KUN KULGISI…

 

 

* * *

 

Ota o’g’lidan so’radi:

— Zoologiyadan a’lo baho olibsanmi?

— Ha.

— Qaysi savolga javob berding?

— Ustozim tuyaqushning oyog’i nechtaligini so’radi.

— Nima deb javob berding?

— Tuyaqushning oyog’i uchta dedim.

— To’xta, tuyaqushning oyog’i ikkita-ku!

— Hamma gap shunda-da! Boshqalar tuyaqushning oyog’i to’rtta deb javob berishdi.

 

* * *

 

To’rt yashar bola onasiga dedi:

— Bugun bog’chamizda bizni do’xtir tekshirdi.

— Nimani tekshirdi?

— Nafas olayotgan-olmayotganimizni tekshirdi.

 

* * *

 

— Allo! Bu jonivorlarni himoya qilish jamiyatimi?

— Ha.

— Tez xodimingizni biznikiga jo’nating!

— Nega?

— Pochtachi daraxtga chiqib olib itimni haqorat qilyapti.

 

* * *

 

Militsiya bo’limiga rangi oqarib ketgan erkak kelib dedi:

— Yordam bering! Uyimga o’g’ri tushdi! Iskovich it jo’natinglar!

— Uzr, buning iloji yo’q.

— Nega?

— Iskovich itlarimiz militsiya bo’limidagi bufetdan kolbasa o’g’irlagani sababli qamoqqa olingan.

 

* * *

 

Olti yashar bolakay bobosiga dedi:

— Bugun kechasi mushugimizning tug’ilgan kuni bo’ldi.

— Ie, bu gapni qaerdan olding? ‘

— Ha-a, shunday bo’ldi. Yarim kechasi hovliga ko’-o’p mushuklar to’planib rosa ashula aytdi.

 

* * *

 

Olti yashar bolakay sigir sug’orayotgan odamni kuzatib turdi-da, o’zicha mulohaza qildi:

— Ha-a, sigir sutiga suvni shunday yo’l bilan aralashtirishar ekan-da!

 

* * *

 

Bir bola do’stiga dedi:

— Bilasanmi, itimiz o’lgudek qo’rqoq. Eshik taqilladi deguncha karavot ostiga berkinib olaveradi.

— Senga nima? Qo’yaver, berkinsa berkinar!

— Ie, karavot ostiga ikkalamiz sig’maymiz-da!

 

* * *

 

— Azizim, 8 martda menga nima sovg’a qilasiz?

— Hech narsa sovg’a qilmasam-chi?

— Unda 14 yanvarda siz ham hech qanday sovg’a olmaysiz!

— Rostdanmi? Kelishdik!

 

* * *

 

Er xotiniga dedi:

— Senga kostyumimni dazmollab qo’y degandim-ku!

— Dazmollaganman.

— Bekorlarni aytibsan! O’ng cho’ntagida bitta yuz dollarlik pul bor edi, haliyam turibdi.

 

* * *

 

Qushlar ko’rgazmasida uchta to’tiqush sotuvga qo’yilgan. Birining narxi yuz ming, ikkinchisiniki besh yuz ming, uchinchisiniki esa bir million so’m. Xaridorlardan biri so’radi:

— Nega manavi to’tining narxi yuz ming so’m?

— U ikkita tilda bemalol gapiradi.

— Besh yuz ming so’mligi-chi?

— U uchta tilda gapiradi.

— Xo’p, u holda anavi to’tining narxi nega bir million so’m? U qanday karomat ko’rsatadi?

— Hech qanday karomat ko’rsatmaydi. Bu to’ti anavi ikkalasining boshlig’i.