“BI-IR KULIShMAYMIZMI, OKA?..”

XOBBI

(hajviya)

Tugma

Hammasi uchinchi sinfda o’qiyotganimda Nazira ismli sinfdoshimni yoqtirib qolishimdan boshlandi. Nazira qaqajon edi. Uni ko’rsam, sira yonidan ketgim kelmasdi. Bir kuni Nazira rang-barang tugmalarni yoqtirishini eshitib qoldim. Tinchim buzildi. Qanday bo’lmasin, Naziraga yoqish ilinjida tugma yig’ishga tushdim. Hatto uydan eski ko’ylak-shimlardagi tugmalargacha uzib oldim. Tugmalarim haqiqatan rang-barang edi. Qizil, qora, oq, sariq… Katta-kichikligini aytmaysizmi!.. Yig’gan tugmalarimni kunlarning birida Naziraga ko’rsatdim. Bilardim, u tugmalarni ko’radi-yu, menga yer ostidan bir qarab qo’yadi-da, uyalibgina ularni qo’limdan oladi. Ana undan keyin faqat men bilan o’ynaydi, maktabga boradi, dars qiladi.

Baxtga qarshi bunday bo’lmadi. Nazira tugmalarni ko’rgach, «hm-m» degancha lab burdi-da, lippasiga qistirilgan lattani oldi. Lattaga menikidan o’n baravar ko’p tugma joylanibdi. O’lay agar, bunaqa tugmalarni umrimda ko’rmagandim. Unga yoqish ham bir chetda qolib, o’zimning tugmalarim unaqamasligidan uyalib ketdim…

Yomoni, men o’sha kundan boshlab Nazira haqida emas, negadir uning qo’lida ko’rgan turli-tuman, ajabtovur tugmalar haqida o’ylaydigan bo’ldim. Qaerga bormay, qay ko’chaga, hovliga kirmay, o’shanaqa tugma qidiraverdim. Hatto, do’konga kirganimda ham odamlarning kiyimlariga razm solib, xuddi shunday tugmalar qidirdim. Qisqasi, tugma xobbiga aylandi. Tushlarimgayam kirib chiqadigan bo’ldi. Agar bir voqea sabab bo’lmasa, tugma yig’ish xobbim yana uzoq yillar davom etishi aniq edi. Ajoyib kunlarning birida sap-sariq, chetlari burmali kattakon tugma topib olgandim. Enam ko’rib qolib qo’limdan tortib olmoqchi bo’ldi. Azbaroyi alam qilganidan tugmani og’zimga solibman-u, yutvormoqchi bo’libman. Jo’ra, o’shanda o’zimdan o’tganini o’zim bilaman. Ikki soat deganda ko’plashib tomog’imga chippa yopishib qolgan o’sha tugmani chiqarib olishgan. Shunchali qo’rqib ketibmanki, o’sha kundan boshlab tugma yig’ish xobbimni tashladim.

Puf-Pak og’a

Men ajoyib kunlarning birida o’zimga yangi xobbi topdim. Sharchalar yig’adigan bo’ldim. Qishloq bolalari tilida ularni pufak deyishardi. Teshilganmi, loyga botganmi, sariqmi, qizilmi, farqi yo’q, duch kelgan pufakchani yerdan, ariq, zovurlaradn yig’ib bir xaltachaga joylayverdim. Maktabdan kelganimdan so’ng ularni shishirib bolalarga ko’z-ko’z qildim. Afsuski, xudo menga bu xobbiniyam ko’p ko’rdi. Orqavarotdan eshitib qoldim. qishloq bolalari menga «Puf-Pak og’a» deb laqab qo’yib olishibdi. Alam qildi. Chunki o’shanda qishlog’imizda Pak degan koreys chol piyoz ekardi. Kechqurunlari olovga kartoshka ko’mardi-da, pishgach, qo’liga olib nuqul «puf-puf»lagancha turgan yerida aylanaverardi. Shuning uchun unga «Puf-Pak» og’a deb laqab qo’ygandik. Bu laqab endi menga tirkalganini eshitdim-u, pufaklarimni suvga oqizib yubordim.

Sohibjamolim

Og’aynilar, bu xobbi o’limdanam xavfliroq, desam, ishonavering! Ammo tavakkal qildim. Bo’y yigitlik paytimdanoq pufagigayam, tugmasigayam qaramay, sohibjamol xobbisiga o’tdim. Oh, bularning go’zalligi, jozibaliligini!.. Biri bilan tanishib, ko’ngilxushlik qilaman-u, boshqasini ko’rib qolsam, mast bo’laman-qo’yaman! Uyquning mazasi qochadi. Xuddi o’sha sohibjamolning yonida bo’lish ishtiyoqi allaqaerlarimni tirnayveradi. O’ylab ko’rsam, xobbilarim orasida shunisi juda barakali bo’lgan ekan. Eh-he, qancha sohibjamolni yig’ib tashlamabman! Bir kuni tush ko’rdim. Tushimda sohibjamollarimning hammasi bir joyga to’planibdi-yu, meni talasha ketibdi. Talashsa mayliydi, hammayog’imni yumdalab tashlashibdi…

Qo’rqib ketganimni tushungan bo’lsangiz kerak, jo’rajon! Uyg’ondim-u, xobbini tashladim. Qo’rquv yomon bo’larkan, ko’cha-ko’yda yangi sohibjamollarni ko’rsam, sekingina yonlab o’tadigan bo’ldim.

Telefon xobbisi

«Tinib-tinchimagan odamlar-a, nimalarni o’ylab topishadi-ya!» degan kampir to’g’ri aytgan ekan. Qarang, hozir ajoyib telefonlar chiqib ketdi-ya! Telefon xobbim paydo bo’lgandan beri o’zimni juda baxtli his qila boshladim. To’g’ri-da, telefonlar rang-barang, asosiysi, tushimga kirsayam, sohibjamollarga o’xshab meni talashmaydi, yumdalamaydi. Do’kon peshtaxtasida jimgina, jamolini, jozibasini ko’z-ko’z qili-ib turadi. Men bo’lsam, xobbi alangasida yonaman. Birini sotvolaman, uyga opkelib, picha bag’rimga bosib yuraman. Keyingi gal do’konga qaytib kirganimda esa, undanam go’zalrog’i turgan bo’ladi. Nuqul «Kel, kel» degandek bo’laveradi. Nima qilay? Tag’in tavakkal qilaman. Cho’ntakning quriganigayam qarab o’tirmayman. O’sha jonon telefonni qo’limga ushlagim, kovlashtirgim kelaveradi. Busiz tinchimni topa olmayman.

Qurib ketsin, telefonni xobbiga aylantirishning o’zi bo’lmas ekan. Keyingi paytlarda rostakamiga kissaning mazasi qochadigan bo’ldi. Kissa bo’sh qolganidan shikoyat qilganda, nervim buziladigan, qo’limdagi ajabtovur telefonim ko’zimga baloday ko’rinadigan bo’ldi.

Mototsikl xobbisi

«Nima qilsam ekan? Bu xobbini qanday almashtiray? Do’konga kirdim deguncha telefonjonlarning yangisini ko’rib bezovtalanaversam, qandoq qilay?» deb yurganimda katta ko’chada ketvorgan mototsiklni ko’rib qoldim. Vey, ja zo’ridanakan! Svetoforning yashil chirog’i yonishi bilan vang’illagancha manaman degan mashinalarni quvib o’tib ketdi-ya!

— Ha-a, mana buni texnika desa bo’ladi, — dedim o’zimga o’zim qo’limdagi telefonga sovuq qarab qo’yib. — Xafa bo’lma, telefonjon! Xobbini o’zgartirmasam bo’lmaydi. Mana shunaqa mototsikl sotvolaman. Ha, aytgancha, boshliqning mashinasi ja tezyurar xilidan. Mototsiklni xobbi qilvolsam, biror kun uni g’uv etib quvib o’tardim-da! Rosa «prikol» bo’lardi!..

Shu haqda shaxsan boshliqning o’ziga maslahat soldim. U bo’lsa kula-kula, «Vey, keling, shu xobbingizdan voz keching, evaziga to’yguningizcha pivo quyib beraman» dedi. O’ylab qoldim. Tarozining bir pallasiga mototsiklni, ikkinchi tomoniga pivoni qo’yib ko’rdim. Be, bo’kib pivo ichdim deganimdayam, ikki baklajkadan nariga o’tolmas ekanman. Shunday katta xobbiga ikki baklajka pivoni alishaymi? Hecham-da!..

Nima dedingiz? Xobbi masalasinda sohibjamollardan o’tadigani yo’q deysizmi? To’g’ri, ularga hech bir xobbi yeta olmaydi. Eh, yurakni kuydirvordingiz-da o’zingizam, jo’rajon!.. Axir… Mana shu «axir»i yomon-da!.. Hozir, jo’rajon, uzoqdanam yaxshi ko’radigan bo’p qolganmiz o’sha sohibjamollarni! Mana shunisi yomon! Ha-ya, beriroq keling! E, quloqni bering dedim! Xullas, shu gap oramizda qolsin-a?! Yo’qsa, hov anavi narigi stolda o’tirib ishlayotgan yigit ham sohibjamollarni xobbi qilvolgan. Eshitib qolsa, «Oka, yangilaridan bormi? Telefonini bering» deyaverib xit qiladi! Uningizni chiqarmang! Mototsiklni xobbi qilvolay, alohida gaplashamiz! XAYR!!!

Olimjon HAYIT