* * *

Afandini aldab cho’tir, puchuq qizni olib berishdi. Yuz ko’rishar kuni xotini Afandidan so’radi:

— Qarindoshlaringiz ko’p ekan. Qay biriga ko’rinay-u, qay biridan qochay?

— Hammasiga ko’rinaver, faqat mendan qochsang bas!

* * *

Afandi uylandi. Nikoh kechasi hovlida azbaroyi odam ko’pligidan u bir chekkada qolib ketdi. Hatto, osh ham tegmadi. Xafa bo’ldi-yu, ko’chaga chiqib ketdi. Bir payt chimildiqqa kelinni olib kirishsa, Afandi yo’q. Yugurib ko’chaga chiqishdi. Afandi bir chetda xo’mrayib o’tirardi.

— Hoy, Afandi, — deyishdi unga. — Bu yerda nima qilib o’tiribsiz? Chimildiqqa kirmaysizmi?

— Chimildiqqa osh yeganlar kirsin!..

* * *

Afandining uyiga kechasi o’g’ri tushdi. Qidira-qidira hech narsa topolmagach, Afandi yotgan yerida ko’rpadan boshini chiqardi-da, dedi:

— E, nodon, o’zim kunduzi uyimdan hech vaqo topolmayman-u, sen kechasi nima qilasan ovora bo’lib?

* * *

Afandi bekorchilikdan zerikib uy yumushlariga aralashavergach, xotini achchiqlanib dedi:

— Siz ham erkakka o’xshab ko’chaga chiqsangiz, uyga kamroq keladigan bo’lsangiz-chi!.

Afandi shu zahoti kiyimlarini almashtirib ko’chaga chiqib ketdi-yu, to’rt kun uyiga kelmadi. Beshinchi kuni bir oshnasini uchratib dedi:

— Oshna, xotinimdan so’ra-chi, men nihoyat erkakka o’xshadimmikan, yo yana to’rt-besh kun ko’chada yurib turaymikan?

* * *

Afandining yaktagini xotini yuvib dorga ilib qo’ygandi. Afandi kechasi uyg’onib ketib hovliga chiqdi-yu, dordagi yaktakni o’g’ri gumon qilib kamondan o’q uzdi va qaytadan ichkariga kirib ketdi. Ertalab turib qarasa, o’zining yaktagiga o’q uzgan ekan. Chuqur xo’rsinib dedi:

— Xayriyat, yaktakning ichida o’zim yo’q ekanman!

* * *

Bir kuni kechasi Afandining uyiga o’g’rilar kirib hech narsa topa olishmadi. Bo’shashgancha chiqib ketishayotgandi, Afandi ularning ortidan qichqirdi:

— Indamay chiqib ketaverasizlarmi? Biror narsa tashlab ketsalaring-chi!

* * *

Afandini eshagi o’ynoqlayverib yiqitib yubordi. Jahli chiqqan Afnadi uyga kelib xotiniga tayinladi:

— Bu harom o’lgurni yem-xashakdan tortib qo’y! Kun oralatib ber!

Xotini Afandi aytganidek, eshakka kun oralatib ovqat bera boshladi. Qarashsa, eshakning hangrashgayam madori qolmabdi. Afandi unga rahmi kelib xotiniga shivirladi:

— Mayli, avvalgidek ovqat beraver! Faqat gapimni uning o’zi eshitib qolmasin!

* * *

Afandiga xabar berishdi:

— O’g’lingiz falonchining to’yida ko’p ovqat yeb qo’yib bo’kib qolibdi. Olamdan o’tgan bo’lsa ham ehtimol.

Afandi:

— Mening o’g’lim ovqatdan o’lmaydi. U otasiga tortgan. Mabodo o’lgan bo’lsa, janozasiga bormayman.

* * *

Afandi kasal xotinining tepasida o’tirib Xudoga nola qila boshladi:

— Ey, Xudo, suyganimga buncha azob bermasang? Undan ko’ra mening jonimni olib qo’ya qolsang bo’lmaydimi? Yubor o’sha Azrolilingni! Ortiq chiday olmayman!

Shu payt eshik ochilib boshiga kajava kiyib olgan ho’kiz kirib keldi. Afandi shoshib o’rnidan turdi-da, dedi:

— Taqsir… Azroil hazratlari, kasal kim, sog’ kim, o’zlari ko’rib turibdilar!

* * *

Afandi ochiqib uyga keldi-da, xotiniga buyurdi:

— Suzma bilan non olib kel!

— Suzma kecha tamom bo’lgandi.

— Bo’pti. Suzma o’zi tish bilan qorinning kushandasi.

— Voy, qaysi gapingizga ishonay endi?

— Bo’lsa, avvalgisiga, bo’lmasa, keyingisiga-da!