BI-IR KULIShMAYMIZMI?.. 1

BI-IR KULIShMAYMIZMI?..

 

 

«TUShBIZNES»

(hajviya)

 

Hech qachon xotindan sir yashirmasdim. Shu safar yashirdim. Majbur bo’ldim. Ammo zo’rg’a ikki hafta chidadim. Shu vaqt oralig’ida naq yorilib ketayozdim. Nuqul «aytsammi, aytmasammi?», degan xayol miyamni kemiraverdi. Oxiri aytishga qaror qildim. Ulfatinisamni yonimga o’tqazdim-da, maqsadga ko’chdim.

— Senga bir gapni aytmasam bo’lmaydi, — dedim go’yo gapni uzoqdan boshlagan bo’lib. — Ishonsangam, ishonmasangam o’zing bilasan. Lokigin eshitib qo’yishing shart.

— Qanaqa gapakan? — yelka qisib menga boqdi Ulfatinisam. — Qiziqmi?

— Ishonasanmi, men ikki haftadan beri bir xil tush ko’ryapman?!.

— Xo’sh, qanaqa tush?

— Ikki hafta oldin tushimda boshliqning moshinasini minib vodiyga borib kepman. Ertasiga oldiga kirib, tushimni aytgandim, u kulib: «Agar yaxshi ishlasangiz, moshinamda har kuni kataysa qilaverasiz… Tushingizda!», — dedi. Xoh ishon, xoh ishonma, o’shandan beri har kuni tushimda boshliqning moshinasini minaman. Buyog’i Xorazm, uyog’i Surxon taraflargacha borib keldim. Nima deysan? Bu yaxshilikkamikan-a?..

Ulfatinisam dilgir-da! Birpas o’ylanib turdi-yu, to’satdan sergak tortdi.

— Tushlaringiz o’ngidan kelarkan, — dedi xotinim ko’rsatkich barmog’i bilan osmonga ishora qilib. — Tushingizni biznesga aylantirsa bo’ladi. Boyib ketardik, bizam odamlarga o’xshab har kuni kechqurunlari shahar aylanardik, hashamatli kafelarda ovqatlanardik, haligi… Nimaydi?.. Jokiy degan qahvalardan damlatib ichardik.

— Jokiymas, Jokey, — deya Ulfatinisamning xatosini to’g’riladim. — Ammo qanday qilib? Tushniyam biznesga aylantirib bo’larkanmi?

— Albatta-da! — dedi xotinim qo’l siltab. — Mana, masalan, qo’shni mahalladagi Oynisani olaylik. Kecha Surmanisaning «qizopqochdi»sida yorilib qoldi. Nimaymish, boyvachcha qo’shnisi Turdimurod yangi «Jip» olibdi. Har kuni signal chalib, Oynisaning ko’ngliga g’ulg’ula solayotganmish. Oynisa: «Kimda kim o’sha Turdimurodning yangi moshinasini avariya qildirib bersa, bir dasta besh mingtalikni qo’liga tutqazardim» dedi.

— Nima qipti? — dedim Ulfatinisamning gapini kesib. — Ularning tushimga nima aloqasi bor?

— O’zingizam o’taketgan go’lsiz! — meni urishib berdi xotinim. — Siz bugun boshlig’ingizning moshinasini qo’yib turasiz. O’sha Turdimurodning «Jip»ini tushingizda ko’rasiz. Shunday qilingki, moshinasi avariya bo’lsin. Lekin qon to’kilmasin! Bizning avlodda hali hech kimning qo’li qonga bo’yalmagan.

— Unda bironta daraxtga borib urvola qolsin-a moshinasini? — dadillanib xotinimga umidvor termildim. — Shunda qon to’kilmasdi. Moshinaning old qismi pachoq bo’lardi xolos.

— Ana endi o’zingizga keldingiz! — yelkamga qoqdi Ulfatinsam. — Xuddi shunday bo’lsin!..

Ochig’i, Ulfatinisamga qarab turib bir faxrlansam, bir achindim. Sho’rlik, men bilan shuncha yashab ro’shnolik ko’rmadi. Hashamatli kafelarni, Jokey qahvasini faqat orzulab o’tdi. Kel, gapi yerda qolmasin! Mening xotinim ham bir yayrab yashasin! Bugun kechqurun tushimda Turdimurodning moshinasini albatta avariyaga uchrataman! Umuman, mendan nima ketdi?!. Ota-buvalarimiz bekorga «Taka bo’lsin, sut bersin», deyishmagan…

Yo Ali!!! Uyquga ketguncha faqat Turdimurodning moshinasini o’ylab yotib rostdanam tushimda ko’ribman. Naq chinorga borib urilibdi moshina. Ertalab soat to’qqizlarga yaqin qarasam, Ulfatinisam qo’lida bir dasta besh mingtalik bilan kirib kelyapti. Mehrim iyib ketdi. Xotinjonimni quchoqlab olgancha piq-piq yig’ladim. Keyin esa ikkalamiz yetaklashgancha shahar aylanishga ketdik…

— Biznesni rivojlantirmasak bo’lmaydi, — deb qoldi uch kundan keyin xotinim. — Pul pulni chaqirishi kerak. Faqat Oynisaning berganiga qarasak, bir haftadayoq yana pulsiz qolamiz.

— Nima qilay? — so’radim xotinimning ikki bilagidan olib. — Ayt, yolg’izim, aytaver! Men tayyorman!

— Anavi Do’lta do’konchidan ko’pchilik norozi, — dedi Ulfatinisam qovoq uyib. — Ayniqsa, Jo’raxon dugonam o’zini qo’yarga joy topolmay yuribdi. Do’konchi ko’zini lo’q qilib qaytim bermasmiщ, tarozidan urib qolarmish. Jo’raxon: «Kim shu do’konchini insofga chaqirsa, haqini to’lab qo’yardim», deyapti. Hoynahoy kattaroq pul to’lasa kerak. Topish-tutishi yaxshi-ku!

— Do’konchini men qanday insofga chaqiraman? — lab tishlab yuzimni ters burdim. — Bu ishni tushda qilib bo’larkanmi?

— Uxlashdan oldin do’konchini o’ylab yoting! Tushingizda do’konchini kattako-on devlar rosa quvlasin! Shunday qilsangiz, Do’lta akaning paytavasiga qurt tushadi. Ko’ngli bezovtalanib, insofga kirganini o’zi sezmay qoladi!

Ha, Ulfatinisam baribir hushyor. Bir baloni bilmasa gapirmaydi. Kech kirgach, to uyquga ketguncha do’konchini o’ylayverdim. Xayriyat, bu gal ham tushim uyaltirmadi. Tushimda do’konchini xuddi xotinim aytgan kattakon devlar tozza quvladi. Ko’ribsizki, bir hafta o’tib, natija ko’rindi. Do’lta do’konchi negadir hech kimni chuv tushirmay qo’yibdi. Qaytimlarni egalariga qaytara boshlabdi, tarozisi boshqa tarozilar bilan bir xil ishlaydigan bo’libdi. Jo’raxon ham Ulfatinisamni aldamadi. Bir dasta mingtalik berdi…

— Yo’q, bunaqada sira boyiy olmaymiz, — deb qoldi xotinim bir kuni. — Topganimiz yeyish-ichishdan ortmayapti. Boy deganning puli yemishdan ortib dasta-dastaligicha sandiqda turishi kerak.

Ochig’i, xotinimning bu gapidan sal jahlim chiqdi. Axir, ishni men qilsam-u, bu tovuqmiya xotin shukr qilmasa!..

— Nima qilay tag’in? — jerkish aralash unga o’dag’ayladim. — Nima qilsam, kaming to’ladi?

— Boyib ketishimizni xohlayman, — dedi bo’sh kelmay xotinim. — Faqat boyish, tamom!

— Mendan nima istaysan?

— Tushni uch yuz oltmish darajaga o’zgartirasiz.

— Qanaqasiga? Nima qilay?

— Tushingizda hojatxonaga tushib ketasiz. Mayli, tomoqqacha, e ko’milib qolsangizam roziman. Enam rahmatli shunday degan. Odam tushida hojatxonaga tushib ketsa, katta pul kelarkan.

— Q-qaerdan?

Ulfatinisam bu gal ham ko’rsatkich barmog’i bilan ko’kka ishora qildi.

— Uyoqdan!..

Birodar, mana oradan bir oy o’tdi. O’zimdan o’tganini o’zim bilyapman. Har kuni tushimda hojatxonaga tushib ketaman. Badbo’y hid dimog’imgacha o’rnashib qolganmi, nafas olsam ham o’qchib yuboradigan bo’lib qoldim. Katta boylikdan esa darak yo’q. Tush o’zgarmayapti. Dardimni kimga aytishni bilmayman…

Eh, koshki bugun bir marta bo’lsayam boshlig’imning moshinasi tushimga kirsaydi, badbo’y hidli tushdanam, keyingi vaqtlarda boylikning ketiga tushgan Ulfatinisamdanam kechib uzoq-uzoqlarga ketib qolardim.

Olimjon HAYIT

 

 

 

 

 

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *