Bugungi kunda siyosiy sahnaga taktik va strategik jihatdan mukammal tayyorgarlikka, dushman hujumiga arzirli zarba yo’llash imkoniga ega davlatlargina chiqa olishadi. Shu maqsadda dunyoning har bir davlatida o’z razvedka tashkiloti mavjud. Bu razvedka rezidenturasi deb atalib, maxfiy tashkilot rahbari lavozimiga, ya’ni, rezidentligiga harbiy unvonga ega, har taraflama sinovlardan o’tgan shaxsgina tayinlanadi. Uning qo’l ostida oddiy razvedkachilar faoliyat yuritadi. Rezidentura qaysi davlatda bo’lmasin, o’ta maxfiy tarzda ishlaydi. Uning mavjudligini o’zi joylashgan davlat vakillari ham bilmaydi. Razvedka o’z davlatiga tanlangan mamlakatning harbiy sohada amalga oshirayotgan va oshirishi lozim bo’lgan yangi harakatlar, yuqori texnologiya va shu kabi muhim sirlarni aniqlab, elektron ko’rinishda, kodlangan holda yuborib turadi.
2012 yili Angliya Rossiyada razvedka tashkiloti mavjudligini rasman tan olgandi. Rossiya haqidagi maxfiy ma’lumotlarga ega bo’lish uchun Angliya josuslari oddiy tosh shaklidagi elektron uskunalardan unumli foydalanishgan. Qarangki, ular olti yil bemalol Rossiya ichkarisida harakatlanishgan, yashashgan va o’z niyatlarini amalga oshirishgan. Oradan olti yil o’tgachgina Rossiya maxsus xizmati vakillari ushbu tashkilot sirini ochishga muvaffaq bo’lishdi. Mabodo aniqlashmasa, bu sirni oshkor etishmasa, inglizlar bir kun kelib Rossiyani bo’lak-bo’laklarga bo’lib tashlashi ham hech gap emasdi.
O’z davrida Angliya razvedkasi sobiq sovetlar razvedkasi bilan yaqin hamkorlikda ishlagan, shu bilan birga bir-biriga qarshi harakatlarni sodir etgan. Agar Ikkinchi jahon urushini misol qilib oladigan bo’lsak, Angliya razvedkasi sobiq sovetlar bilan haqiqatan gitlerchi fashistlarga qarshi bir tan, bir jon bo’lgan. Lekin boshqa bir burchakda sobiq sovetlar mamlakatini tag-tugi bilan qo’porib tashlash niyatida bu davlat haqidagi maxfiy ma’lumotlarni ham yig’ishdan tiyilmagan. Bu ishni SSSR ning har bir respublikasiga tarqatib yuborilgan ingliz josuslari amalga oshirgan.
Davlatchilikda har bir davlat uchun tashqi razvedka suv va havodek zarur. Bu tashkilot harbiylashtirilgan davlat tashkiloti hisoblanib, qurolning har qanday turidan o’z maqsadlari yo’lida foydalanish, maqsadga erishish uchun kurashning istalgan turlarini qo’llash huquqiga ega. Tashqi razvedkani shu mamlakat prezidenti boshqaradi. Tashqi razvedkaning eng asosiy vazifasi o’z davlatini, yurtdoshlarini tashqi xavfdan himoya etish va ekstremizmga qarshi shafqatsiz kurash olib borishdan iborat. O’tgan asrning 80- yillarida dunyoning ko’plab davlatlari terror xavfi tobora ortib borishini hisobga olib tashqi razvedka tashkilotlari zimmasiga terrorga qarshi kurash vazifasini ham yuklashdi. Tashkilot shu maqsadlarda qo’shimcha texnika vositalari, xizmatchi mutaxassislar bilan boyitildi.
Rossiyada ham bunday tashkilot tashqi razvedka xizmati deb ataladi. Tashkilot 1992 yili sobiq prezident Boris Yelsinning №1185- farmoniga asosan tuzilgan. 2016 yil oktyabr oyidan Rossiya tashqi razvedka tashkilotiga Rossiya armiyasi zahiradagi ofitseri S. Ye. Narыshkin yetakchilik qiladi.
Shubhasiz, bu davlat bugun ham tashqi razvedka ma’lumotlariga tayangan holda dunyo siyosiy sahnasida ish olib boradi. Bir so’z bilan aytganda, tashqi razvedka tashkiloti Rossiyaning ko’zi va qulog’i sanaladi.
U o’z ichiga bir nechta alohida tashkilotlarni mujassam etgan. Har bir tashkilot mustaqil ravishda o’zga davlatlarda josuslik harakatlarini amalga oshiradi. Hozirgi tashqi razvedkaning oldingilaridan yagona farqi shundaki, bugungi kunda josuslarga yuqori va so’nggi texnologiyalarga asoslangan fazoviy texnika vositalari yaqindan yordam beradi. Ayniqsa, bu ishda Internet tizimining nafi cheksizdir.
Xullas, tashqi razvedka yetkazgan maxfiy ma’lumotlarga asosan shu davlat rahbari turli mavzu va maqsadlarga yo’naltirilgan qarorlarni tasdiqlaydi. Muhim farmonlarga imzo chekadi.
tainy. net
Olimjon HAYIT tayyorladi