BI-IR KULIShMAYMIZMI?..

 

 

AYoLISTON

(Hajviya)

 

Yaqinda bir shaharda tub burilish bo’lib, ayollar erkaklarni ag’darishdi. Hokimiyat butkul ular qo’liga o’tdi-yu, davlat bayrog’i tushirildi, oqqa bo’yaldi, atir sepildi va qaytadan joyiga o’rnatilgach, radio orqali e’lon qilindi:

— Bugundan e’tiboran, bu yerni shahar emas, Ayoliston mamlakati deb atalsin!

Ammo birinchi kechadayoq qaysidir bebosh erkak mamlakat bayrog’ini yulib tashlab o’rniga boshqasini o’rnatsa bo’ladimi… «Babadur respublikasi». Bunday haqoratga chiday olmagan ayollar darhol s’yezd chaqirishdi hamda qat’iy qaror qabul qilishdi:

— Har bir erkak xotinining boqimandasi. Rozi bo’lmaganlar Ayolistondan chiqib ketsin!

Erkaklar hayron.

— Ciz ayollar haddingizdan oshayapsizmi nima balo?.. Lab bo’yog’i yeganmisiz yo upa eltib qoldimi?.. Qanaqasiga biz boqimanda bo’lishimiz kerak?..

— Sen tilingni tiy! — o’shqirib berdi bir ayol eriga, — Boqimanda bo’lmay nimasan? Birinchi uchrashuvimiz esingdami? He yo’q, be yo’q quchoqlab olgansan… Ana endi teginib bo’psan! Kechasi o’rtamizga ovcharka itni qo’riqchi qilib qo’ydiraman.

— Hali shunaqami? Balki o’rtaga Mudofaa ishlari vaziriniyam qo’yarsan-a?.. Nahotki xotinligingni unutib qo’ygan bo’lsang?..

Shu payt hamma erkaklar baravariga baqirishdi:

— Biz Ayolistondan hech qaerga ketmaymiz! Ota-buvalarimiz ko’milgan shu yerga… Hali qarab turinglar, biz bu shaharni baribir erkaklar mamlakati deb e’lon qilamiz.

Ayollar bunga javoban kipriklarini pirpiratishdi:

— Mayli, mayli… Kelinglar, kelinglar!.. Biz sizlarning mamlakatingizga yaxshigina nom ham topib qo’ydik: «Mujerogatinsk».

— Og’aynilar, — xafa bo’lib bir-birlariga shipshita ketishdi erkaklar, — qaranglar, xotin bo’la turib ustimizdan kulishadi-ya!.. Yo’q, bu Ayolistonmas, haqiqiy Manjalaqiston…

Xullas, erkaklar qasdma-qasdiga ish tuta boshlashdi. To’ppa-to’g’ri pivoxonaning tepasiga yirik harflar bilan: — «Begona tilli mustaqil Alkashandiya» deb yozib qo’yishdi. Shu kundan boshlab ayol zotiga qarashni bas qilishdi. O’zlari ovqat pishirib, o’zlari kir yuvishdi. Ayollar esa, erkinlikka chiqqanlariga xursand.

— Eh, shu ayol zotidan nega ertaroq qutula qolmaganmiz-a!? — chapak chalib quvonishardi erkaklar, — Birov nega pivo ichasan demaydi. Istagan paytda uyga qaytasan…

Uyoqda ayollar ham bosh chayqash bilan ovora:

— Voy dugonajonlar, anavi yaramaslar «Erkakning qalbiga oshqozoni orqali o’tiladi», deyishsa, chippa-chin ishonib qozon tepasidan nari ketmabmiz… Essiz umrimiz!..

Oradan hech qancha vaqt o’tmay, ikki o’rtada arz-dodlar boshlandi:

— Hoy erkaklar, — deyishdi ayollar, — qani, sizga bola tug’ib berganimiz uchun nafaqa to’lab qo’yinglar-chi!..

— Bekorni beshtasini aytibsiz. Bolalar bizning mahsulot.

— Biz esa, ularni dunyoga keltirganmiz.

Janjal kuchaygandan-kuchaya bordi. Xotin vannaxonaga kirib badaniga sovun surgan zahoti er yerto’laga tushib suvni bekitib qo’ydi. Endi avtobusga chiqaman deganda, haydovchi eshikni yopib jo’nab qolaverdi. Afsuski, ma’lum vaqt o’tgach, erkaklar charchadi. Ovqat qilish jonlariga tegib kir yuvgan qo’llari qavarib chiqdi. Shunga yarasha ayollar ham ja yayrab qolganlari yo’q. Nimayam qilishsin. Tabiat qonuniga qarshi borib bo’lmas ekan. Ayniqsa, ayollarga bir narsa alam qilardi. O’zlari o’tin yorishadi, eshik buzilsa, tuzatishadi. Mix qoqish, quduqdan suv tashish, eng yomoni, do’kondan yarimta aroq opkelib o’zing ichasan-da, yana o’zingga-o’zing baqirasan:

— Harom o’lgur, tag’in ichib keldingmi?.. — Alam qiladi-da!

Narigi tomonda erkaklar g’imirlay boshlashdi:

— Lyusya, buyuk mustaqilligingni bir erkalay-y!..

— Katya, erkin tilchalaringga yuragim g’idi-g’idi!..

— Dasha, men sening 66- razmerli keng demokratiyangni juda sevaman!..

Ishqilib, ikki tomon bir-biriga zor bo’ldi. Kimningdir aytishicha, ayol kishi bor-yo’g’i chap qovurg’a, zo’rlik qilaversa, sinib ketarmish. Qolaversa, erkakkayam oson emas. Qachongacha azob chekadi, begona ayolning yo’lini poylaydi?.. Xullas, o’sha kuni xotin olib, xotin qo’ygan, bilib-bilmay «yurib» qo’ygan, birovning zavjasiga ko’z olaytirgan, kechasi xotiniga ters o’girilib yotadiganlarning barchasi tilini tishladi-yu, chap qovurg’asining marhamati ila yana bajonidil ola xurjunni bo’yinga tashladi.

Leonid FRANSUZOV

Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi