“BABANGIDA…” (hajviya)

 

Bekorchilikdan zerikkan Xurram tanishlariga qo’ng’iroq qilib, biridan Maman bankirning iti Vilgelm nima yeb o’lganini, ikkinchisidan xorijiy valyutalarning so’mga nisbatan bugungi qiymatini, uchinchisidan Pirxon tergovchining qaynanasi qaysi jinnixonada yotganini ezmalarcha surishtirib chiqqach, sigaret qoldig’ini kuldonga do’nqaytirib bosdi-da, divandan lohasgina turdi. Yalqovlanib kerisharkan, shallaqilarcha yangragan qahqahadan sergak tortib, asta ortga o’grildi.

Televizorda ko’rsatilayotgan «Senimi, shoshmay tur» multfilmida bo’ri quyonni tinimsiz quvalar, kresloning suyanchig’iga qo’nib olgan to’tiqush esa, ekrandan ko’z uzmay, qanotlarini pirpiratib-pirpiratib kulishda davom etardi.

Xurram o’ziga boshqa ermak topish ilinjida endi to’tiqushga yopishdi:

– Babangida! Bu yoqqa kel! Husht!

To’tiqush goh Xurramga, goh televizorga jalanglab, joyida qo’nqayib turaverdi. Xurram do’q urgan ohangda qayta chorlaganidan keyingina, hafsalasizlik bilan uchib kelib, uning yelkasiga qo’ndi.

– Televizorga mukkangdan ketma! – to’tiqushga dashnom berdi u. – Boshni kerakli narsaga ishlat.

Xurram «Dunyo atlasi» degan kitobni olib, javonchaning ustiga qo’ydi. Uning o’rta varag’ini ochdi va xaritaga barmoq tirab so’radi:

– Xo’sh, bu qaysi yurt?

– Tur-r-kiya… Tur-r-kiya, – yelkada turib javob qildi to’tiqush.

– Balli, Babangida! Bunisi-chi?

– Avstr-r-raliya! Chakalakzor-r! Vax-xax-xa, vax-xax-xa…

– Tug’ilgan yurtingni ko’rib suyunib ketding-ku, olako’z. Lekin, men senga aytsam, vatan-patan deganlari umumiy bir gap. Tirikchiliging qaerda o’tsa, ana o’sha haqiqiy vatan…

To’tiqushning g’arg’arador kulgisi taraldi deguncha, tanasida tutqanoq kasalligiga moyillik sezadigan bo’lib qolgan Maynaxon qo’lida pichog’i bilan oshxonadan chiqib keldi. To’tiqush uni ko’riboq, pir-r etib borib, deraza tokchasiga qo’nib oldi.

– Bo’ldi-da, dadasi. Shu to’tiqushniyam jinni qip qo’ymang endi.

– Jinni qilayotganim yo’q, ilm o’rgatyapman bunga, – o’zini oqlagan bo’ldi Xurram. So’ng eshik qo’ng’irog’ining jiringlashi joniga ora kirib, xotinini tezda o’sha yoqqa badarg’a qildi. – Bor, eshikni och!

Maynaxon eshikni ochishga borganicha, Xurram kutganidek, oshxona tomonda qorasi o’chib qolib ketdi. Xonaga kuydirilgan kalladek tirjayib Odamhoji kirib keldi.

– Assalomalaykum, Xurram Tovog’ivich!

Xurram noxushgina qo’l cho’zayotib «Nechchi marta aytaman senga? Odmigina qilib Xurram aka deyavermaysanmi», deb zardalandi.

Stolga o’tirib, yuzlariga fotiha tortishlari bilanoq, Odamhoji: «Bir xizmat chiqib qoldi, xo’jayin», deya gap boshlagan ediki, Xurram peshanasini tirishtirib, uning og’zini chapladi:

– E-e, oldin nafasingni rostla, Amerikalikka o’xshab darrov ishdan gapirmagin.

Deraza tokchasidagi to’tiqush shu zahoti gapni ilib ketdi:

– Amer-r-rika… dollar-r… dollar-r…

– Ie! To’tiqushingiz zo’r-ku, Xurram aka, – qushga zavqlanib tikildi Odamhoji. – To’g’ri topding, to’tiqush. Dollar bu Amerikaning puli.

To’tiqush uchib kelib, Odamhojining yonidagi bo’sh stulga qo’ndi, unga qiyalab razm soldi.

– Mar-r-ka… mar-r-ka… Ger-r-maniya.

– Yopiray! Bunisiniyam to’g’ri topdi-ku! – yoqa ushladi Odamhoji.

– R-rubl… r– rubl…

Odamhoji ho’plangan choyini shoshilinch yutib, to’tiqushni tilidan ilintirishga oshiqdi:

– Xo’sh, rubl qaysi yurtning puli?

– R-rossiya… R-rossiya, – hozirjavoblik bilan arilladi to’tiqush va ko’ksiga qanot bosib, ko’zlarini suzdi.– Mar-r-riya… Mar-r-rusiya… Vax-xax-xa, vax-xax-xa…

Xurram to’tiqushga qo’shilib, sharaqlab kuldi-da, uni barmog’ida o’dag’aylab iljaydi:

– He, suyuq! Senda ish ko’p.

– Baloni o’zi-ku bu qush, – tan berib hiringladi Odamhoji. – Qoyilman.

– Nima deb o’ylovding? Bunga shaxsan o’zim ilm o’rgatyapman.

Picha u yoq-bu yoqdan gaplashib o’tirishgach, Xurram: «Xo’sh, xizmat, Odamhoji?» – deya nihoyat mehmonning dardini surishtirdi.

– Avvalo, bezovta qilganim uchun uzr, – deya sipo gap boshladi Odamhoji. – Sizni dam olish kuni uydan ushlamasak, boshqa vaqtda pand berib ketyapsiz.

– O’sha kuni senikiga boraman deb turganimda, bosh bug’oltirimiz tug’ilgan kunini nishonlab qoldi. Restorandan ertaroq jilay desam, davra soviydi deb hech qo’yvorishmadi. Keyin sekretarim Marjonaxon raqsga tortib, kayfchilikda o’ynayveribman, o’ynayveribman…

Xurramning og’ziga tikilib turgan to’tiqush yana gurungga suqildi:

– R-restoran… R-restoran… Mar-r-jona…

– Kallasi zo’r buni! – to’tiqushini maqtab kerildi Xurram. – Ko’rdingmi, shu gapniyam tezda ilvoldi. Xi-xi-xi…

Odamhoji ham to’tiqushning sha’niga oldi-qochdi tahsinlar aytgan bo’ldi-yu, yana pismayib maqsadga ko’chdi. Yaqin mijozlaridan hujjatsiz xorijiy molni arzonroqqa olib, omborning bir chetiga bosib qo’ygan ekan. Tekshiruvchilar kelib, tappa bosishibdi.

– Hamma joyda tanishlaringiz bor, – mo’ltirab yalindi Odamhoji. – Shu ishga aralashmasangiz bo’lmaydi, aka.

– Hujjatsiz molni omborda saqlab bo’larkanmi, kallavaram, – tanbeh berdi Xurram. – Hujjatsiz mol nima deyilishini bilasanmi?

To’tiqush gerdayib, darhol bilimini pesh qildi:

– Kontr-r-rabanda! Inter-r-pol!

– Ie! – bir seskanib tushdi Odamhoji. – Bu qushmi, yo ayg’oqchimi?

Xurram: «Yurakni urdirib qo’yibsan-ku, bola. Bu, shunchaki, televizordan o’rgangan bo’lsa kerak», deya yelka uchirib kuldi. So’ng jiddiylashib, tekshiruvchilarning kimligini so’radi. Odamhoji tekshiruvchilarning ismi va ish joylari yozilgan qog’ozni uzatgach, unga apil-tapil ko’z tashlab, dimog’lanib dedi:

– Bo’pti. Chorasini topamiz.

Odamhojining chehrasida chiroq yonib, Xurramning boshidan tashakkur yog’dira ketdi. Xurram esa quruq rahmatlar bilan qoniqadigan yoshdan allaqachon o’tib bo’lgan edi. Paytdan foydalanib, endi o’zining ishini bitirishga chog’landi:

– Haligi, kichik korxonasi bor bojangga aytib qo’y. Kelib, o’rinbosarimga uchrashsin. Zavodimizdagi ba’zi uskunalarni hisobdan chiqarib, arzonroqqa bervoradi. Bojang bilan keyin hisoblasharmiz.

– Bir og’iz gapingiz, aka.

Dam Xurramga, dam Odamhojiga alanglab, suhbatni zog’lanib tinglayotgan to’tiqush birdan qanotida boshini changallab qichqirdi:

– Kor-r-rutsiya! Kor-r-rupsiya!

Buni eshitib, Xurramning ko’zlari olaydi:

– Hey, nimalar deyapsan? O’chir!

– Aytdim-ku, Xurram aka, – kuyinib ching’illadi Odamhoji. – Bu qushdan yaxshilik chiqmaydi.

To’tiqush Xurramga ko’z o’ynatib, qanotini osmonga bigizladi:

– Kor-r-rupsiya! Tur-r-ma! Karamsho’r-r-va!

– Og’zingni yum, ablah! – bo’kirdi Xurram. – Turma nimaligini ko’rsatib qo’yaman senga! Hozir o’zingni qafasga tiqaman! Ushla uni, Odamhoji!

Ikkalasi stullarni ag’dar-to’ntar qilib, to’tiqushni quvlay ketishdi. To’tiqush o’zini u burchakdan-bu burchakka urib, to’xtovsiz ayyuhannos sola boshladi:

– Yor-r-da-a-m! Yor-r-da-a-m!

Qo’lida kapgiri bilan xonaga halpillab kirib kelgan Maynaxon ahvolni ko’rib, bir muddat dong qotib turdi. So’ng bir erining, bir Odamhojining oldini to’sib, ularni shashtidan tushirishga urindi:

– Hoy, nima bo’ldi kap-katta odamlarga? To’xtanglar! To’xtanglar deyman! Ba-a-s!!!

Oxirgi qichqiriq yangradi-yu, Xurram bilan Odamhoji generalning ovozini eshitgan askardek taqqa g’o’dayib to’xtashdi. Patlari to’zib ketgan to’tiqush uchib kelib, Maynaxonning yelkasidan panoh topdi va ikkala ta’qibchiga galma-gal baqrayib boqdi.

– Ha, dadasi? Nima gap?

– Ko’rmaysanmi bu marazni. Tuzimni ichib, tuzlig’imga tupuryapti.

O’z navbatida to’tiqush ham bo’sh kelmadi. Qanotini og’ziga tirab, Maynaxonning qulog’iga arilladi:

– Mar-r-jona… Sekretar-r…

Maynaxon to’tiqushni avaylab qo’liga oldi, ko’zlariga sinchkovlanib tikildi:

– Nima deding? Qaytarib gapir-chi, Babangida.

To’tiqush bu safar batafsilroq qilib uqtirishga tirishdi:

– Xur-r-ram… Mar-r-jona… r-restoran… r-raqs… r-raqs…

– Voy, ig’vogar-ey! – g’azabi qaynab tipirchiladi Xurram. – Endi gapni boshqa yoqdan kavlashini qaranglar!

Odamhoji ham to’tiqushga tish g’ijirlatdi:

– He, xaromgo’sht! Chet ellik sotqin!

Maynaxonning yuzi gezarib, eriga chimrildi:

– Ha-a, gap bu yoqdamidi? Tunov kuni o’tirishda bo’l-dik deb, restoranda Marjonaxon bilan raqs tushganakanlar-da?

– Bosh bug’oltirimiz tug’ilgan kunini o’tkazuvdi. Restoranga hamma borgan.

– O’sha kuni turishingiz boshqachaligini sezuvdim-a! Xotinjon, senga bitta zo’-o’-r sovg’a mo’ljallab qo’ydim, deb qiyshanglashingizda gap borakan-da, a?

Xurram masovsirab po’ng’illadi:

– Qo’rqma, ertagayoq opkelaman o’sha sovg’ani.

– Rahmat!– terslanib, biqiniga qo’l tiradi Maynaxon.– Sovg’ani olib bo’ldik. O’zlariga qaytarishimiz qoldi, xolos. Xo’sh, ko’ngillari qanaqa sovg’a kusayapti?

Xurramning ko’zlari pildirab, paysallanganicha turib, qoldi. Uning o’rniga to’tiqush javob qildi:

– Tar-r-saki! Tar-r-saki! Vax-xax-xa, vax-xax-xa…

Maynaxon nafratomuz lab jimirib qo’yib, oshxonaga kirib ketayotganida ham yelkasidagi to’tiqush qah-qah urishdan tiyilmadi.

Ammo, kar-karaxt tusga kirgan Xurramning qulog’iga endi bu qahqahalar chalinmas, uning miyasida rahmatli Masirqori aytgan bir gap qayta-qayta jaranglayotgan edi: «Ahmoq bilan shallaqini ilmga aralashtirish yaxshilikka olib bormaydi».

Anvar OBIDJON