzg’unchi! Chiq, chiq, daf bo’l, qizitaloq!
U kutilmaganda qaddini ko’tarib, maymoqlangancha qizlarga yaqin bordi.
— Qani, «tansa» tushlaring! — dedi ularga. — Xuddi diskotekadagiday «tansa» bo’lsin! Bo’l tez, bo’l! Bo’shashma! Ha qurib ketkurlar!
Qizlar maymoqning talabi qiziq tuyulib qiqirlasha boshlashdi. Biroq yelkalariga kelib tushgan qamchining yengil zarbasidan so’ng itoat bilan aylanib raqs tusha boshlashdi. Qizlar raqs tushaverdi, maymoq sekinlashganning yelkasiga qamchi uraverdi. Ora-sirada «Ana, jin chiqdi! O’la qonxo’r, chiqdingmi-i? Bor, bor, yo’qo-ol!!! Eram bog’ingga ki-ir!» deya telbalarcha xonani aylanib chopdi.
Shu ko’yi yarim soatcha raqs, aylanish, qamchilashlar davom etdi. Maymoq da’fatan tinchlanib, magnitofonni o’chirdi va Farzinisa tarafga ko’z tashladi. U hamon ihlagancha yotar, qur-qur bo’g’riqib yo’talardi.
— Mamajon, yana ikkita oq tovuqni tiriklay manavi sumkaga solib qo’y, — dedi maymoq qizlarni qo’l ishorasi bilan tashqariga haydarkan. — Men uyga borib ikkala tovuqqa dam solaman. Keyin katakka qamayman. Tovuqlar dam kuchli kelib toz-za sakraydi, qaqillaydi. Har qaqillaganda, zavjangning ichiga berkinib olgan qaysar jinlar ura solib qochadi. Bo’l tez!..
Mamajon mo’ylov xotiniga achinish aralash qarab oldi-da, tabibning ko’rsatmasini amalga oshirish ilinjida tashqariga chiqib ketdi…
Afsus, Farzinisaning ichiga berkinib olgan o’sha qaysar jinlar to kechga qadar ham chiqay demadi. Shom mahali hovliga Turdi mol do’xtir nimadir kerak bo’lib kirdi-yu, Mamajon mo’ylovning iltimosi bilan Farzinisani tekshirib ko’rdi. Ayol qattiq shamollagan ekan. Qanaqadir dori ichirgandi, yarim soatdan keyin Farzinisa tinchlanib uxlab qoldi…
Mamajon mo’ylov gap nimada ekanini endigina payqagandi. Chiqib Toshboy tog’ani bo’ralab so’kkisi, Madamin maymoqni boloxonador qilib «teshib chiqsin»lagisi, «apris»lagisi, alami kelganda, dod solib dunyoga jar solgisi keldi. Ammo… Qishloqchilik-da!..
Tabibning qulog’iga yetsa, imi-jimida «issiq-sovuq» qilib qo’yishidan cho’chidi.
Olimjon HAYIT