Koronavirus vaksinalaridan birini ishlab chiquvchilardan bo‘lgan turkiyalik shifokorlar odamlarda klinik sinovlarni o‘tkazish uchun ruxsat oldi. Bu haqda 9-avgust kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ma’lum qildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Turkiya tomonidan yaratilgan vaksina odamlarda klinik sinovdan o‘tkazilishi ma’lum qilindi

Foto: EPA

“Turkiya AQSh va Xitoy bilan bir qatorda, koronavirusga qarshi o‘z vaksinasini ishlab chiqayotgan uch mamlakatdan biridir. Bizning ikkita vaksinamiz hayvonlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi, ulardan biri odamlarda klinik tadqiqotlar o‘tkazish ruxsatiga ega bo‘ldi”, — deya uning so‘zlarini keltirmoqda Anadolu agentligi.

29-iyul kuni Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Fahriddin Xo‘ja Turkiya koronavirusga qarshi vaksina yaratish masalasida Rossiya va Xitoy bilan aloqada ekanligini ma’lum qilgandi.

Ayni paytda dunyo bo‘ylab bir necha vaksinalar hozirda yakuniy sinov jarayonida. Xususan, AQShda Moderna kompaniyasi ishlab chiqargan vaksina 30 ming kishida yakuniy sinovdan o‘tkazilmoqda. Qozog‘istonda esa 1-avgust kuni COVID-19’ga qarshi birinchi emlash o‘tkazilgan. Rossiyada COVID-19’ga qarshi vaksinaning klinik sinovlari yakunlangan, ommaviy emlash oktabr oyida boshlanishi rejalashtirilmoqda. Mamlakatda 2021-yildan boshlab har oyda koronavirusga qarshi millionlab doza vaksina ishlab chiqarilishi ma’lum qilingan.

Avvalroq JSSTning sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyatlar bo‘yicha dasturi direktori Maykl Rayan tadqiqotchilar koronavirusga qarshi vaksinalar yaratishda salmoqli natijalarga erishgani, biroq ular 2021-yildan ertaroq qo‘llanilmasligini aytgandi, tashkilot rahbari Tedros Gebreyesus esa koronavirusga qarshi yaratilayotgan amalda vaksinalar omadsizlik bilan yakun topishi mumkinligini bildirgan.