TAKASALTANGLAR…

(yoki kuni qo’rqitishga qolgan qariya)

(hajviya)

Esimdan aylanay

Hay bacham, bizday beli bukchaygan, rangi oqarinqirab qolgan qariyalarni ko’rsangiz, kulmang! Bukchayganimiz bilan bel hali baquvvat. Uncha-munchangizni uloqchaday bir ko’tarib qirning narigi yonboshiga irg’ita olamiz. Esimizam ja ketib qolganmas. Yuz yil oldingi ishlarni so’rang, yotig’i bilan aytib bera olamiz…

Eh, bu yoshlarni sira tushunmayman-da! O’taketgan qaysar, takasaltang bo’lib ketishibdi. Erkak, o’g’il bola, qayoqdagi qizil-yashil simchalardan kokil qo’yvolganiga o’laymi? Baraka topkur, erkak o’z o’rnida turishi kerakmasmi?.. Ie, anavi dilbizorcha nega meni ko’rib qochib ketdi? Hech yerim qiyshaymagandi shekilli…

Ha-a, dilbizoram qarigandan keyin shunaqa qo’rqinchli bo’lib qolarkan-da, mayli!..

Lokigin hozirgi yoshlarga achinaman baribir. Sho’rliklarning orqa-oldi qolib qornigacha g’alati-g’alati tugmachalar qo’yib tashlashgan. Keyin-chi… Boya ularni qaysar deb xato qildim-ov! Bechoralarni sehr-jodu qip qo’yishgan. Allambalo uzunchoq narsani olishadi-da, tugmachalarini bosaverishadi. Nevaram, chevara-evaram tengi dilbizorchalar qochib qaergayam borardi?!. Aytgan o’yiniga o’ynaydi. Qurib ketsin!..

Tomosha

Esimdan aylanay, chang bosgan ombor chetida yotibman-u, eshik tirqishidan nevara-chevaram tengilarning ko’rsatayotgan hunarlarini ko’rib yoshligim yodimga tushyapti. Qarang, ko’z bormi, qosh bormi, qizilmi-ey, yashilmi-ey ranglarga bo’yab olishibdi. Shuni husn deb o’ylashsa kerak-da, nuqul o’zini bir-birlariga ko’z-ko’z qilishadi. «Sadqai yigit-qiz ketlaring-e», deyman-u, boshimni ters burib olaman. Ammo bu jinqarchalarning shovqini-chi? Olamni tutaman deydi. Vey, shuncha ovozni qaerdan olishadi bular? Bizning davrimizda gapirsak qo’shni hovlidagi odam ham eshitib-eshitmay qolardi. Vey, har baqirganda sakrab-sakrab ketadi-ya!..

O’tgan kuni qora-qura bolakaylar omborga kirib qoldi. «Qani, nima qilisharkin?!» deb tek o’tiraverdim. Qarasam, qulog’imning o’rniga barmog’ini tiqyapti bittasi. Indamadim. Ja haddidan oshib hali qornim, hali orqamga shapatilayverdi. Tishimni tishimga bosib qulay fursatni kutdim. Balo ekan yosh bo’lsayam. Almisoqdan qolgan simimni tokka uladi. Shunisi o’tib ketdi, birodar. Axir, bu g’irt o’zboshimchalik-ku! Channab ketgan yuzimni oralab qandaydir rasm chiquvdi, astagina qiyshaytirdim. Shu orada «O’h-ho’» deb yo’talib qo’ydim. Qo’rqmay bo’psan! Bolakay dodlagancha orqa-ketiga qaramay qochdi…

Men qaysar edim

Bizning davrlarda dilibizor anqoning urug’i edi. Obro’yimiz, hurmat-izzatimiz ja baland edi. Sira ko’z oldimdan ketmaydi, Toshtemir tanti tog’am bir kuni meni ko’tarib kelib qoldi. Yoshu qari, qizu juvon o’rab olib rosa chuvillashdi. Ayniqsa, qiz-juvonlar hali yuzimni, hali boshimni silab tirjaydi. Ochig’i, haqiqiy mehrni o’shanda tuygandim.

Toshtemir tanti tog’amning kayfi tarang edi.

— Qani, dilibizorni qo’ylaring! — deb buyurdi Xolposh xolamga o’qrayib. — Bilasanmi, fitna, dilibizor qo’yishni?

Xolposh xolam qizarinqirib yelka qisdi.

— He o’qimagan, — so’kinib yarqiragan qora simimni tokka uladi tog’am. — Hozir ko’rasan, dunyoni ko’rsatadi bu dilibizor!

Aybga yo’ymang, o’shanda tuppa-tuzuk qulog’im bor edi. Ammo o’zim qaysar edim. To qulog’imni buramasangiz, aytganingizni qilmasdim. Tek tersaygancha turaverardim. Toshtemir tanti tog’am qulog’imni sharaq-sharaq burovdi, ajoyib-ajoyib odamlarni, yigit-qizlarni, qariyalarni, beti burishgan kampirlarni ketma-ket ko’rsata boshladim. Biroq odam ajratganim yo’q. Ota-onam shunaqa tarbiyalashgan.

«Ho’v, hayotda ajratmachilik qilmagin, — deb uqtirgandi bobom rahmatli. — Hammani birday ko’rgin, birday ko’rsatgin! Odamlar sen-u bizdan xapa bo’lishmasin, uni qora, buni qizil ko’rsatdi deb janjal qilishmasin, ko’ngillari cho’kmasin!..»

Menam ota onamning o’gitiga amal qildim. Qizilniyam, oqniyam, qoraniyam bir xil ko’rsata boshladim. Hech kim norozi bo’lgani yo’q. O’sha davr odamlari juda farosatli ekan-da! Rangni o’zlari topvolaverishdi. «Vuy, anavi dengizning suvi yam-yashil ekan, ie, manavi yigit qizil shim kiyvolibdimi?», deyishib bir-birlarini turtishdi. Qarang-a! Hozirgilarga qizilni qora ko’rsatib ko’ring-chi, nima qilarkin! O’sha zahoti boshingizga musht tushiradi.

— Vey, pulini to’lab qo’ygandan keyin «narmalniy» ko’rsatgin-da, it! — deyaverib joningizni sug’urib oladi. Essiz, o’sha davrlarim-a!..

G’arib

Mana, yosh o’tib, beldanam, ko’zdanam quvvat ketdi. Itgayam keraksiz bo’ldim. Lokigin Toshtemir tanti tog’a malades. O’layotib bolalariga vasiyat qilganakan, hech kim meni yerga ko’mib yubormadi. Omborning bir chetiga berkitib qo’yishdi. Mayli-da, ustimni chang, o’rgimchak uya bossayam tinchman. Faqat keyingi vaqtlarda murvatlarim buralib-buralib qo’yadigan bo’ldi. Yo’talib-yo’talib yuboray deyman-u, tokka ulanadigan simim chirigan. Buyoqda qarindosh-urug’ ham parokanda bo’lib ketdi. Hoynahoy biri yer ostida, boshqasi qaysidir axlatxonada murvatlari sochilgancha xor bo’lib yotgandir.

Yoshlik qilib bola-chaqayam orttirmagan ekanman. Hovlidagi bir-biridan hashamdor dilibizorlar begona-da, bolalik qilarmidi?!. O’shalarga yer ostidan qarayman-u, Toshtemir tanti tog’am esimga tushadi. Ust-boshimni silab, artib qo’yardi. Kayfi chog’langanda «O’zimning dilibizorimga gap yo’q», deb rosa alqardi…

Shularni o’ylab ezilib turganimda, tag’in boyagi bebosh bolalar omborga kiradi.

Qulog’imdan qolgan teshikka qo’l suqib ko’radi. Ikkinchisi chirigan simimni tokka ulaydi. «To’xtab tur sen tirrancha», deyman-u, payt poylayman. Endi rasm ko’ringanda bir tarafini qiyshaytirib, ko’zlarini olaytirib, bolakaylarga ko’rsata boshlayman. Ha, churvaqalar, yana dodlab tashqariga chopishadi…

Ha, bilaman, bu qariyaning miyasi suyilibdi deb o’ylayotgandirsiz-a? Sizam hech kimga keraksiz, bukri bir cholga aylaning, ko’rardik. Ish topolmaganingizda shunaqa bolakaylarni qo’rqitib kun o’tkazardingiz…

Ie, anavi Toshtemir tanti tog’ammi? Omborda nima qilib yuribdi? Axir, u kishining o’lganiga o’ttiz yil bo’ldi-ku!.. Qurib ketsin, omborda qarovsiz, parvarishsiz yotaverib, tom ham ketib qolayozibdi chog’i. Ho’v, oshna, kirmang omborga! Hozir ko’zimni olaytirib bir qo’rqitaman, dilbizor qanaqaligini bilvolasiz! Tushunmadim, dilbizor ko’tarib olibsizmi? Obbo, hali juda yosh-ku buningiz! Nima bo’ldi? Motori ishdan chiqibdi? Tavba, hozirgi yoshlarga hayronsan! Hali bir ishni qoyillatib ulgurmay, motori ketishi nimasi? Mayli, yonimga qo’yib ketavering! Hafsala qilsam, bir ko’ngliga qo’l solib ko’rarman!

Olimjon HAYIT