Qaerdadir, qachonlardir baxtli oila yashagan ekan…
Ota — Nikolay Sergeevich. Ona — Nina Petrovna. — Bobo — Pyotr Ivanovich. — Buvi — Aleksandra Fyodorovna. Va bir qiz, bir o’g’il — Mishutka va Dashutka…
Bu oila shu qadar omadli ediki, hamma ularga hasad qilardi. Qarindoshlar, qo’shnilar, tanishlar hasad qilishardi. Qandaydir begona odamlarga shu oila haqida gapirishsa, ular ham hasad qila boshlashardi.
To’g’ri-da, qanday hasad qilishmasin?..
Bobo bo’lmish Pyotr Ivanovich urush nogironi. Varshava ostonasida oyog’idan ayrilib qaytgan. Shuning uchun unga navbati bilan goh botinka, goh tikuv mashinasini tekinga berishadi. Buvi Aleksandra Fyodorovna ham birinchi guruh nogironi. Har haftada oziq-ovqat tashlab ketishadi. E, mayonez deysizmi, sariyog’ deysizmi, hamma narsa berishadi unga.
Oila otasi Nikolay Sergeevich esa, tubdispanserda ro’yxatda turadi. Har yili bir oyga sanatoriyga qatnaydi. Toza havo, tekin ovqatlar, muolaja…
Ona Nina Petrovna ham omadli. U gaz ishlab chiqariladigan qandaydir korxonada ishlaydi. Har kuni bir litrdan serqaymoq sut berishadi. Istasa o’zi ichsin, istamasa, kartoshkagami, yo shunga o’xshash narsaga almashtirib yuborsin…
Mishutka tug’ilgandanoq Dauna degan kasal bilan og’riydi. U maxsus internatda yashaydi. Yegani oldida, yemagani ketida. Faqat dam olish kunlarigina uyga olib ketishadi.
Dashutka ham hali juda kichkina bo’lishiga qaramay, qand kasalini orttirib olgan. O’zingizga ma’lum, kimning qand kasali bo’lsa, o’sha odamga haftasiga ikki kilodan grechka berishadi…
Qarang, shunday omadli oilaga hasad qilmay bo’larkanmi?.. Nima ham derdik? Omadli odamlar ham ko’p-da dunyoda!..
GRIGORIY PRUSLIN
Rus tilidan Hormasboy TOLMASBOYEV tarjimasi