“INShO”
(hajviya)
Adabiyot o’qituvchisi Vali o’qiydigan sinf bolalariga avstriyalik buyuk bastakor Shtraus to’g’risida insho yozib kelishni uy vazifasi qilib berdi. Vali uyga keldi-yu, otasidan so’radi:
— Biz Shtraus haqida insho yozishimiz kerak ekan. Men hech narsa bilmayman-ku!..
— Kim haqida?
— Shtraus haqida.
— Ha-a, men senga straus haqida yozib beraman, o’g’lim. O’zing ham biror nima o’qib tur, qo’shimcha qilib yozib qo’yarsan!..
Shundan so’ng ota ensiklopediyani oldi-da, straus haqida nima yozilgan bo’lsa, hammasini ko’chirib o’g’liga berdi. Vali ham «Sh» harfli kitobdan Shtraus haqidagi barcha ma’lumotlarni yozib oldi.
Ertasi kuni maktabga kelib, xursand bo’lgancha inshosini sinfdagilarga o’qib berdi. Natija shunday bo’ldiki, xuddi o’sha inshoni har gal o’tadigan kechalarda sinfdoshlari iltimos qilib so’raydigan bo’lishdi. Vali ham noz qilib o’tirmay o’qib berishga odatlandi. Xullas… insho quyidagicha yozilgandi:
— Buyuk Avstriya bastakori Shtraus — yer yuzida yashovchi eng yirik qush hisoblanadi. U skripkachi, dirijyor hamda bastakor oilasida dunyoga kelgan. Bo’yi naq uch metr keladi.
Shtraus uchishni bilmaydi. Lekin Afrikaning yaydoq cho’llarida yashashiga qaramay, butun Yevropa bo’ylab gastrollar uyushtira olgan. Gastrollar davomida tezligi soatiga yetmish chaqirimgacha yetgan.
Shu bilan bir qatorda u o’z orkestriga ajoyib panjalari yordamida dirijyorlik qilgan.
Shtraus Avstriya poytaxtida, qushlar to’dasida yashaydi. Uning ajoyib tuklari va «vals qiroli» degan unvoni bor.
Shtraus bir vaqtning o’zida uchtadan oltitagacha straus xonimlarning eri hisoblanadi. Yo’q, bu bilan dunyoga tanilmagan. Aksincha, «Qishki o’rmon ertaklari» valsini yozgach tanilgan. Faqat bir kamchiligi bor. Nikoh mavsumida juda badjahl bo’lib qoladi.
Kuzatuvchilarning aytishlaricha, Shtraus har yili sof og’irligi ikki kilo keladigan tuxum qo’yarkan. Shu jumladan, «Ko’rshapalak», «Lo’lilar baroni» operettalarini ham…
O’zining qisqa hayoti davomida uzunligi o’n besh santimetrdan kam bo’lmagan yuzlab musiqiy asarlar va o’n oltita dunyodagi eng yirik tuxumlarni yarata olgan.
Ilgari Shtrausni fermalarda — quyonlar va tovuqlar orasida ham ko’paytirib ko’rishgan. Ammo u 1899 yili to’satdan olamdan o’tdi. Hozirgacha Shtrausning tuklari hamda operettalarini barcha yaxshi ko’radi.
Hormasboyev TOLMASBOYEV tayyorladi